beriladi.
TOVARNI SOTISH SHAKLLARI
Bozor iqtisodiyoti sharoitida tovarni ishlab chiqarish asosiy muammo
emas. Asosiy muammo – tovarni sotish hisoblanadi. Chunki kuchli raqobat
sharoitida tovarni maqbul narx darajasida sotish uchun juda katta bilim,
mahorat va tajriba kerak bo‘ladi. Buning uchun tovarni sotish shakllarini
bilishingiz zarur.
Agar siz tovarlarni sotishni chakana savdo shoxobchasi orqali tashkil
qilmoqchi bo‘lsangiz, uni quyidagi sxemada ifodalangan shakllaridan foydalanishingiz
mumkin.
O‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish
Tovarlarni oldindan buyurtma qabul qilgan
holda sotish
Oddiy
tovarlarni
sotish
shakllari
Murakkab
tovarlarni
sotish
shakllari
Yakka tartibda xizmat ko‘rsatish
Erkin namoyishga qo‘ygan holda sotish
Tovarlarni namunalari bo‘yicha sotish
Telefon orqali sotish
Maslahat berish orqali sotish
O‘zaro muhokama qilish asosida sotish
Tovarni sotish shakllari
ODDIY TOVARLARNI SOTISH SHAKLLARI
Agar siz kundalik ro‘zg‘orda ishlatiluvchi, standart yoki texnik jihatdan
u qadar murakkab bo‘lmagan tovarlarni sotmoqchi bo‘lsangiz, u holda
savdoni o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish shaklida tashkil etishingiz mumkin.
Bunda xaridorlar maxsus peshtaxtalarga joylashtirilgan tovarlarni o‘zlari
ko‘rib, tanlab, ularni sotib olish istagi bo‘lgan holatda hisob-kitob amal108
ga oshiriladigan joyga olib keladilar. Buning qulay tomoni – xaridorning
o‘ziga erkin tanlash imkoniyati yaratilib, unga bevosita xizmat ko‘rsatish
vaqti tejaladi. Hozirda ko‘plab supermarketlarda tovarlarni sotish xuddi
shunday shaklda tashkil etilgan.
Agar siz har doim ham sotuvda bo‘lmaydigan, cheklangan tovarlar bilan
savdo qilsangiz, u holda mijozlardan tovarlarni oldindan buyurtma
qabul qilgan holda sotishni yo‘lga qo‘yishingiz mumkin. Ushbu holatda
xaridorlar o‘zlari uchun zarur bo‘lgan tovarni oldindan buyurtma qiladilar.
Buyurtmalar kelishilgan muddatda magazindan olinishi yoki uy, ish joyiga
yetkazilishi mumkin. Qulayligi: xaridor tovarni o‘z vaqtida va kafolatli
tarzda sotib oladi; sotuvchi doimiy mijozga ega bo‘lgani holda, kafolatli
sotish imkoniga ega bo‘ladi.
Murakkab va raqobat kuchli bo‘lgan sharoitdagi tovarlarni sotishda
mijoz hurmatini qozonishning samarali yo‘li – yakka tartibda xizmat
ko‘rsatishdir. Bunda siz tovar sotishni har bir xaridorga alohida xizmat
ko‘rsatish shaklida tashkil etasiz. Xaridorga tovarlarni tanlashda yordamlashib,
tovardan foydalanish bo‘yicha maslahatlar berasiz, tovarni qadoqlab,
xaridorga taqdim etasiz. Shuningdek, xaridor bilan hisob-kitob
qilishning barcha shakllari, sotishdan keyingi xizmat ko‘rsatish, xaridor
xohishiga ko‘ra manzilga yetkazib berish, tovar qaytarilgan holatda qabul
qilib olishni ham yo‘lga qo‘yasiz.
Agar siz maishiy texnika vositalari, mebel va boshqa jihozlarni sotmoqchi
bo‘lsangiz, erkin namoyishga qo‘ygan holda sotish shaklidan
foydalanganingiz ma’qul. Savdo maydonchasiga qo‘yilgan tovarlar bilan
xaridor mustaqil tarzda tanishib chiqadi, zarur hollarda siz u tanlagan tovarning
sifatini tekshirib, maslahatlar berasiz, tovarni qadoqlab, xaridorga
taqdim etasiz.
MURAKKAB TOVARLARNI SOTISH SHAKLLARI
Agar sizning tovarlaringiz hajm jihatidan katta, tashish qiyin bo‘lsa,
u holda tovarlarni namunalari bo‘yicha sotish shaklidan foydalanish
qulaydir. Xaridorlar mustaqil holda yoki sotuvchi kuzatuvida savdo zaliga
qo‘yilgan namunalar bilan tanishib chiqadi. Tovar tanlanib va haqi to‘lab
bo‘linganidan keyin siz tovarni magazin omboridan xaridorga keltirib yoki
uning uyiga yetkazib berishingiz mumkin.
109
Hozirgi aloqa texnologiyalari rivojlangan sharoitda telefon orqali sotish
samarali shakllardan biri hisoblanadi. Ushbu shakl tovarlarni sotishning
faol, erkin shakli bo‘lib, bunda sotuvchi mijozlarni telefon orqali
reklama qilish vositasida jalb etadi.
Siz murakkab mahsulot yoki xizmatlar, masalan, injiniring xizmatlari,
qurilish, axborot texnologiyalari mahsulotlari uchun maslahat berish
orqali sotish shaklini tanlashingiz to‘g‘ri hisoblanadi. Bunda siz sotuvchi
sifatida mutaxassis-maslahatchilarni jalb etib, ular xaridorlarga tovar
to‘g‘risida zarur ma’lumotlarni yetkazishi lozim bo‘ladi.
O‘zaro muhokama qilish asosida sotishda tovar bo‘yicha fikr-mulohazalar
tinglanadi, sotuvchi va xaridor o‘rtasida o‘zaro tushunish, umumiy
nuqtayi nazar hissini shakllantirishga harakat qilinadi.
TOVARNI SOTISH BOSQICHLARI
Siz tovar sotishni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqchi bo‘lsangiz,
uning har bir bosqichiga e’tibor qaratishingiz lozim.
Muloqotga kirishish va aloqa o‘rnatish. Sotishning dastlabki bosqichi
bo‘lgan bu jarayon ayni paytda uning natijasini ham belgilab beradi. Siz
xaridor bilan muloqotga kirishar ekansiz, eng avvalo uning ishonchini
qozonishingiz zarur. Xaridor sizning so‘zlaringizdan har qanday holda
ham o‘z tovarini sotmoqchi bo‘lgan kishini emas, balki o‘z xohish-istagini
to‘liq tushunishga harakat qilayotgan hamkorni tasavvur etishi lozim. Aks
holda bu bosqichning ikkinchi qismi – aloqa o‘rnatish amalga oshmaydi.
To‘g‘ri, ehtimol xaridor sizning tovaringizni sotib olar, biroq u sizning
doimiy mijozingiz va hamkoringizga aylanmay qolishi mumkin.
Shuning uchun xaridorni tinglash va ehtiyojini aniqlash muhim hisoblanadi.
Siz xaridorni o‘z istaklarini to‘liq ifodalashiga imkon bering va uni
diqqat bilan tinglayotganingizga ishontiring. Balki xaridor o‘z ehtiyojini
yetarli darajada ifodalay olmas. Siz uning ehtiyojini to‘g‘ri aniqlashga
harakat qiling.
Xaridor ehtiyoji aniqlangandan keyingi bosqich – unga tovarni namoyish
etish va dalillar keltirish hisoblanadi. Chunki xaridorda haqiqatan
ham o‘z ehtiyojidagi tovar namoyish etilganiga shubha bo‘lishi mumkin.
Bu boradagi dalillar xaridorni har qanday holatda ham to‘g‘ri tovar tan110
langaniga ishontirishga emas, balki tovarni uning ehtiyojiga mos ekanligini
ifodalovchi qo‘shimcha ma’lumotlar keltirishga xizmat qilishi lozim.
Xaridor tomonidan e’tiroz bildirilishiga imkon yaratish zarur. Bu boradagi
to‘g‘ri yo‘l – e’tirozga javob qaytarish hisoblanadi. Biroq javob
xaridorning tovar borasidagi shubha va e’tiroziga asosli hamda haqqoniy
bo‘lishi kerak.
Yuqoridagi bosqichlarning to‘g‘ri amalga oshirilishi yakuniy bosqich –
sotishni amalga oshirishga imkon yaratadi. Siz tomoningizdan tovarni
sotish shakllari va bosqichlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi nafaqat sotish
hajmini oshiradi, balki doimiy mijozlar doirangizni shakllantirishga imkon
yaratadi.
REKLAMANING VAZIFALARI
Reklama lotincha so‘z bo‘lib, «reclamo» – qichqiraman, jar solaman,
degan ma’nolarni anglatadi. Kengroq ma’noda esa, turli yo‘llar bilan ommaviy
e’lon qilish, bildirish, hammaning diqqatini tortish uchun qilingan
sa’y-harakatdir.
Reklama marketing, axborot berish, ma’rifiy, iqtisodiy va ijtimoiy
vazifalarni bajaradi.
BILIMINGIZNI SINAB KO‘RING!
1. Oddiy tovarlarni sotish murakkab tovarlarni sotishdan nimasi bilan farq
qiladi?
2. Tovarni sotishning qaysi shakllari sizga ma’lum edi? Endi yana qanday
shakllarini bilib oldingiz?
3. Tovarni sotishning har bir shakliga misol keltiring. Siz bilgan magazinlarda
tovarni sotishning qaysi shakllaridan foydalaniladi?
4. Tovarni sotishning qanday bosqichlari mavjud?
5. Sizningcha, atrofingizdagi savdo shoxobchalarida tovarni sotishning qaysi
bosqichlariga yetarli e’tibor qaratilmaydi? Fikringizni izohlang.
6. Reklama qanday vazifalarni bajaradi?
7. Hozirda O‘zbekistonda reklamaning qaysi vazifasi kengroq rivojlangan?
8. Mamlakatimizdagi qaysi reklama kompaniyalarini bilasiz?
9. Aytaylik, siz o‘z tadbirkorlik faoliyatingizni reklama qilmoqchi bo‘ldingiz.
Qanday usullardan foydalangan bo‘lar edingiz?
Do'stlaringiz bilan baham: |