1-mavzu: Standartlashtirishning mohiyati va xalq xo`jaligidagi ahamiyati
Reja:
Standartlashtirishning qisqacha tarixi.
Standartlashtirishning maqsad va vazifalari.
Standartlashtirish sohasidagi asosiy atama va tushunchalar.
Standart turlari va toifalari.
O‘zbekistonda standartlashtirishni rivojlanish sanalari.
1. Standartlashtirishning qisqacha tarixi
Standartlishtirish sohasida xilma – xil atamalar mavjud. Turli xildagi buyumlarni, ularning tavsiflarini, usullar va belgilashlarning sonini qisqartirish jarayonini xar xil mamlakatda turlicha ataladi. Masalan, bu jarayonni AQSH va Angliyada «Standardization”, Germaniyada “Normung” va Frantsiyada “Normalisation” deb ataladi. Agarda standartlashtirish bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarning nomlari taqqoslansa, u holda ko‘pchilik Yevropa tashkilotlari o‘z nomlarida “Normlien” (Shveytsariya), “Normalisatie” (Gollandiya) va h.k. so‘zlarni ishlatadilar. Keltirilgan barcha xorijiy atamalar ingliz tiliga “ Standartization“ atama bilan, italyan tiliga esa “Unificazione“ atama bilan tarjima qilinadi
XX asr boshlarida Rossiyada yolg‘iz “normalizatsiya” atamasi qo‘llanilgan va u mashinasozlik sanoatida hozirgi paytgacha ishlatilib kelinmoqda.
Kishilik jamiyatining «qoidalarni belgilash va qo‘llash» ga bo‘lgan ehtiyoji juda qadim zamonlarda paydo bo‘lgan. Alifbe, yil hisobi, hisob tizimlari (sistem otscheta), pul va og‘irlik birliklari – bularning hammasi standartlashtirishga qo‘yilgan dastlabki qadamlardir.
Tarixshunoslar standartlashtirishga asoslangan muhandislik faoliyatni Qadimgi Misrda ehromlarni barpo etish mobaynida vujudga kelgan deb hisoblaydilar (taxminan 5000 yil avval). Qurilish uchun ishlatilgan toshlar ma’lum bir aniq o‘lchamlarga ega bo‘lgan, busiz ehromlarning to‘g‘ri geometrik shakli va ularni asrlar davomida uzoq vaqt saqlash mumkin emas edi. Taxminan 50 asr davomida saqlanib, bizgacha yetib kelgan bu qurilmalar juda yuqori sifat va aniqlik bilan ishlangan. Toshlarga shunday aniqlik bilan ishlov berilganki, natijada bir – birlari bilan yondoshganlarining orasidan ingichka ignani ham o‘tkazib bo‘lmaydi.
Balandligi 90 metrli Vavilon minorasini (eramizdan taxminan ming yil ilgari) qurishda ma’lum o‘lchamli 85 mln. dan ortiq pishiq g‘ishtlar ishlatilgan edi, shu bilan birga ularni terishda bog‘lovchi material (asfalt) qo‘llanilgan. Minoraning 15 – chi yuqori qavati sirlangan moviy g‘ishtlar bilan qoplangan bo‘lib, ularni yasash nafaqat o‘lchamlari standart talablariga rioya qilingan bo‘lishini, balki tayyorlash usuli qoidalari majmuini ishlab chiqish va bu qoidalarga rioya qilishni talab qilar edi.
Qadimgi Misr harbiy texnikasida standartlashtirish qo‘llanilgan. Masalan, bundan 4200 yil ilgari o‘sha zamondagi harbiy mashinalarni – manjaniq (katapulta) larni loyihalashda va ishlab chiqarishda nisbiy o‘lchamlar usuli qo‘llanilgan bo‘lib, bunda manjaniq barcha detallarining o‘lchamlari bitta bosh parametrdan, ya’ni shu manjaniq otadigan o‘q (strela) ning uzunligiga mos qilib olingan.
Standartlar Uyg‘onish davrida katta kemalar qurishda tadbiq etila boshlandi (XV asr). Buning natijasida kemalar ishlab chiqarilishi potok(oqim) usulda tashkil qilindi.
Rossiyada Ivan IV ning 1535 yildagi Farmoni standartlashtirishga asos soldi. Bu Farmonda to‘p yadrolarining o‘lchamlarini kalibrlar bilan nazorat qilish ko‘zda tutilgan. XIX asr o‘rtasi XX asr boshlarida temir yo‘l transportidan keng foydalanish standartlashtirishning rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Bu vaqtlarda temir yo‘l relslari orasidagi masofa, vagonlarning rangi, asosiy qurilmalarning balandliklari, g‘ildiraklar diametrlari, temir yo‘l qurilishida qo‘llaniladigan qurilish materiallari uchun standartlar ishlab chiqildi.
Standart so‘zi inglizcha “Standart” so‘zdan olingan bo‘lib, me’yor, o‘lcham, andoza degan ma’nolarni bildirib, me’yoriy hujjat nomi bilan yuritiladi.
Standartlar darajasiga qarab, halqaro, mintaqaviy davlatlararo, milliy va korxona miqyosida faoliyat ko‘rsatadi.
Davlat standartlari mahsulotni ishlab chiqish va uni ishlab chiqarishga qo‘yish bosqichida yangi mahsulotlarning yuqori sifatli turlarini yaratish va o‘zlashtirishni tezlashtirishga, ishlab chiqaruvchi, tayyorlovchi va iste’molchi oralaridagi munosabatlarni yaxshilashga yo‘naltirilgan.
Standartlashtirish tizimi yangi buyumga o‘z vaqtida yuqori sifatli loyiha – konstruktorlik hujjatlar berish, korxonaning yangi mahsulotini berilgan sifat ko‘rsatkichlariga asosan tayyorlashni va kerak bo‘lsa mahsulotning ishlab chiqarishdan olib tashlashni belgilaydi.
Standartlashtirish mahsulot muomalada bo‘lganida va sotish bosqichlarida mahsulotni joylashtirish (upakovka) da yaxshi tartib va sharoitlar yaratishga, yuklashga va joylashtirishga, saqlashga, omborlarda mahsulot sifatini buzilmay saqlashga, transportda olib yurishda, buyumni tarqatish, sotish tashkilotlariga talablar belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |