v) Birlamchi ma’lumotlar olishda hujjatlarni o‘rganish.
Hujjatlarni o‘rganish ham sotsiologik ma’lumotlar yig‘ishda o‘ziga xos o‘ringa ega.
Hujjatlar ma’lumotlarni to‘plash usuliga ko‘ra /qo‘lyozma, bosma, kinoplyonka, magnit lenta/, avtorlik tipiga ko‘ra /shaxsiy va ijtimoiy/, ularni yig‘ish usuliga ko‘ra /jamiyatda amal qiluvchi, tashkilot, kollektiv, korxona faoliyati jarayoniga tashkiliy qism bo‘lib kiruvchi hujjatlar/, yig‘ilayotgan empirik materialga yaqinlik darajasiga ko‘ra /mavjud holatni bevosita aks ettiruvchi birlamchi va mavjud hujjatlarga asoslanib ko‘rilgan ikkilamchi hujjatlar/ klassifikatsiyalanadi.
Hujjatlarni o‘rganish metodlarini ikki katta guruhga ajratish mumkin: an’anaviy va formallashtirilgan. O‘z navbatida, an’anaviy metodlar ham ikki guruhga bo‘linadi: umumiy /tushunish, intuitsiya, anglab etish/ va maxsus /manbalarga asoslanish, psixologik, yuridik metodlar/. Formallashtirilgan metodlarga kontent-analizni kiritish mumkin. Kontent-analiz /tarkibiy analiz/ metodi hujjatda ma’lum bir asosiy tushunchalarning qanchalik ko‘p ishlatilishiga asoslanib xulosa chiqarishdan tashkil topadi. Misol tariqasida ikkinchi jahon urushi yillarida amerika sotsiologi Lassuelning Leyts bilan birga olib borgan kontent-analizini olish mumkin. Ular fashistik orientatsiyaga asoslangan deb taxmin qilingan. Amerika gazetalaridan birini tadqiq qildilar. Shu gazetaning 1943 yil 3 dan 31 dekabrgacha bo‘lgan davrdagi sonlarini kontent-analiz metodi bilan o‘rgandilar va ularda Amerikaga qarshi va Germaniyani yoqlovchi fikrlar qo‘llanish hollarini hisoblab, sanab chiqdilar. Natijada, tadqiqotchilar olgan xulosalar ijobiy ekanligi aniqlanib, bu gazetada AQSH Oliy Sudi tomonidan ta’qiqlangan.
g) Sotsiologik tadqiqotda eksperiment usuli.
Sotsiologik tadqiqotlarda o‘rganilayotgan obyekt to‘g‘risida dastlabki empirik ma’lumotlarni to‘plashda tajriba o‘tkazish alohida o‘rin tutadi. Sotsial eksperiment usulining asosiy xususiyatlariga quyidagilar kiradi: obyektiv reallik tizimiga ta’sir ko‘rsatish; nisbatan ajratib olingan eksperimental omilni tadqiq qilinayotgan obyektga nisbatan rejali asosda qo‘llash; uning oqibatlarini rejali nazorat qilib borish; o‘zgarish samaradorligini, ijobiy va salbiy jihatlarini o‘lchash.
Sotsiologiyada eksperiment asosan 3 tipida olib boriladi:
1.Ekspost-fakto eksperiment. Bunda eksperiment o‘tmishdan hozirgacha bo‘lgan ijtimoiy tadqiqot obyekti qilib olinganda o‘tkaziladi.
2.Taqqoslash tamoyiliga asoslangan eksperiment. Bu tipda hozirgi davr ijtimoiy jarayonlari tadqiqot obyekti qilib olingan bo‘ladi.
3.Proektli eksperiment. U hozirdan kelajakka yo‘naltirilgan bo‘ladi.
Bulardan tashqari, sotsial eksperimentlar: tadqiqot xususiyatiga qarab /fan sohasidagi, ijtimoiy jarayonlarini boshqarishdagi eksperimentlar/; sotsial eksperimentning tarkibining xarakteriga ko‘ra; dala va laboratoriya sharoitidagi; mantiqiy tarkibiga ko‘ra /parallel va davomiy tarzda/ tiplarga bo‘linadi.
Sotsial eksperiment o‘tkazish muayyan bosqichlaridan iboratdir:
Birinchi bosqich – nazariy bosqich bo‘lib, unda o‘tkaziladigan eksperiment tipi belgilanadi va nazariy jihatdan asoslanadi. Mavjud imkoniyatlar eksperiment omillar va tadqiqot obyektining o‘ziga xos jihatlari hisobga olinadi.
Ikkinchi bosqich – eksperiment dasturida ko‘rsatilgan asosiy vazifalar va metodikasi ishlab chiqiladi.
Uchinchi bosqich – eksperiment dasturida ko‘rsatilgan asosiy vazifalar aniq vositalar orqali obyektga tadbiq qilinadi.
To‘rtinchi bosqich – so‘nggi bosqich bo‘lib, unda eksperimentdan olingan natijalar ilmiy tahlil qilinadi va baholanadi.
Tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, jamiyat hayotining umumsotsiologik muammolari ustida olib boriladigan sotsial eksperimentlar kutilgan natijalarni bermaydi. Bunda faqat ijtimoiy munosabatlarning funksional va rivojlanish qonuniyatlariga putur yetkaziladi, xolos. Kishilar boshiga og‘ir kulfatlar solib, bartaraf qilinishi qiyin oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |