4-Mavzu. QONUN USTUVORLIGINI TA’MINLASH VA SUD HUQUQ TIZIMINI YANADA ISLOH QILISHNING USTUVOR YO‘NALISHLARI
Reja:
1-&.Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash,sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirish jarayonida sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot – kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish.
2-&.Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlash.Ma’muriy, jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy qonunchilikni takomillashtirish.
3-&.Jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarlikning oldini olish tizimini takomillashtirish yo‘llari, jamoatchilik nazorati va kafolatlangan xavfsizlik.
1-&.Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirish jarayonida sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda odil sudlovga erishish orqali sudning nufuzini oshirish va xalqning sudga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash sud – huquq tizimini isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoev 2018 yil 28 dekabr kuni Parlamentga qilgan Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, “...yurtimizda so‘nggi yillarda qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq sohasini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu o‘zgarishlar inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash va odil sudlovga erishish, huquqni muhofaza qilish idoralari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan”. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr – qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi mustahkamlanib qo‘yilgan (13-modda). Ijtimoiy qadriyatlarning davlat foydasini emas, balki inson foydasini ko‘zlab o‘zgartirilishi jamiyat tomonidan to‘la qo‘llab – quvvatlanadi. Zero, hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi tamoyilining Konstitutsiyamizda belgilanganligi (11-modda) mustaqilligimizning eng muhim yutuqlaridan biri hisoblanadi. Ta’kidlash kerakki, faqat shunday umum e’tirof etilgan, jahon tajribasida sinovdan o‘tgan demokratik yo‘l bilangina odil sudlov lozim darajada amalga oshirilishi, Konstitutsiyaga va inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro hujjatlarga so‘zsiz rioya etilishi, ijtimoiy adolat, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlash, qonuniylik va huquqiy tartibotning mustahkamlanishiga erishish mumkin.
Sud hokimiyatining tashkil etilishi va amal qilishi asoslarini belgilovchi qonunlarning qabul qilinishi so‘zsiz jamiyatni demokratlashtirish borasidagi jiddiy yutuqlar sirasiga kiradi. Ular jumlasiga O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Qonunlari, Fuqarolik, Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Jinoyat, Jinoyat protsessual, Ma’muriy javobgarlik, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslar va boshqa qonun hujjatlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmonlari va qarorlarini kiritish mumkin. Sud hokimiyatining yagonaligi, sudyalarning mustaqilligi, sud korpusining shakllantirilishini belgilaydigan huquqiy qoidalar, shuningdek sudlar faoliyatini moliyalashtirish va moddiy – texnika masalalari ayni shu hujjatlarda bayon qilingan. Protsessual kodekslarda esa huquqiy demokratik davlat barpo etish sharoitida odil sudlovni amalga oshirish tamoyillari, sud ishlarini xalqaro andozalarga muvofiq tarzda yuritish qoidalari, ya’ni sud ishlarini yuritishda tortishuv, aybsizlik prezumpsiyasi, protsessda tomonlar tengligi kabi tamoyillar o‘z aksini topdi. Sudyalar korpusini shakllantirish tizimini sud hokimiyatining mustaqilligi prinsipiga to‘liq moslashtirish, bu jarayonda keng jamoatchilik ishtirokini ta’minlash, ichki ishlar vaziri, Milliy gvardiya qo‘mondoni va Bosh prokurorning respublika hududlariga shaxsan mas’ul etib tayinlanishi, “mahalla posboni” lavozimi tugatilib, uning o‘rniga profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilishi, jinoyat qonunchiligini yanada takomillashtirish va liberallashtirish maqsadida jinoyat va jinoyat-protsessual kodekslarining yangi loyihalarini tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar sud-huquq sohasidagi islohotlarning izchilligi va qat’iyligidan dalolatdir.
O‘tgan davr mobaynida sud tizimi faoliyati samardorligini oshirish, sudyalarni tanlash va joy – joyiga qo‘yish tartibini takomillashtirish, har bir ish bo‘yicha qonuniy, asoslantirilgan va adolatli sud qarori chiqarilishini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora – tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi – Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va uning tarkibida harbiy sudlar, fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy va ma’muriy sudlar to‘la – to‘kis tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy kengashi tuzildi, sudyalik lavozimiga muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibi joriy qilindi. Ta’kidlash joizki, barcha toifadagi sud ishlarini sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqish amaliyotining kengaytirilganligi aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish va sud hokimiyatining ochiqligini oshirish yo‘lida ko‘rilgan muhim chora bo‘ldi. Sudyalar tomonidan aholi bilan ochiq muloqotlar tashkil etilayotgani, mahalla, korxona va tashkilotlarda sayyor sud majlislari o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani tizimning ochiqligini ta’minlash bilan birga, aholining sud tizimiga, adolatga, davlatga ishonchini oshirishga xizmat qiladi.
SHu bilan birga, sud hokimiyati organlari faoliyatining tahlili ular zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan qator muammo va kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan chora – tadbirlar rejasini ishlab chiqish uchun asos bo‘ladi.
Sud hokimiyati organlarining xususiyatlari shundaki, ular konstitutsiyaga asosan (106 - modda ), qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi. Lekin, bu davlat hokimiyati tizimiga kirgan har bir hokimiyat amaliy ish yuritishda qarama – qarshi ish olib borishi mumkin, degan ma’noni anglatmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 11 – moddasiga muvofiq davlat hokimiyatining tizimi – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linsada, ularning biri ikkinchisidan ajralgan holda ish yuritmaydilar. Davlat hokimiyati tizimining bo‘linish prinsipiga asoslanishi, hokimiyatni o‘ta markazlashtirishdan, uni yagona yuqori mansab egasi qo‘lida bo‘lishidan saqlaydi, bitta hokimiyatning o‘zboshimchalik bilan ish yuritishiga yo‘l qo‘ymaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 106 - moddasida va O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunining 2 – moddasida ko‘rsatilganidek, sud o‘z faoliyatini mustaqillik, sudyalarning mustaqilligi va faqat qonunga bo‘ysunishi prinsiplari asosida amalga oshiradi. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron – bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Bugungi kunda sud hokimiyati davlat hokimiyatining mustaqil tarmog‘i ekanligi to‘g‘risidagi nuqtai – nazar to‘la qaror topdi. Huquqiy davlat g‘oyasining e’lon qilinishi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida sud hokimiyati davlat hokimiyatining alohida va mustaqil tarmog‘i sifatida e’tirof qilinganidan keyingina qonunlarda o‘z aksini topgan muayyan nazariy baza yaratildi.
SHaxsning huquqlarini himoya qilish muammolari bilan bevosta bog‘liq bo‘lan sud nazorati g‘oyasi, shubhasiz, ma’naviy jahatlarga ega bo‘lib, o‘z ildizlari bilan teran o‘tmishga singib ketadi. Hokimiyat bo‘linishi haqidagi ta’limot amalda dunyodagi barcha demokratik rivojlangan mamlakatlarning konstitutsiyaviy qonunchiligida va davlat qurilishida mujassam bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida sud hokimiyatiga maxsus bob bag‘ishlangan bo‘lib, unda “sud hokimiyati” atamasi sud tizimining tashkil etilishi va sudlar faoliyatining tamoyillarini qamrab oladigan qator asosiy qoidalar orqali ochib beriladi.
Fanda sud hokimiyatining ta’rifi bo‘yicha ikkita asosiy yondoshuv mavjud bo‘lib, birinchi konsepsiyaga ko‘ra, “sud hokimiyati qonunga bo‘ysundirilgan va sud ishlarini yuritish tartibida qonunni qo‘llashga da’vat etilgan organlar tizimini tashkil qiladi” deyilsa, “ikkinchisida” sud hokimiyatini sud ishlarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq faoliyat sifatida talqin etiladi. Muhimi, har ikkala konsepsiyada sud hokimiyatini ifodalovchi uzviy birlikdagi ikkita asosiy jihat ajratib ko‘rsatiladi.
O‘zbekiston Respublaikasi Oliy sudi Plenumi sud hokimiyati tushunchasiga birinchi marta quyidagicha ta’rif beradi: ”Sud hokimiyati – bu sudlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari ustuvorligi prinsipiga so‘zsiz rioya qilish asosida jinoiy, fuqarolik, xo‘jalik ishlarini va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish bo‘yicha vakolatidir”103.
“Oliy sud Plenumi ta’rifida sud hokimiyatining muhim funksiyalari qayd etilgan bo‘lsada, ...O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga yuklangan konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshirish o‘z aksini topmagan” deb, ba’zi protsessualchi olimlar yuqorida keltirilgan ta’rifga qo‘shimcha tarzda “O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati davlat hokimiyatining bir tarmog‘i sifatida inson va fuqaro huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga doir davlat faoliyatining ham ma’nosi va mazmunini belgilab beradi”104.
Mazkur ta’rif “sud hokimiyati” atamasiga singdirilgan teran mazmunni hozirgi davr, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi oldida turgan g‘oyat katta ahamiyatga ega vazifa – davlat organlarini inson huquqlarini hurmat qilishga majbur etish, huquqiy me’yorlarni real huquq va majburiyatlarga aylantirish, davlatning inson oldidagi o‘z vazifalarini bajarishini ta’minlash nuqtai – nazaridan to‘liq ochib beradi. Zero, sud hokimiyati alohida qonun hujjatlarida belgilangan, bir necha ko‘rinishlarda (konstitutsiyaviy, fuqarolik, iqtisodiy, harbiy, jinoiy va ma’muriy) qaror topgan tartib – qoidalar asosida faqat maxsus ta’sis etilgan davlat organlari - sudlar tomonidan amalga oshiriladi. Ularning asosiy maqsadi - qonuniy, asoslantirilgan va adolatli echimga erishilishini ta’minlashdan iborat.
Sud tizimining huquqiy negizlaridan biri – Konstitutsiyaning 107- moddasiga muvofiq, respublikada Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, harbiy sudlar, fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy va ma’muriy sudlar amal qiladi. Sudlarni tashkil etish va ularning faoliyat ko‘rsatish tartibi qonun bilan belgilanib, favqulodda sudlar tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.
1993 yil 6 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Qonun105 Konstitutsiyaviy sudning faoliyatini tashkil qilish masalalariga bag‘ishlangan ilk hujjat bo‘lgan.
Umumiy yurisdiksiya sudlari, shuningdek xo‘jalik (hozirda iqtisodiy) sudlarining faoliyati dastlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun106 bilan tartibga solingan. Ushbu huquqiy hujjatda sud tizimining tashkiliy asoslaridan tashqari demokratik huquqiy davlatning faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashning zaruriy sharti sifatida sudyalarning mustaqilligi kafolatlari belgilab qo‘yilgan.
Inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan faoliyatni amalga oshiradigan sud hokimiyatining shakllantirilishi, davlatda ijtimoiy barqororlik va qonunchilikning ta’minlanishi, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunlarning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasida sud islohoti ilk bosqichining asosiy mazmunini tashkil etdi.
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash va sud organlarining nufuzini oshirishga qaratilagan islohotlarning dastlabki bosqichida sud tuzilishiga oid asosiy tamoyillarining hozirgi zamon andozalariga va xalqaro huquq me’yorlariga mos bo‘lishiga erishildi. Unda, sud ishlarini yuritish, aybsizlik prezumpsiyasi, tortishuv jarayoni, himoya huquqi singari muhim tamoyillar mustahkamlandi, sudning demokratizmi, ob’ektivligi, har qanday fuqaroning sudga murojaat qilish imkoniyati kengaytirildi.
SHuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, sud hokimiyati sohasidagi chuqur tub o‘zgarishlar birinchi va ikkinchi avlod qonunlari qatorida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Ma’muriy javobgarlik, Fuqarolik kodeslari, “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti – harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to‘g‘risida”gi, “Advokatura to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlar muhim ahamiyat kasb etdi va sud – huquq tizimini qayta qurish sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash, sudning jamiyat va davlatdagi o‘rnini belgilash va sud tizimini demokratlashtirish asoslarini yaratish jarayonida zaruriy qadam bo‘ldi.
Hozirgi kunda axborot kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) hayotimizning har bir sohasiga keng kirib kelib, mamlakatimizning iqtisodiy va ma’naviy yo‘nalishlarini jadal sur’atda rivojlantirmoqda.
Bu boradagi keng ko‘lamli ishlar sud tizimida ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 21 martda qabul qilingan “Zamonaviy axborot – kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora – tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori va Vaziralar Mahkamasining 2012 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot – kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora – tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot – kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish dasturi doirasida boshlanib, izchillik bilan bosqichma – bosqich davom etib kelmoqda.
Mazkur dastur asosida sudlar faoliyatida kompyuterlashtirish darajasi va kompyuter texnikasidan foydalanish samaradorligini oshirish, sudlarda axborot tizimlari va resurslarini yaratish, tadbirkorlik sub’ektlari va aholiga ko‘rsatiladigan interfaol xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va sifatini yaxshilash borasida davomli ishlar olib borilmoqda. Ushbu huquqiy hujjatlar ijrosi bo‘yicha, shuningdek, umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatiga zamonaviy AKTni joriy etishning konseptual yo‘nalishlari va maqsadli ko‘rsatkichlari belgilab olindi hamda O‘zbekiston Respublikasi umumiy yurisdiksiya sudlarida AKT joriy qilish dasturi huquqiy asos sifatida qabul qilindi.
O‘tgan davrda ushbu dastur asosida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda quyi sudlarda mahalliy hisoblash tarmoqlarini tashkil etish va ularni korporativ tarmoqqa birlashtirish borasida zarur texnik hujjatlar ishlab chiqildi.
Qog‘ozsiz va avtomatlashtirilgan ish jarayonlariga bosqichma – bosqich o‘tish yo‘li bilan sud ishlarini yuritishning tezkorligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Bu borada fuqarolar uchun ma’lumotlar almashishining elektron vositalari orqali ariza, da’vo arizasi, iltimosnoma va ularga ilova qilinadigan hujjatlar bilan birgalikda sudga murojaat qilish amalga oshirilmoqda.
Xususan, “O‘zbekiston qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida yaratilgan “E - SUD” milliy elektron sudlov tizimining sud buyrug‘ini chiqarish bo‘yicha Zangiota, YUqori CHirchiq, Bekabod tumanlararo sudlari, Toshkent shahri fuqarolik ishlari bo‘yicha YAkkasaroy, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, SHayxontohur va Uchtepa tumanlararo sudlarida, bugungi kunda esa respublikamizning barcha sudlarida samarali faoliyat yuritmoqda.
2015 yil 9 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi Qonunga asosan, amalda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 39 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi va 2016 yilning 1 yanvaridan boshlab fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga elektron shaklda murojaat qilish tartibi belgilandi. Natijada fuqarolar tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga elektron shaklda murojaat qilish, sudlar esa, chaqiruv qog‘ozlari, qaror nusxalari va boshqa sud hujjatlarini elektron shaklda yuborish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
“E - SUD” milliy elektron axborot sudlov tiziminini sudlar faoliyatiga yanada jadal sur’atlarda joriy etish va undan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining 2016 yil 28 yanvardagi “Fuqarolik ishlari bo‘yicha Respublika sudlarida elektron aloqa vositalaridan foydalangan holda berilgan murojaatlarninig ko‘rib chiqilishini ta’minlash hamda Toshkent shahar va Toshkent viloyat sudlarida “E - SUD” milliy elektron sudlov axborot tizimidan foydalanishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ta’kidlash o‘rinliki, ushbu tizim (www.esud.uz) jismoniy va yuridik shaxslarning sudlarga murojaat qilish jarayonini tezlashtirish va sudlarda ishlarni ko‘rish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Sudlar faoliyatiga zamonaviy AKT ning izchil joriy qilinishi, xech shubhasiz, inson huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
2017 yil 30 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot – kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora – tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ№ 3250 – son qarordan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad sudlar faoliyati ochiqligi, shaffofligi va tezkorligini ta’minlashdan iborat bo‘lib, sudlarda ishlarning o‘z vaqtida ko‘rilishi ustidan samarali nazorat tzimini yaratish maqsadida ularning ishini avtomatlashtirish va faoliyati haqidagi ma’lumotlarni tizimlashtirishni nazarda tutadi.
SHuningdek, sudlarda ish ko‘rilishi samaradorligini ta’minlovchi axborot tizmlari va resurslarini takomillashtirish, sudlar tizimida axborot xavfsizligi va xavfsiz elektron hujjat aylanishini ta’minlash, sudyalar va sud xodimlarining kompyuter savodxonligi va o‘z ishida axborot – kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Mazkur qaror bilan 2017-2020 yillarda sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot – kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish navbatdagi yangi dasturi tasdiqlandi. Dasturning amaliy ijrosi doirasida 2018 yil sentyabridan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining yangi rasmiy veb – sayti, undagi interaktiv xizmatlar yaratildi, www.sud.uz, www.oliysud.uz va www.supcourt.uz manzillari bo‘yicha sayt joylashtirildi. Endilikda ushbu tizim orqali fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga elektron murojaat qilish bilan birga sud majlislarining jadvali, kuni va vaqtidan elektron tarzda xabardor bo‘lish, barcha sud qarorlari bilan tanishish mumkin.
O‘zbekistonda ilk marotaba doimiy ishlovchi sud majlislarining onlayn translyasiyasi joriy etildi. Bu holat ayni sud jarayonini Oliy sudning veb – sayti orqali to‘g‘ridan – to‘g‘ri kuzatib borish imkoniyatini beradi. Hozirda ushbu tizim sinov tariqasida O‘zbekistonning chekka hududlari bo‘lgan Xorazm, Surxondaryo va Namangan viloyatlaridagi 12 ta sudga o‘rnatildi va ishga tushirildi. 2018 yilning oxirga qadar 22 ta, 2019 yilda esa 100 dan ortiq sudni onlayn translyasiya tizimiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda107.
Xalqaro ekspertlar ushbu jihatga alohida e’tibor qaratib, O‘zbekistonda ishlab chiqilgan davlat boshqaruviga AKT ni keng joriy qilish, “elektron hukumat” va elektron hujjat aylanishi tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan me’yoriy – huquqiy bazaga yuksak baho berdi. SHu munosabat bilan AKT sohasida amalga oshirilayotgan chora – tadbirlar sudlarni to‘liq axborotlashtirish uchun zarur sharoit yaratayotgani va bu, o‘z navbatida, mamlakatimizda elektron sudlovni tatbiq etishni jadallashtirish imkonini beradi. Odil sudlovning ochiq – oshkoraligi va undan foydalanish imkoniyatini ta’minlash elektron sudlov tizimini joriy qilish hamda sud faoliyatini AKT bilan to‘liq jihozlash borasidagi ishlarning asosiy samarasidir. Bu prinsiplarning hayotga tatbiq etilishi sud axborotidan foydalanish huquqini ta’minlash bilan chambarchas bog‘liqdir.
Sud jarayonlarini boshqarish bo‘yicha ishonchli elektron tizimlarni ishlab chiqilayotganligi va joriy etilayotganligi samarali, zamonaviy hamda hisob beruvchi sud tizimini shakllantirishda, eng muhimi, ishlarni sudda oshkor ko‘rib chiqish prinsipini, axborot ochiqligi, odil sudlovdan foydalanish va uning oshkoraligini ta’minlashda texnologik asos bo‘lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |