Nazorat savol va topshiriqlar:
Ta’lim menejmenti funksiyalarining asosiy vazifalarini aytib bering?
Ta’limni boshqarish tamoyillari deganda nimani tushunasiz?
Menejment qanday vazifani bajaradi?
Ta’lim boshqaruvining qanday bosqichlarini bilasiz?
Boshqaruvning qanday tizimli uslublari bilasiz?
Bilimdonlik tushunchasini izohlab bering.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Qurbonov Sh., Sayitxalilov E. Ta’lim sifatini boshqarish. –T.: Turon-Iqbol, 2006. – 592 b.
Djuraev R.X., Turg‘unov S.T. Ta’lim menejmenti. –T.: Voris-nashriyot¸ 2006. -259 b.
Djuraev R.X., Turg‘unov S.T. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini boshqarishda menejmentning asosiy tushunchalari. –T.: Fan¸ 2006.
Valijonov R. va boshq. Menejment asoslari. –T.: Sharq, 2002.
Peregudov L.V., Saidov M.X. Menejment i ekonomika vыsshego obrazovaniya. Tashkent, Moliya, 2001.
3-MAVZU: BOSHQARUV HAQIDAGI FANNING RIVOJLANISHI VA TARAQQIY ETISHI
Mavzu rejasi:
1.Ta’lim sifatini boshqarish davlat tizimi.
2.Ta’limni standartlashtirish-yuqori ta’lim sifatini ta’minlash kafolati va sharti.
3.Davlat ta’lim standartlari ta’lim sifatini boshqarishning me’yoriy asosi.
Tayanch tushunchalar: boshqaruv, jamoa ta’siri, motivatsiyalash, rag‘batlantirish, mansublik, tamoyil, samarali, amalga oshirish.
Ta’lim sifatini boshqarishga ilmiy yondashuvlarni ishlab chiqish xorijda XX asrning 20-yillarida, mamlakatimizda esa 50-yillarida boshlangan edi. Bizda bu ish uzoq vaqt mobaynida jahonda amalga oshirilayotgan ishlardan ajralgan holda olib borildi. Agar chet elda ta’lim sifatini boshqarish samaradorligini oshirish usullarini izlash ishlari avval boshdanoq ijtimoiy boshqaruvning umumiy nazariyasi yutuqlari asosida amalga oshirilgan bo‘lsa, mamlakatimizda asosan pedagogika nazariyasi qoidalariga tayangan edi. Ammo 80-yillarning o‘rtalaridan boshlab bu uzilish jadallik bilan bartaraf etila boshladi. Aytish mumkinki, boshqaruv fani boshqaruv vazifalarini hal etish jarayonlarini o‘rganishi hamda qanday sharoitlarda boshqarishda ushbu vazifalar hal etilishi, ularni hal etish natijasi qanday bo‘lishi lozimligi, u yoki bu vazifalarni muvaffaqiyatli hal etishga qanday omillar ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqidagi bilimlarni olishi darkor. Ushbu savollarga tayyor javob yo‘q, uni topish uchun boshqaruv o‘zi nima ekanligi haqida ayrim boshlangʻich tasavvurga ega bo‘lish lozim.
Umumboshqaruv G‘oyalari evolyutsiyasini ko‘rib chiqar ekanmiz, ko‘pincha turli boshlangʻich tasavvurlarda boshqaruv nima ekanligi, uning vazifalari nimalardan iboratligi va bu vazifalarni qay yo‘sinda hal etishi lozimligi to‘g‘risidagi turli yondashuvlarga asoslanganligi ko‘zga tashlanadi. Tadqiqotlarning turli predmetlari shu tariqa ajralib chiqqan. Masalan, klassik nazariya boshqaruv jarayonini boshqaruv funksiyalarining muayyan majmuini amalga oshirish sifatida ifodalagan. Ushbu funksiyalarning amalga oshirilish sifati, eng avvalo, boshqaruvning tashkiliy tuzilmasi tavsifi bilan bog‘angan. Shu bois, asosiy vazifa qanday tashkiliy tuzilmada boshqaruv funksiyalari samaraliroq bajarilishini aniqlashdan iborat bo‘lgan. Ya’ni, o‘rganishning asosiy predmeti tashkiliy struktura tavsiflari bilan boshqaruv funksiyalarini amaliyotga tatbiq etish natijalari o‘rtasidagi aloqadan iborat bo‘lgan.
«Insoniy munosabatlar» nazariyasi norasmiy tuzilmani, ya’ni birgalikdagi faoliyat jarayonida odamlar o‘rtasidagi munosabatlarni asosiy maqsad qilib olgan va maqbul norasmiy tuzilmani yaratish uchun nima qilish lozimligini aniqlashga intilgan. Shunday qilib, ushbu yondashuv doirasida boshqaruv vazifalari birmuncha anglab еtildi.
Tashkilotlar, xodimlar, jarayonlarni va h. k. boshqarishning o‘rganilishi ham turli umumboshqaruv yondashuvlari G‘oyalari asosida olib borilishi mumkin. Shu boisdan, tadqiqotlar predmeti ham turlicha bo‘ladi. Zero boshqaruv nazariyasining evolyusiyasi, eng avvalo, uning predmetiga bo‘lgan qarashlarning o‘zgarishidir. Garchi turli yondashuvlarda tadqiqotlar predmetini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud bo‘lsa-da, ularning barchasi, biron-bir tarzda, boshqaruvni tashkil etishdagi alohida funksiya sifatida tushunishdan kelib chiqadi. Bu funksiyani amalga oshirish bilan uning hayot faoliyati aniq maqsadga qaratilganligi va uyushganligi ta’minlanadi hamda boshqaruv tizimi tarkibiy qismlarining tuzilishi va o‘ziga xosligi, tashkilot faoliyatining ichki hamda tashqi shart-sharoiti va uning natijalari o‘rtasidagi aloqalarni o‘rganishga yo‘naltirilgan bo‘ladi.
Umume’tirof etilgan boshqaruv tushunchasi bo‘lmagani kabi ta’lim tashkilotlari va ta’lim sifatini boshqarishning ham umumqabul qilingan tushunchasi yo‘q. Ilmiy bilim rivojlanib borgani sari bu tushuncha doimiy ravishda boyib boradi.
Boshqaruv boshqariladigan obyektdagi jarayonlarning aniq maqsadga qaratilganligini va uyushganligini ta’minlashi lozim. Boshqaruv o‘zining bu vazifasini bo‘lishi kerak bo‘lgan narsaning qiyofasini (maqsadlar va ularga erishish rejalarini) shakllantirish; ijrochilar o‘rtasida vazifalar va vakolatlarni taqsimlash (rasmiy tuzilmani yaratish va saqlab turish); ijrochilarning samarali mehnatdan manfaatdorligini ta’minlovchi sharoit yaratish (ragʻbatlantirish); jamoada umumiy qadriyatlar va qulay munosabatlarni shakllantirish (norasmiy tuzilma yaratish va saqlab turish); ishning borishini nazorat qilish kabi va boshqa maxsus boshqaruv vazifalarini hal qilish orqali amalga oshiradi.
Shundan kelib chiqqan holda ta’lim mazmuni, ta’lim tashkilotlari tartibini va ta’lim sifatini boshqarishni alohida faoliyat sifatida belgilash mumkin. Bunda uning subyektiv boshqaruv vazifalarini hal qilish orqali o‘quvchilar, pedagoglar, ota-onalar, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning birgalikdagi faoliyatining uyushqoqligini hamda ta’lim maqsadlari va rivojlanish maqsadlariga erishishga yo‘naltirilganligini ta’minlaydi.
Fan boshqaruv tizimi qanday vazifalarni, qay yo‘sinda hal etishi kerak, turli ichki va tashqi sharoitlarda boshqaruv samaradorligi ta’minlanishi uchun u qanday tuzilgan bo‘lishi lozim, degan savollarga javob berishi zarur. Shu boisdan boshqaruv tizimi xususiyatlari, boshqaruv jarayoni tavsiflari hamda turli tashqi va ichki sharoitlarda faoliyat yuritish va rivojlanish natijalari o‘rtasidagi qonuniy aloqalar alohida ilmiy fan bo‘lgan boshqaruvning umumiy vazifasi hisoblanadi. Boshqaruv vazifasini shu yo‘sinda tushunish uni boshqaruvga eskicha yondashish nuqtai nazaridan uni tadqiq qilish mumkin emasligidan dalolat beradi.
Ta’limni boshqarish fani qanday xususiy predmetlarni o‘rganadi?
Bunda, shubhasiz, o‘quv-tarbiya jarayoni boshqaruvning markaziy obyekti hisoblanadi. Boshqaruv fani u qay yo‘sinda amalga oshirilishi kerakligi va vazifalari nimalardan iborat ekanligini o‘rganmaydi – bu pedagogikaning vazifasidir. Ammo hozirning o‘zidayoq ta’lim vazifalarini turlicha tushunish, turli pedagogik texnologiyalar mavjud. Umumiy boshqaruv nazariyasiga muvofiq, turli texnologiyalar turlicha tashkil etishni, rejalashtirish, nazorat qilishning xilma-xil usullarini talab etadi va h. k.
O‘quv-tarbiya jarayoni texnologiyasi xususiyatlariga bog‘liq ravishda boshqaruv qanday amalga oshirilishi lozim, degan masala esa boshqaruv faniga taalluqlidir.
Ammo o‘qitish va tarbiya natijalari nafaqat pedagogik texnologiyaga, balki pedagoglarning malakasiga, ularning eng yaxshi natijalarga erishishdan manfaatdorligiga, jamoadagi munosabatlarga bog‘ligʻdir. Kadrlarni qanday tanlash kerak, ularni qay yo‘sinda baholash, unumli ishlashga qanday undash kerak, jamoada qulay psixologik muhitni qanday shakllantirish lozim kabi savollar ham boshqaruv tadqiqotchilari oldida turgan muhim savollar sirasiga kiradi.
Ta’lim tashkiloti qanchalik yaxshi ishlamasin, u o‘zgarmasligi mumkin emas. Ta’lim tashkilotida, o‘quv-tarbiya jarayoni bilan bir qatorda, uning rivojlanish jarayoni eng muhim boshqaruv obyekti hisoblanadi. Yangiliklarni o‘zlashtirish ham rejalashtirish, tashkil etish, nazorat qilish va undashni taqozo etadi. Boshqaruv fani innovatsion jarayonlar qanday sharoitda samarali bo‘lishini va bu sharoit qanday vujudga keltirilishini tadqiq qilishi kerak.
Ta’lim tashkiloti, har qanday tashkilot singari ajralgan holda emas, balki muayyan ijtimoiy muhitda faoliyat ko‘rsatadi. Shu boisdan boshqaruv natijalari u qanday sharoitlarda amalga oshirilishiga qay darajada bog‘liq ligini o‘rganishi lozim.
Yuqorida qayd qilingan xususiy tadqiqot predmetlari, shubhasiz, ularning xilma-xilligini qamrab ololmaydi. Ta’lim tashkilotining ijtimoiy institut sifatida rivojlanishiga ko‘ra boshqaruvning yangi vazifalari vujudga kelib, tadqiqotlarning yangi yo‘nalishlari dolzarb bo‘lib boradi. Ta’lim sifatini boshqarishga metodik-amaliy yondashuvlar va uning shart-sharoitlarini ishlab chiqish hamda joriy qilishdan oldin boshqaruv nazariyasining asosiy kategoriyalari va tushunchalarini aniqlash hamda belgilash (materialning bir qismi I bobda ko‘rib chiqilgan), menejmentning umumiy qonuniyatlari, tamoyillari va vazifalarini aniqlash zarur.
Boshqaruvda «boshqaruv obyekti va subyekti», «ular o‘rtasidagi bevosita va teskari aloqalar», «boshqaruv tizimi», «atrof-muhit» kabi kategoriyalar va tushunchalardan foydalaniladi. Ta’lim tashkilotlari darajasida menejmentning asosiy kategoriyalarini ko‘rib chiqishda ular faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari va faoliyat yuritishining umumiy vazifalarini hisobga olish zarur.
Boshqaruv obyekti – bu boshqariladigan obyekt, ya’ni, tarmoq, tashkilot, tashkilot va hokazo. Boshqaruv obyekti sifatida faoliyat sohasi bo‘lmish ta’lim, shuningdek, turli xildagi ta’lim tashkilotlari ko‘rib chiqilishi mumkin. Menejmentda boshqaruv obyekti sifatida, odatda, faoliyati muvofiqlashtiriladigan va muayyan maqsadlarga erishishga yo‘naltiriladigan bir guruh odamlar tushuniladi.
Boshqaruv subyekti – bu boshqaradigan subyekt, ya’ni, tarmoq, tashkilot va tashkilotni boshqarish apparati. Ta’limdagi menejmentga nisbatan olganda, boshqaruv subyekti boshqaruvning turli darajalarida konkret vazifalarni bajaruvchi muayyan bo‘gʻinlari majmuidan iborat. Bunda har bir yuqori bo‘gʻin quyi bo‘gʻinga nisbatan boshqaruv subyekti sifatida yuzaga chiqadi.
Boshqaruv subyekti va obyekti bevosita va qayta aloqalar tizimi bilan birgalikda boshqaruv tizimini tashkil qiladi. Boshqaruv tizimida boshqaruv obyekti ko‘pincha boshqariladigan kichik tizim, subyekti esa boshqaruvchi kichik tizim deb nomlanadi. Boshqaruv tizimiga bir qator umumiy shart-sharoit xosdir. Eng avvalo, boshqariladigan kichik tizim boshqaruvchi kichik tizim ostida o‘z parametrlarini (yoki xossalarini) o‘zgartirishga qodir bo‘ladi. Bunda samarali boshqarish uchun boshqaruv obyekti faoliyatining eng muhim parametrlarini to‘liq aks ettiradigan mezonlar va ko‘rsatkichlar zarur bo‘ladi. Masalan, ta’lim tashkilotlari uchun: xodimlar soni, o‘quvchilar, o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalari darajasi, ularning davlat ta’lim standartlariga muvofiqligi, ana shu xususiyatlarga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar va boshqalar shunday ko‘rsatkich bo‘lishi mumkin.
Boshqaruv tizimi obyektga belgilangan maqsadga muvofiq ta’sir ko‘rsatadi. Buning uchun boshqaruvchi kichik tizim tegishli ta’sirdan keyin boshqaruv obyekti holatini aniq tasavvur etishi kerak. Maqsadga aniq yo‘nalganlikni amalga oshirish uchun ta’sir ko‘rsatishdan oldin va keyin obyektning holati haqida boshqaruv subyektiga axborot kelib tushishi kerak, ya’ni boshqaruv tizimida bevosita va qayta aloqalar aniq tashkil etilgan bo‘lishi lozim. Va nihoyat, boshqaruvning har qanday tizimi muayyan moddiy, mehnat va boshqa resurslarga ega bo‘lishi zarur. Barcha boshqaruv kategoriyalari bir-biri bilan jips bog‘angan va bir-birini taqozo etadi. Umuman boshqaruv sohasidagi va xususan ta’limni boshqarishdagi faoliyat menejmentning metodologik asoslarini shakllantirishda to‘liq hisobga olinadigan bir qator o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Menejmentga tatbiqan metodologik yondashuv bilish va faoliyat usullarining boshqaruv maqsadlariga erishishga qaratilgan muayyan uslublaridan foydalanishni ko‘zda tutadi. Menejmentda jarayonli yondashuv keng tarqalgan hisoblanadi, boshqaruv bunda boshqaruv funksiyalarining uzluksiz o‘zaro aloqalariga asoslangan, ta’lim tashkiloti va umuman ta’lim maqsadlariga qaratilgan faoliyat sifatida ko‘rib chiqiladi. Turli mualliflar funksiyalarning har xil ro‘yxatlarini taklif qilmoqdalar. Ularning maqbuli quyidagilarni o‘z ichiga oladi: rejalashtirish, tashkil etish, yo‘lga qo‘yish (amalga oshirish); nazorat qilish. Tashqi muhitdagi beqarorlik va keskin o‘zgarishlar sharoitida ta’limni boshqarishda vaziyatli yondashuv qo‘llaniladi.
Vaziyatli yondashuvda turli boshqaruv usullarining tanlanishi vaziyat bilan belgilanadi. Binobarin, ta’lim tashkilotida ham, atrof-muhitda ham ko‘plab omillar mavjudligi sababli ularni boshqarishning yagona usuli yo‘q. Konkret vaziyatda unga birmuncha muvofiq keladigan boshqaruv usuli eng samarali usul hisoblanadi. Vaziyatli yondashuv, ilmiy qoidalarning mavjud vaziyat va sharoitlarga qarab amaliyotda qo‘llanilishiga doir muayyan tavsiyalarga ega bo‘lganligi bois, boshqaruv nazariyasiga katta hissa qo‘shdi.
Vaziyatli yondashuv negizida tashkilotning faoliyat yuritishiga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy ichki va tashqi omillarni aniqlash yotibdi. Menejmentning amaliy maqsadlari uchun har bir muayyan vaziyatga ta’sir ko‘rsatuvchi omillargina ko‘rib chiqiladi.
Tizimli yondashuv boshqaruv xodimlari tashkilotni o‘zgaruvchan tashqi muhit sharoitida turli maqsadlarga erishishga yo‘naltirilgan odamlar, tuzilma, vazifalar va texnologiya kabi o‘zaro bog‘liq elementlarning majmui sifatida ko‘rib chiqishlari kerak.
Tizimli yondashuv – ilmiy bilim va ijtimoiy amaliyot metodologiyasining yo‘nalishi bo‘lib, uning negizida boshqaruv obyektlarini tizimlar sifatida tadqiq qilish yotadi. Ushbu yondashuv hodisalarni boshqaruv ob’ektining holati va dinamikasiga ta’sir ko‘rsatuvchi barcha asosiy omillarni hisobga olgan holda hodisalarni yalpi o‘rganishga asoslangan. Tizimli yondashuv ta’limni, umuman mamlakatni rivojlantirish nuqtai nazaridan ta’limni yaxlit tizim sifatida tasavvur etish hamda uning faoliyat yuritishining eng maqbul parametrlarini belgilash imkonini beradi. Shu bilan birga, har bir ta’lim tashkilotining faoliyat yuritish jarayoni tizimli yondashuv yordamida aholining yuqori standartlarga javob beruvchi ta’limga bo‘lgan ehtiyoji, uni qondirishning muqobil imkoniyatlari, tashkilotda yuqori malakali kadrlarning mavjudligi kabi va boshqa turli omillar ta’sir ko‘rsatuvchi, jo‘shqin rivojlanadigan yagona tizim sifatida ifodalanishi mumkin. Boshqaruvda tizimli yondashuvning qo‘llanilishi muammolarni mos ravishda yo‘lga qo‘yish hamda ularni hal etishning samarali strategiyasini ishlab chiqish imkonini beradi. Ushbu yondashuvning o‘ziga xos metodologik xususiyati shundaki, u boshqaruv obyektining yaxlitligini ochib berishga, uning tashqi muhit bilan xilma-xil aloqalarini aniqlashga va ularning yagona nazariy manzarasini yaratishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Murakkab boshqaruv еchimlarini tayyorlash va asoslash uchun foydalaniladigan, metodologik vositalar yigʻindisidan iborat bo‘lgan tizimli tahlil boshqaruvda tizimli yondashuvning muhim jihati hisoblanadi.
Tizimli yondashuv va tahlilni qo‘llash sohasini kengaytirish mohiyati maqsadlarni aniq belgilashdan, qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun dasturlar ishlab chiqish, ularni bajarish va ushbu ishga rahbarlik qiluvchi dasturlarni amalga oshirish va tashkilotlarni shakllantirish uchun zarur resurslar ajratishdan iborat bo‘lgan dasturiy-maqsadli boshqaruv tizimini yoyish bilan bog‘liq .
Dasturli-maqsadli boshqaruv pirovard maqsadlarni aniqlash va aniq qo‘yishdan boshlanadi. Maqsadlar, odatda, berilgan vaziyatni istalganidan farqlovchi bir qator muammolar hal etilgach, boshqaruv tizimi muayyan vaqtdan keyin berilgan vaziyatdan o‘tib borishi lozim bo‘lgan istalgan vaziyatni aks ettiradi.
Shunday qilib, maqsadni qo‘yish bosqichidayoq kelajakning umumlashgan modeli vujudga keladi. Ushbu bosqich еchimning muqobil variantlarini ko‘rib chiqish va tugal variantini tanlash bilan yakun topadi.
Qaror qabul qilingandan keyin dasturlarni ishlab chiqish bosqichi boshlanadi. Ushbu bosqichda strategik maqsadga erishish kichik maqsadlarga bo‘linadi. O‘ar bir bosqichda vazifalar va ularni hal qilishning ustuvor yo‘nalishlari ajratiladi, shuningdek ular resurslar (moddiy, mehnat, moliyaviy, inson omili) bilan muvofiqlashtiriladi. Bunda har bir bosqichning bajarilishi asosiy natija, hajm va muddat bo‘yicha aniq belgilanadi.
Dasturlarni shakllantirish bosqichida, asosiy maqsadli ko‘rsatmani saqlab qolgan holda, oraliq bosqichlar va еchimlar izchilligini ularning dasturni amalga oshirishning pirovard natijalariga ta’sirini aniqlash va tahlil qilish orqali ta’minlash juda muhimdir.
Maqsadlar va kichik maqsadlar kelishilgan va darajalarga ajratilgandan keyin dastur, odatda, barcha ijrochilar uchun bajarilishi shart hisoblangan dedektiv hujjat shakliga ega bo‘ladi.
Qabul qilingan dastur ijro etilishi zarur. Ammo uni amalga oshirish jarayonida, dasturni qabul qilish paytida boshqaruv tizimida yoki atrof-muhitda ba’zi (yoki hisobga olinmagan) o‘zgarishlar yuz berishi mumkin. Ko‘pincha bu o‘zgarishlar ham butun dasturni, ham uning ayrim bosqichlarini amalga oshirishda jiddiy qiyinchiliklar tugʻdiradi. Shu bois butun dasturning va uning har bir bosqichining bajarilishini doimo kompleks nazorat qilish zarur.
Odatda, bunday nazoratni amalga oshirish uchun boshqaruvning matritsa tizimiga kiritiladigan maxsus bo‘linmalar tuziladi.
Nazorat natijalariga ko‘ra tahlil o‘tkazilib, olingan natijalar dastur maqsadlari (kichik maqsadlari)ga doir olingan natijalar taqqoslanadi va oʼqishlar yuz bergan hollarda ularning sabablari aniqlanadi, so‘ngra yo dasturlarga tuzatish kiritish yoki kamchiliklarni bartaraf etishga doir choralar ko‘riladi. Bunda dasturga tuzatish kiritish yoki kamchiliklarni bartaraf etish haqida qaror qabul qilinishidan oldin dasturning belgilangan maqsadlaridan (kichik maqsadlardan) o‘qishga olib kelgan muammolar diagnostik tahlil qilinishi kerak.
Mamlakatimizda barcha darajalarda dasturiy-maqsadli boshqaruv bo‘yicha muayyan tajriba to‘plangan. Qayd etilgan yondashuvni qo‘llashga Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va modelini ishlab chiqish hamda amalga oshirish jarayoni yorqin misol bo‘la oladi. Tizimli yondashuv va dasturiy-maqsadli boshqaruv menejment metodologiyasining fundamental qoidasi sifatida ta’limni boshqarish qonuniyatlari, tamoyillari, vazifalari va usullari bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, bu haqda quyida gap boradi. Pedagogik jarayonlarning samaradorligiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan yana biri motivlashtirish bo‘lib, samaradorlikka erishishda pedagogik jarayonlarning maqsadini, maqsadga erishish yo‘nalishida belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyatini, o‘rganiladigan tushunchalarning zaruriyati, ahamiyati va mazmun mohiyatini mudira-tarbiyachilarning boshlang‘ich tushunchalariga bog‘liq holda tushuntirish, o‘rganiladigan tushunchalarga nisbatan mudira-tarbiyachilar qiziqishini rivojlantirish asosida vaziyatlarga ko‘ra ularning faolligini ta’minlash va o‘zaro munosabatlarni muvofiqlashtirib borish jarayonida mudira-tarbiyachilar tomonidan boshqaruvning maqsadli-motivlashtirish funksiyasi amalga oshiriladi.
Hozirgi zamonda har qanday tashkilot yoki korxonani zamonaviy texnika va texnalogiyasiz tasavvur qilolmaymiz. Demak, bu o‘rinda jamoa a’zolarining o‘z ustida ishlashi, zamonaviy texnika va texnalogiya bilan doimo tanishib va ular bilan ishlash malakasini oshirib borish alohida ahamiyatga ega. Rahbariyat nazarida jamoa oldida o‘qimishli, o‘z ustida doimo ishlab borayotgan, zamonaviy texnika va texnalogiya bilan malakali ishlay oladigan xodimlar alohida hurmat va ehtiromga sazovor bo‘ladi. Bu o‘rinda jamoada mehnatning, mehnatga yarasha moddiy va ma’naviy boyliklarning odilona taqsimoti boshqaruv tizimiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni moddiy mukofot va ma’naviy rag‘bat namunalari jamoada nihoyatda ustalik bilan qo‘llanib borilishi lozim. Jamoada moddiy va ma’naviy rag‘bat – mukofot usuli qo‘llanilar ekan, bu holatda eskicha tenglashtirishlar qo‘llanilmasdan, har qanday moddiy mukofot, ma’naviy rag‘bat aniq bajarilgan ish, faoliyat evaziga berilishi nazardan qochmasligi kerak.
Oddiy misol, ba’zi gazeta va jurnallarda reklama, tijorat ishlarini tashkil qilgan hodimga o‘sha ish qiymatidan ma’lum foiz ajratiladi. Ammo, boshqa bir gazeta va jurnallarda esa bu yo‘nalishdan tushgan daromad jamoaning umumiy mulkiga aylantirilib jamoa a’zolari orasida teng taqsim qilinadi. Bu ikki usulning qaysi biri boshqaruv tizimiga manfaatliroq, amalda o‘zingiz sinab ko‘rishingiz mumkin. Chunki shaxs va uning irodasi unga Olloh tomonidan berilganligi haqida faylasuf Abu Homid Muhammad G‘azzoliy va boshqa mutafakkirlaning asarlaridan bunga isbot va misollar topsa bo‘ladi. Nizomiy muhitni boshqarish usuli bilan shaxs, ayniqsa, rahbar shaxs tanishib, bu yo‘nalishda u o‘z mahoratini oshirib borsa, vaziyatni o‘z qo‘li ostida saqlash va undan foyda olish imkoniyatga ega bo‘ladi. Ammo nizoni boshqarish ishlarini o‘rganib bormasa, nizoni inkor qilish, uni o‘z rivoji yo‘liga tashlab qo‘yish bilan shaxs va rahbar nizoning salbiy ta’siri rivojiga tushib qolib, hayotiy va boshqa kurashlarda mag‘lubiyat, imkonlari qo‘ldan boy berish holatiga ko‘milib, o‘zida tobelik va mag‘lublik hulqini shakllantirib boradi. Zamonaviy ishlab chiqarish jarayonida ilgarigiday umum o‘rtachilikdan qochgan har bir rahbar ijodkor kadrlarining har tomonlama taraqqiyoti uchun ma’lum ma’naviy, ijtimoiy, ilmiy va boshqa imkoniyatlarni yaratib bermoqda va bu chora-tadbirlar tezlikda jamoa faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mehnat jamoasidagi sog‘lom ruhiy muhitning tarkibiy qismlarini aytib o‘tadigan bo‘lsak, ular asosan umumjahon, umuminsoniy ahloqiy qadryatlarga mos kelishi va jamoadagi har bir shaxsning ushbu qadryatlarini qadrlashi bilan belgilanadi. Shu bilan bir vaqtning o‘zida har qanday jamoada milliy qadriyatlar, davlatning bugungi dolzarb vaziflari, jamoa oldida turgan yaqin va uzoq istiqboldagi mo‘ljal va marralar ham alohida qayd etilgan bo‘lishi zarur. Bu unsuriy bo‘laklar jamoa a’zolari tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotiga sodiqlik ruhi, bog‘chaning maqsadlariga ishonch, sadoqat, ongli intizom, ahloqiy poklik, mehnat jamoasi faoliyatidan ruhiy, madaniy, moddiy va ma’naviy qoniqish va boshqa insoniy burch, ehtiyoj, tarbiyaviy omillar bilan mustahkamlanmog‘i lozim.
Ushbu maqsad va vazifalarning indalosi esa aslini olganda intizomdan boshlanadi. Jamoaning axloqiy еtukligini ko‘rsatuvchi belgilardan biri bo‘lib aynan mana shu intizom xizmat qiladi.
Jamoada ichki burch, har bir a’zoga yuklangan vazifalar qanchalik yaxshi ishlab chiqilgan bo‘lsa u shunchalik jamoa a’zolari tomonidan ruhan еngil bajariladi. Ichki tartib qoidaning muhimligi Amir Temir “Tuzuklar” rida shunday qayd qilinadi: “Saltanatni boshqarishda uchragan har qanday voqea va ishni to‘ra va tuzuk asosida bajardim” (to‘ra va tuzuk bu еrda – qonun-qoida ma’nosida kelayapti). Bu vazifalarning ma’lum paytda buzilishi, to‘liq ishlamaganligi vazifaning aniq bajaruvchisiga katta noqulayliklar tug‘diradi va bu shaxs o‘zini ruhan javobgarlik hissi bilan qoralaydi. Ma’lum shaxsning jamoa oldida o‘zini gunohkor sanashi uning jamoa oldidagi burchni yaxshi sezish xissi bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Bu hissiyot nafaqat moddiy, ayniqsa, ma’naviy ko‘rsatkichlarada o‘z aksini topib u jamoaning jipslashuvi, muvaffaqiyatli faoliyati uchun o‘ta zarurdir. Bunda jamoa a’zolarining jamoadagi o‘rni, jamoada bo‘lishdan faxr xissi, mehnat faoliyatidagi muloqot jarayonlariga tayyorgarlik va undan ma’naviy oziqlanish va aynan jamoa bilan birga faoliyat ko‘rsatayotganlikdan qoniqish jamoa a’zosi uchun aloxida ahamiyatga ega.
Bu o‘rinda jamoa rahbari jamoaning axloqiy birligini tashkil qiluvchi unsurlarning har biri haqida ma’lumotlarini yig‘ib, ularni zarur yo‘nalishda tahlil qilib turar ekan, bu bilan u jamoaning boshqarilish darajasini oshirib boradi. Vaholanki, rahbar jamoa, jamoaning har bir a’zosi haqida qancha ko‘p va xo‘b bilsa, jamoani boshqarish shuncha еngil kechadi, kamchiliklarning, ruhiy tang holatlarining oldini olish imkoniyati tug‘iladi. Ushbu yo‘nalishda matbuotda fikr yuritgan O.Obidovning so‘zi bilan aytganda: “Rahbarlar – zarur qaror qabul qiluvchi personal, boshqaruv personali mutaxasissi – boshqaruv qarorlarini va tadbirlarini qabul qilish uchun axborotni tayyorlovchi va uning ijrosini tashkil qiluvchi xodimlardir” (“Halq so‘zi” gaz. 2004).
Ma’lumki, har qanday boshqaruv tizimining omilkorligi ushbu jamoada yuz beradigan noxush, kutilmagan voqealarning naqadar oldindan oldi olinganligi bilan belgilanadi. Jamoada guruhbozlik, fisqu- fasod va boshqa noxush yumushlar bilan shug‘illanuvchi kishilarning paydo bo‘lishi jamoa uchun qimmatga tushadi. Shuning uchun ham Amir Temir janoblari o‘z “Tuzuklar”ida shunday deb yozib qoldirgan: “Qaysi vazir g‘iybat gaplarni aytsa, uydirma gaplarga quloq solsa, jabr-zulm qilsa, o‘ziga yoqmagan kishilarni yo‘qotish payiga tushsa, uni vazirlikdan tushirish lozim”.
Odatda, jamoada paydo bo‘lgan noxushliklarini bartaraf qilishdan ularning oldini olish ancha oson kechadi. Shunday ekan, jamoada axloqiy noxushliklarning, ruhiy muhit buzilishining doimo oldini olib bormoq zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |