Taraqqiy etgan millatlarning o‘z tarixini yaxshi bilishi va qadrlashi, tarixiy yodgorlik va
obidalarini e’zozlashi ko‘z qorachig‘idek asrashining ko‘pgina sabablari bor. Bu eng avvalo, tarix
insoniyat paydo bo‘lganidan to hozirgacha davom etib kelayotgan ijtimoiy jarayon oynasi ekanligi
bilan bog‘liqdir. Ikkinchidan esa, butun insoniyat shu tarixga qarab, o‘z o‘tmishi va borligini
anglaydi, kelajak rejalarini belgilaydi.
Farg‘ona harbiy gubernatori M.A.Skobelovning «Millatni yo‘q qilish uchun uni qirish shart
emas, uning madaniyatini, san’atini, tilini yo‘q qilsangiz bas, tez orada o‘zi adoyi tamom bo‘ladi»,
- degan shovinistik shiorga amal qilganligini aytib o‘tish joiz.
Kommunistik partiya tomonidan mahalliy millatlar tarixiga nisbatan olib borilgan siyosat,
uning Siyosiy byurosi topshirig‘i asosida SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB)sining 1947-
yilda mutlaqo maxfiylikda ishlab chiqqan ko‘rsatmasida o‘z aksini quyidagicha topgan edi: «Tarix
darslarida o‘tmishdagi siyosatdonlardan kimlar vatan ravnaqi uchun xizmat qilishgani yoki xizmat
qilishga urunishgani xaqida gapirish mumkin emas, e’tiborni faqat podsholar zulmi va ularga
qarshi qaratilgan xalq kurashiga burmoq lozim».
Shuning uchun ham o‘tgan chorakam bir asrlik kommunistik mustamlaka davrida
O‘zbekiston tarixi tahqirlandi, soxtalashtirildi, xalq ta’limi sohasida o‘qitiladigan fanlar tizimiga
fan sifatida kiritilmadi. Faqat, maktabning 5-sinflaridagina «O‘zbekiston tarixidan hikoyalar»
degan «hikoyalar» predmeti o‘qitildi. Bundan asosiy maqsad xalqimizda o‘z o‘tmishiga nisbatan
nafrat ruhini tarbiyalash va teskari tarixiy xotirani shakllantirishdan iborat bo‘ldi. Bu mash’um
siyosatning «samarasi» o‘laroq muborak istiqlolning dastlabki yillarida ayrim kommunistik
mafkuraga berilgan katta tarixchi olimlar O‘zbekiston tarixini oliy o‘quv yurtlarida o‘qitilishiga
har xil bahonalar bilan qarshilik ko‘rsatdilar. Bu antiqa «qarshilik» to 1993-yilning sentyabrigacha
davom etdi. Mana shu o‘quv yilidan boshlab Vatanimiz tarixi tarixda birinchi bor oliy o‘quv
yurtlarida o‘qitiladigan fanlarning orasida o‘zining qonuniy o‘rni va nufuziga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston hukumati mustaqillikdan so‘ng Vatan tarixi haqida odilona siyosat yuritdi.
Uning millat ma’naviyati va mafkurasi, xalq ta’limida tutgan o‘rniga yuksak baho berib, uni davlat
siyosatining ustivor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tardi.
O‘zbekiston tarixi – hozirgi buyuk va muqaddas istiqlolimiz ila bir yarim asrlik
mustamlakachilik g‘aflat uyqusidan ko‘z ochib uyg‘ongan xalqimiz istiqbolimizni belgilashda,
zamonaviy mutaxassis kadrlarni tayyorlashda eng zaruriy dasturilamaldir.
Umuman, Ona tarixni o‘qitish va o‘rganish hozirda avj olib rivojlanayotgan islohotchilik va
yangilanish harakati davrida ijtimoiy zaruriyatgina emas, balki hayotiy ehtiyojga aylangan. Bu
ehtiyoj milliy ma’naviy-mafkuraviy uyg‘onish, madaniy va iqtisodiy yuksalishlarga bo‘lgan
ehtiyojlarning bosh mezoni hisoblanadi. Tarixga bo‘lgan millat ehtiyojining qondirilishi
taraqqiyot va milliy uyg‘onishning asosidir.
Haqqoniy yozilgan Vatan tarixini o‘rganish va o‘qitish shuning uchun ham kerakki, u soxta
tarixiy tushuncha va tarixiy xotirasizlikka barham beradi, milliy g‘oya va mafkura
takomillashuvini tezlashtiradi. Vatan tarixini o‘qitish va o‘rganish yana shuning uchun ham
zarurki, xalqimiz undan ruhiy quvvat olib, dushmanga bosh egmaslik, qayta mustamlaka
qopqoniga tushmaslik, boshqalarga bo‘ysinmaslik, begona g‘oya va mafkura hamda zug‘umlar
ta’siriga berilmaslik ma’naviyatiga ega bo‘ladi. Tarixni mukammal bilish, uning mazmun va
mohiyati, falsafasini teran anglash millat uchun yuksak fazilat.
O‘zbekiston tarixi fani oldida turgan asosiy vazifa quyidagilardan iboratdir: birinchidan,
yoshlarga va bo‘lajak mutaxassis kadrlarga chuqur milliy va umuminsoniy tarixiy, g‘oyaviy-
siyosiy, ilmiy-nazariy dunyoqarashni singdirish. Ikkinchidan, yoshlarda milliy tafakkur, g‘urur
va o‘zlikni, milliy vijdon va umuminsoniy barkomollikni tarbiyalash. Uchinchidan, yoshlarda
otashin vatanparvarlik va harbiy jasoratni, millat va Vatanga sadoqatlikni tarbiyalash.
Do'stlaringiz bilan baham: