Pedagogik texnologiyaning maqsad va vazifalari. XX asrning ikkinchi yarmida ilmiy-texnik taraqqiyotning talablari asosida paydo bo‘lgan pedagogik texnologiya ta’lim-tarbiya jarayonining jadallashuvi uchun xizmat qilmoqda.
Pedagogik texnologiyaning quyidagi natijalarga erishni maqsad qilib belgilaydi:
o‘quv jarayonini faollashtirish;
ta’lim oluvchilar tomonidan o‘quv materialini o‘zlashtirishning yuqori darajasiga erishish va ta’lim oluvchilarni mustaqil fikrlashga hamda o‘z fikrini bayon etishga o‘rgatish.
Ma’lumki, har qanday pedagogik texnologiya ta’limni rivojlantiruvchi yangi tamoyillarga asoslangan bo‘lib, shaxsni har tomonlama shakllantirishga yo‘naltirilmog‘i kerak. Ilg‘or pedagogik texnologiya markazida ta’lim jarayonining rahbari hamda shu jarayonning subyekti va obyekti bo‘lgan o‘qituvchi va ta’lim oluvchi turadi.
Shunday ekan, bu ikki shaxsning hamkorligi, o‘zaro muloqoti, bir-biriga ko‘rsatadigan ta’siri eng zamonaviy va milliy talablar asosida bo‘lishi lozim. Buning uchun ta’lim jarayoni, o‘qituvchi, ta’lim-tarbiya jarayoni oldiga qo‘yilgan talablar, ta’limni tashkil etish va boshqarish tamoyillari hamda yo‘llari ta’lim oluvchini aqliy va jismoniy jihatdan rivojlantirish usullari, u bilan hamkorlik qilish, uni o‘qish va o‘rganishga yo‘naltirish, ta’lim oluvchi shaxsiy faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, ular bilan muloqotga kirishish, muammo va kelishmovchiliklarni bartaraf etish, auditoriyada ijodiy, ishchanlik muhitini vujudga keltirish, ta’lim oluvchi faoliyatini aniq va to‘gri baholash metodlari bilan qurollangan bo‘lishi lozim2.
Fanni o‘qitishdan asosiy maqsad – talabalarni o‘quv jarayonini tashkil etish va samarali boshqarishdagi pedagogik texnologiyalarning imkoniyatlaridan foydalanishga oid bilim, ko‘nikma va malakalar bilan qurollantirish.
Fanning vazifasi – bo‘lajak o‘qituvchilarini zamonaviy pedagogik texnologiyalarning nazariy asoslariga oid bilimlar bilan qurollantirish; yangi texnologiya darajasida pedagogik jarayonni samarali tashkil etish uchun zarur ko‘nikmalarni egallash; zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng doirada qo‘llay olishga yo‘naltirish; pedagogik faoliyatni amalga oshirishda ijodiy va metodik savodxonlikka tayyorgarlikni shakllantirishdan iborat.
Pedagogik texnologiya, ta’lim tizimidagi mustaqil fan sifatida o‘quv jarayonning barcha elementlarini – o‘quv grafigini va o‘quv rejasini tuzish, o‘qitish va uning natijalarini baholashni o‘z ichiga oladi.
Oliy ta’lim muassasasining o‘quv jarayoni o‘quv materialini to‘la o‘zlashtirish tamoyillariga tayanishi lozim. Ya’ni, fanning o‘quv dasturiga muvofiq, o‘quv materiali barcha talabalar tomonidan o‘zlashtirilishi shartdir.
O‘quv materialining to‘la o‘zlashtirilish tamoyili – har qaysi mavzu bo‘yicha talaba tomonidan bilim olish faoliyatining o‘rnatilgan darajasiga erishishni anglatadi.
“Pedagogik texnologiyalar” fanining boshqa fanlar bilan bog‘liqligi. “Pedagogik texnologiyalar” fanini pedagogika nazariyasi tarixi, pedagogik mahorat, pedagogik va psixologik fanlarni o‘qitish metodikasi, O‘zbekistonning eng yangi tarixi, falsafa, ta’limda axborot texnologiyalari fanlari bilan o‘zaro bog‘liqlikda quriladi.
Pedagogik texnologiya fan sifatida bir qancha asoslarga ega. Bulardan eng ahamiyatlilari ijtimoiy, falsafiy, metodologik, gigienik, mafkuraviy, huquqiy-me’yoriy, iqtisodiy, tarixiy, nazariy, amaliy va h.k.z.
Pedagogik texnologiyaning ijtimoiy asosi har bir shaxs, jamiyat va davlatning ta’lim sohasidagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, yuzaga kelgan ehtiyojlarni qondirish maqsad va talablarining tashkiliy shakllari, usullarini belgilaydi. U shaxsni jamiyat va davlat rivojlanishidagi asosiy omillardan hisoblanadi.
Pedagogik texnologiyaning falsafiy asosi uning maqsadlari hamda tashkiliy shakl va usullarini falsafiy jihatdan to‘g‘ri yo‘nalishda bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi. Falsafiy oqim va yo‘nalishlardan har biri ta’lim-tarbiya masalasiga o‘ziga xos yondashadi. Shu sababli “Pedagogik texnologiya” fanining falsafiy yo‘nalishi uning tog‘ri yoki noto‘g‘riligini, jamiyatning ma’lum maqsadlariga muvofiq kelishi yoki aksincha, zid holatlarini ko‘rsatadi. Bu pedagogik texnologiyalarga baho berishda asosiy ko‘rsatkichlardan sanaladi.
Pedagogik texnologiya fanining metodologik asosi uni amalga oshirishda qanday metodlarga asoslanishini belgilaydi. Insonlarning olamini hamda o‘zligini bilishlari turli tarixiy davrlarda turlicha asoslarga ega bo‘lgan va ular o‘ziga xos metodlarni keltirib chiqaradi. Hozirda olam va uning xususiyatlari haqida xolis ma’lumotlar olish haqqoniy bilimlar hosil qilishning ilmiy metodikasi pedagogik texnologiyalarning metodologik asosi hisoblanadi. Metodologik asosning ilmiy jihatdan to‘g‘ri belgilanishi texnologiyalar uchun zaruriy shartdir.
Pedagogik texnologiyaning didaktik asosi uning ta’lim-tarbiya jarayonini qoida va tamoyillarga muvofiqligini belgilaydi. Didaktik talablar ta’lim-tarbiyaviy vazifalarning nazariy jihatdan tog‘ri bajarilishini ta’minlaydi. Pedagogik texnologiyaning didaktik to‘g‘ri bo‘lishi uning yuqori samaradorligining zaruriy sharti bo‘lib, buning uchun zamonaviy didaktikaning ilmiy xulosalaridan ijodiy foydalanish talab qilinadi.
Pedagogik texnologiyaning umumiy tarkibiy tuzilmasi, mazmuni, shakli, usullari, vositalari, pedagogik jarayonning tashkil qilinishi, amalga oshirilishi, uning diagnostikasi, monitoringi, o‘quv-mavzu rejalar va shu kabilarning ilmiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lishini ta’minlanishi pedagogik texnologiyaning pedagogik asosi bo‘lib xizmat qiladi. Pedagogik texnologiyalar hozirgi pedagogika fanining rivojlanishida juda katta o‘rin egallab kelmoqda.
Pedagogik texnologiyaning psixologik asosi psixologiya fanining ilmiy xulosalari va tavsiyalari bilan belgilanadi. Ulardan ta’lim-tarbiya jarayonida to‘g‘ri foydalanish orqaligina kutilgan natijaga erishish mumkin. Shu sababli pedagogik texnologiya psixologiya qonunlarini to‘liq hisobga olishi talab etiladi.
Ta’limning har bir bosqichida tegishli yosh psixologiyasi xususiyatlariga moslashtirilgan pedagogik texnologiyalar qo‘llaniladi. Har bir bosqichda tegishli darajadagi bilim va tarbiya beriladi. Bu masalalarni o‘rganish bilan pedagogik psixologiya fani shug‘ullanadi.
Pedagogik texnologiyaning fiziologik asosi o‘quvchilarning turli yoshdagi fiziologik xususiyatlarini hisobga olishdan iborat. Bunda og‘il va qiz bolalar fiziologiyasidagi farqlar alohida hisobga olinishi lozim. Pedagogik texnologiya jarayonida fiziologik talablarni hisobga olish, sog‘lom avlodni voyaga yetkazishning zaruriy sharti hisoblanadi.
Pedagogik texnologiyaning gigienik asosi ta’lim-tarbiya jarayonida salomatlikni saqlash talablariga rioya qilishdan iborat. Bunda turli zararli va ortiqcha ta’sirlarni bartaraf qilish, o‘quv sharoiti: yoritilganlik, harorat, havoning tozaligi, o‘quvchi va o‘qituvchining ish o‘rni, jihozlar, o‘quv yuklamalarining me’yorlari, didaktik vositalarning qulayligi, sifati va shu kabilar tibbiyot, fiziologiya, ekologiya talablariga, insonparvarlik g‘oyalariga muvofiq bo‘lgan ilmiy asoslarda belgilab boriladi. Bu talab va me’yorlarga rioya qilish pedagogik texnologiyani amalga tadbiq etish imkoniyatini yaratadi.
Pedagogik texnologiyaning mafkuraviy asosi uning milliy istiqlol g‘oyasi va mafkurasi tamoyillarini o‘zida mujassam etishi va ularni amalga oshirishga yo‘naltirilgan bo‘lishidan iborat. Bunda barkamol insonni shakllantirishda mafkuraviy tarbiyaning fidoiy, mustaqil fikrlay oladigan, xulq-atvori bilan boshqalarga ibrat bo‘ladigan bilimli, ma’rifatli, ijtimoiy faol insonni voyaga yetkazishdan iborat asosiy vazifalarni amalga oshirib borishi har bir pedagogik texnologiya uchun dolzarb masalalardan hisoblanadi.
Pedagogik texnologiyaning iqtisodiy asosi ta’lim menejmenti xulosalari va marketing tadqiqotlari natijalariga muvofiq tarzda belgilanadi. Pedagogik texnologiya ijtimoiy sohadagi faoliyat bo‘lgani uchun uning iqtisodiy samarasi o‘ziga xos tartiblarda aniqlanadi va ta’minot masalalari hal qilib boriladi. Pedagogik texnologiyaning iqtisodiy asosini mustahkam bo‘lishi uni amaliyotda davom ettirish uchun zaruriy shart hisoblanadi.
Pedagogik texnologiyaning tarixiy asosi ta’lim-tarbiya masalalarini turli tarixiy davrlarda amalga oshirishning shakl va usullari, mazmuni hamda turli pedagogik nazariyalar haqidagi ma’lumotlardan iborat bo‘lib, ular zamonaviy pedagogik texnologiyalarning kelib chiqishi uchun zamin hisoblanadi. Hozirgi pedagogik texnologiyalar turli davrlarda boshlangan ishlar, olib borilgan tahlillar, xulosalar, mutafakkirlar bildirgan fikr-mulohazalarning rivojlantirilishi asosida paydo bo‘lib, takomillashib bormoqda. Pedagogik texnologiyaning tarixiy asosi uning o‘ziga xos ildizlarini tashkil qilishini hisobga olgan holda ularni bilish va chuqur o‘rganish, kelgusi rivojlanish yo‘llarini belgilashda muhim ahamiyatga ega.
Yuqorida aytilgan ta’rif va tavsiflar umumlashtirilsa, har bir pedagogik texnologiyaning o‘z nazariy va amaliy asoslari kelib chiqadi. Ular alohida maqsad, vazifalari, mazmuni, shakl, usul, vositalariga muvofiq holatda belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |