Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar: mulkdor bo‘lish huquqi; mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va ishsizlikdan himoyalanish huquqi;dam olish huquqi; ijtimoiy ta’minot huquqi; malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi; bilim olish huquqi; ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi181.
Fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari ustuvor huquq hisoblanadi va bu dalil uning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida birinchi o‘rinda berilganligida ham ko‘rinadi. SHaxsiy huquqlar va erkinliklar fuqarolarning hayoti, sog‘ligi, e’tiqodi bilan bog‘liqdir. SHaxsiy huquq va erkinliklar insonni shaxs sifatida namoyon etuvchi imkoniyatdir. Siyosiy huquqlar fuqarolik bilan bog‘liq bo‘lib, u tegishli davlatning fuqarolariga davlat va jamiyat ishlarini boshqarish imkoniyatini beradi. Siyosiy huquqlarga faqat mamlakat fuqarosi ega bo‘lishi mumkin. Siyosiy huquqlar orqali fuqarolar, tegishli davlat organlarini tuzish, ularni ishida ishtirok etish, davlat organlari va mansabdorlar faoliyatini nazorat qilish, qonunlar yaratilishida ishtirok etish, siyosat va davlat faoliyati haqida o‘z fikrlarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Fuqarolarning mulkka egalik qilish, mehnat qilish, dam olish, nafaqa olish, tibbiy xizmatdan foydalanish, bilim olish, ilmiy va texnikaviy yutuqlardan foydalanish kabilarga bo‘lgan huquqlari “Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar” deb belgilangan. Bu huquqlar davlat tomonidan o‘rnatilib, davlatning iqtisodiy qudratini oshib borishi, imkoniyatlarini kengayishi natijasida kengayib boradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19-moddasiga muvofiq Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas182. Fuqarolar o‘z huquq va erkinliklari oshkora buzilganda (agar fuqaro shunday xulosaga kelgan taqdirda), ular huquq va erkinlarini amalga oshishiga to‘skinlik qiluvchi holatlar mavjud bo‘lsa, fuqarolar zimmasiga qonunlarda ko‘zda tutilmagan vazifalar yuklansa sudga murojaat etishga haqlidir.
Mamlakat qonunlarida fuqarolarning burchlari o‘rnatilib, ular fuqarolarning huquqlarini buzilmasligi, davlat manfaatlariga ziyon etmasligi nuqtai nazaridan belgilanadi. Konstitutsiyada belgilab kuyilgan har qanday burch fuqarolar uchun bajarilishi shart bo‘lgan majburiyatdir.
Demak, bu birinchidan, har bir fuqaro nafaqat Konstitutsiyaga, balki barcha qonunlarga rioya etishga majburdir. Bu qonuniylik prinsipini mazmun va mohiyatiga mos kelib, ana shu prinsipni amalga oshishini ta’minlashni nazarda tutadi. Ikkinchidan, har bir kishi-fuqaro boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdir.
Fuqarolarning shaxsiy huquqlarini belgilovchi Konstitutsiya normalarida har kimga o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqi berilgan bo‘lsa (Konstitutsiyaning 27-modda), Konstitutsiyaning 48-moddasiga asosan boshqa kishilarning huquqlari va erkinliklari, sha’ni va qadr qimmatini hurmat qilishga faqat davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarigina majbur bo‘lmasdan, har bir fuqaro ham majbur ekanligi ko‘rsatilgan183.
Konstitutsiyaning bu moddalarida huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan fuqarolarning burchlarini, ularninn jamiyat va davlatning rivojlanishi asoslaridan hisoblanuvchi Konstitutsiya va qonunlarga to‘la va og‘ishmay amal qilish zarurligini, shu asosda ijtimoiy hayotni rivojlantirishni ta’minlashni nazarda tutadi. Konstitutsiya va qonunlarga rioya qilmaslik xavfsizlikka, fuqarolar manfaatiga, davlat boshqaruviga umuman Konstitutsiyaviy tuzumga jiddiy zarar etkazishi mumkin.
Fuqaro fuqaroligi huquqiy jihatdan e’tirof etilgan hamda muayyan jamiyat (davlat) a’zosi bo‘lgan shaxsdir. Fuqarolik esa huquqiy va axloqiy me’yorlarga ongli rioya etish, ma’lum huquqlardan foydalanish hamda burchlarni bajarishga mas’ullik bilan yondoshuv, mehnat jarayoni va jamoadagi faollik, ma’naviy etuklik asosida muayyan davlatga mansublik demakdir.
Fuqaroviylik bir davlatga mansublikni anglash, davlatga sodiqlik hamda vatanparvarlik hissi sifatida talqin etilishi mumkin. Bunda davlatni, konstitutsiyani, davlat ramzlarini hurmat qilish, davlat tuzumini va qonun ustuvorligini himoya qilishga tayyorlik nazarda tutiladi. Fuqaroviylikni insonga huquqiy, ijtimoiy, ma’naviy va siyosiy jihatdan layoqatli ekanligini his etishni ta’minlovchi va jamlovchi tushuncha sifatida ham talqin etish mumkin.
Fuqaroviylikni insonga huquqiy, ijtimoiy, ma’naviy va siyosiy jihatdan o‘zining layoqatli ekanligini his etishni o‘zida sezadigan shaxsning belgilari sifatidagi tushuncha sifatida ham talqin etish mumkin. V.Dalning lug‘atida qayd etishicha, “fuqaroviylik fuqarolik jamiyatini qaror toptirish uchun jamiyatning ongi va bilimi darajasini ifoda etadigan holatdir”184.
Ko‘rinib turibdiki, fuqaroviylik nafaqat insonning huquqiy maqomi, balki, uning bilimi va jamiyatning va o‘zining holatini anglashi, turli ijtimoiy me’yorlardan xabardorligi va ularga rioya qilish bilan bog‘liqdir. Bunda fuqarolar tomonidan jamiyat taraqqiyoti yo‘lida amalga oshiriladigan o‘zaro birdamlik, o‘zaro hamkorlik singari ixtiyoriy faoliyatda ishtirok etish ham nazarda tutiladi. Bunday holatda fuqaroviylikda huquqqa nisbatan ma’naviyatning ustuvorligi namoyon bo‘ladi. Aslida, an’anaviy jamiyatlarda fuqaroviylik huquqiy mazmunda emas, balki ko‘proq ma’naviy axloqiy ko‘rinishda namoyon bo‘lishi o‘z isbotini topgan.
SHo‘rolar tuzumi davrida fuqaroviylik vatanga sadoqat va vatanparvarlik sifatida talqin etilsa-da, u asosan mafkuralashgan ko‘rinishda namoyon bo‘ldi. Ko‘pchilik hollarda fuqaroviylik vatanparvarlik bilan aralashib ketishi kuzatilgan. Aslida esa vatanparvarlik fuqaroviylikning bir ko‘rinishidir, xolos. Fuqarolik jamiyati fuqarolarning oddiygina yig‘indisi bo‘lmagani singari fuqaroviylik ham faqat individuallik ahamiyatiga ega bo‘lgan hodisa emas. Fuqaroviylik bir mamlakat hududida yashovchi fuqarolarning o‘z vatanlariga sodiqligi, qonunlarni hurmat qilishi, ularga so‘zsiz bo‘ysunishi, shuningdek vatannni himoya qilish va umummilliy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarda o‘z faolligini namoyon qilishni nazarda tutadi. Fuqaroviylikka nisbatan turli fikrlarni umumlashtirsak, u holda unga nisbatan quyidagicha ta’rifni qo‘llash mumkin: “Fuqaroviylik bir tarafdan, jamiyatda shaxsning oliy darajada mustaqilligini anglatsa, ikkinchi tarafdan, kishilarning jamiyat hayotidagi ishtirokida namoyon bo‘ladigan yuqori darajadagi o‘zaro birdamlikni nazarda tutuvchi qarashlar majmuini ifoda etadi”.
Quyidagilar fuqaroviylikni ifoda etuvchi muhim jihatlardir:
fuqaroning o‘z haq-huquqlarini anglab etishi va uni amaliyotda qo‘llay olish ko‘nikmasi;
boshqa fuqarolarning haq-huquqlarini e’tirof etish va hurmat qilish;
fuqaroning o‘z xatti-harakati uchun shaxsiy mas’ud ekanligi;
shaxsning davlat va jamiyat oldida o‘zining huquqiy va axloqiy jihatlardan mas’ullgini anglash;
fuqarolarning bir-birlari bilan o‘zaro tengligi;
yuksak ma’naviy-axloqiy mezonlarga asoslangan holda ijtimoiy voqeliklarga nisbatan ob’ektiv va tanqidiy yondashuvlarga ega ekanligi;
hokimiyat organlari, boshqa fuqarolar va jamoat birlashmalari bilan ijobiy muloqot yuritish va hamkorlik qobiliyati;
bir mamlakat, jamiyat va davlatga, shuningdek unga tegishli bo‘lgan huquqiy, madaniy va tilni o‘zida namoyon qilgan, o‘zini o‘zi anglab qobiliyatini egallagan shaxs.
Fuqaroviylikni shaxsning faolligi darajasi nuqtai nazaridan shartli ravishda quyidagi darajalarga ham ajratib ko‘rsatish mumkin:
fuqaro mas’uliyatli, ongli va vijdonli bo‘lsa, uni dastlabki pog‘onada, ya’ni fuqaroviy xususiyatlarga ega bo‘lgan shaxslar qatorida baholash mumkin;
agar fuqaroda atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga nisbatan ma’lum bir munosabat bildira olish qobiliyati shakllangan bo‘lsa, uni o‘z fuqaroviy nuqtai nazariga ega bo‘lgan shaxs sifatida e’tirof etish mumkin;
agar fuqaro o‘z haq-huquqlari va burchi, ulardan amalda foydalanish yoki bajarish ko‘nikmalarini egallagan bo‘lsa, uni faol fuqaro sirasiga qo‘shish mumkin.
Fuqaroviylikning tugal yoki to‘kis ekanligini quyidagi mezonlar vositasida talqin qilish mumkin:
1. Agar fuqaroviy pozitsiya hali shakllanmagan, fuqaroviy xususiyatlar, o‘z haq-huquqlari uchun kurashish istagi to‘liq namoyon bo‘lmasa, u fuqaroviylikning eng quyi darajasi turgan bo‘ladi.
2. Fuqaro o‘z haq-huquqlari uchun kurashishga moyil bo‘lsa, u haqda o‘z bilim va qobiliyatini namoyon qilishga tayyor bo‘lsa, bundau fuqaroviylikning o‘rta darajasini egallagan bo‘ladi.
3. Agar shaxsda fuqaroviy xususiyatlar hamda faol fuqarolik pozitsiyasi to‘liq shakllangan, o‘z haq-huquqlari uchun amaliy harakatga kirish ishtiyoqi yaqqol namoyon bo‘layotgan bo‘lsa, u holda uni yuqori darajada fuqaroviylik namoyon qilayotgan shaxs sifatida talqin etish mumkin.
SHaxslarning fuqaroviylik sifatlari jamiyat a’zolarini safarbar etish va yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Fuqaroviylik shaxsning o‘z tevarak atrofida bo‘layotgan voqea-hodisalarga nisbatan faol munosabatini, fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishdagi ishtirokini anglatadi. SHuningdek, fuqaroviylik jamiyat oldida ma’lum bir maqsadning shakllanishi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Albatta, jamiyatda fuqaroviylikning rivojlanishi uchun tegishli ma’naviy, ijtimoiy va tarbiyaviy chora-tadbirlar ko‘rish, uning rivojlanishi uchun qulay ijtimoiy muhit yaratish ham muhim ahamiyatga egadir.
Fuqaroviylik shaxsning siyosiy jihatdan komillikka erishishi bilan uzviy ravishda bog‘liq bo‘lib, komillik darajasiga etgan shaxs siyosiy jarayonlar va hodisalarga qiziqish bilan qaraydi, ro‘y berayotgan voqelikni mustaqil ravishda tahlil qilish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Aynan ana shunday qobiliyatga ega bo‘lgan fuqaro kezi kelganda o‘z vatani taqdiri uchun befarq bo‘lmaydi, vatan uchun o‘zining fidoyiligini nmmoyon qiladi. Vatanparvarlik ruhiyatini o‘zida o‘zlashtirgan, mas’uliyat hissiga ega bo‘lgan, siyosiy madaniyati yuksak va o‘zining siyosiy ongini boyitib boradigan jamiyat a’zosini haqiqiy fuqaroviylikka ega bo‘lgan shaxs sifatida baholash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |