4.Iqlimi va suv resurslari. O’zbekiston iqlimi keskin kontinental: yozi issiq, kishi ancha sovuq. Mamlakat ichida esa chekka shimol va shimoli- g’arbda mo’’tadil, qolgan tekislik hududlarda subtropik xususiyatga ega. Yillik o’rtacha harorat shimoldagi +8,9dan, janubdagi +18 darajagacha farqlanadi. Yanvar oyining o’rtacha harorati faqat janubda - Surxondaryoda noldan yuqori (masalan, Sherobodda +3.6, Ustyurtda minus 8-11 daraja. Iyul oyida o’rtacha harorat Termiz yoki Sherobodda plyus 31- 320, Toshkentda +270, Samarqandda +260, tog’ va tog’oldi hududlarda bu ko’rsatkich birmuncha pastroq.Ma’lumki, o’simliklar rivojlanishi uchun sutkalik harorat +5° darajadan past bo’lmasligi kerak. Musbat haroratlar yig’indisi vegetatsiya davrini belgilab beradi. Respublikamizning eng janubida bu miqdor 4000-4900 darajaga yetadi, shimolda va tog’li hududlarda esa u 2000-30000 atrofida.
Respublikamizda quyoshli kunlar ko’p, shu bois, bu yerda quyosh energiyasi-radiatsiyasidan foydalanish imkoniyatlari ham keng. Xususan, bu borada Buxoro, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari ajralib turadi.Yog’in-sochin kam respublika hududida turlicha taqsimlangan: chekka shimol va shimoli-g’arbda yiliga o’rtacha 100 mm ga ham yetmaydi, ayrim tog’ na tog’oldi mintaqalarida esa bu raqam 8-9 marta ortiq. Eng ko’p yog’in Atlantika nam havo massasi yo’nalishiga tug’ri turgan tog’li hududlarda qayd etiladi (Ugom, Piskom, Qorjantov va b., Urgut tumanida joylashgan Omonqo’tonda). Farg’ona vodiysining g’arbiy qismida yog’in-sochin miqdori ancha kam (masalan. Pop tumanida 100 mm atrofida), uning sharqiy qismida esa bundan 2-2,5 marta ziyod. Bu mashhur iqlimshunos olim A.I.Voeykovning namgarchilik bilan aholi joylashuvi (zichligi) o’rtasidagi qonuniy aloqadorlik to’g’risidagi fikriga yaqqol dalil bo’la oladi. Toshkentda mazkur ko’rsatkich 360-370, Samarqandda 325-330, Urganch yoki Nukusda esa atigi 80-90 mm ni tashkil qiladi.
Yog’inlar miqdorining asosiy qismi bahor va qish oylariga to’g’ri keladi, yozda va kuzda ular juda kam. Respublikamizning aksariyat hududida mavjud (real) yog’in miqdoriga ko’ra mumkin bo’lgan bug’lanish ba’zi joylarda 8-10 marta ortiq. Demak, qurg’okchilik sharoitida dehqonchilik faqat sun’iy sug’orish asosida olib boriladi.
O’zbekiston berk gidrologik havzada joylashgan. Uning aksariyat daryolari tranzit xususiyatga ega, ya’ni ular asosan respublika tashqarisida, qo’shni mamlakatlar hududida (Tojikiston va Qirg’izistonda) shakllanadi. Masalan, Amudaryoning suv yig’ish maydoni 80 kv.km ga yaqin, shundan 8 foizi O’zbekistonga to’g’ri keladi, xolos. Sirdaryo uchun bu ko’rsatkich, mos ravishda, 38 va 10 ga teng.
Respublikamizning asosiy daryolari - Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sheroboddaryo va boshqalar. Ulardan asosan qishloq xo’jaligida, sug’orma dexqonchilikda foydalaniladi. Aynan shu maqsadda 40 dan ortiq katta-kichik suv omborlari, qator kanallar qurilgan. Ularga Chorbog’, Tuyabo’g’iz, Tuyamo’yin, Kattaqo’rg’on, Pachkamar, Andijon, Hisorak, Tollimarjon, Chimko’rg’on, Janubiy Surxon va boshqa suv omborlari, Katta Farg’ona, Andijon, Janubiy Farg’ona, Katta Namangan, Amu-Buxoro, Qarshi, Darg’om, Eski Anhor, Shovot, Toshsaqa hamda Sirdaryo viloyatidagi kanallar misol bo’la oladi.Mamlakatimizda yer osti suvlari, ayniqsa, turli mineral tarkibga ega bo’lgan shifobaxsh suvlar ham oz emas. Ular Xo’jaikon, Omonxona, Jayronxona, Chortoq, Toshkent, Chinobod) va boshqalardan iborat. Hozirgi kunda mamlakatimizning turli shaharlarida xalq orasida an’anaviy nom olgan “Toshkent suvi” ishlab chiqariladi (Qarshi, Farg’ona va x.k.).
Shuningdek, yer osti suvlarining cho’l hududlarida chorvachilikni rivojlantirishda ham ahamiyati katta.
Do'stlaringiz bilan baham: |