1-Mavzu. Moliyaviy tahlilning nazariy asoslari (1-Ma’ruza)
Tahlil so‘zi grekcha “analyzis” so‘zini o‘zbek tilidagi tarjimasi bo‘lib, u “bo‘laman” yoki “ajrataman” degan ma’noni bildiradi. Demak, tahlil deganda, tor ma’noda butunni qismlarga (unsurlarga) ajratish, bo‘laklarga bo‘lish yo‘li bilan uning tarkibiy qismini o‘rganish tushiniladi.
“Tahlil” deganda o‘zi nimani tushunamiz? Tahlil o‘zi nimani o‘rganadi yoki o‘rgatadi? Tahlil bu fanmi yoki metodmi? Bunday savollarni biz juda ko‘p uchratamiz.
“Sintez” atamasi ham grekcha “syntezis” so‘zidan olingan bo‘lib, “birlashtiraman”, “qo‘shaman” degan ma’noni bildiradi.
Shunday qilib, tahlil deganda, keng ma’noda butunni tarkibiy qismlarga ajratish va ularni barcha o‘zaro aloqalari hamda bog‘liqliklarini o‘rganishga asoslangan atrof-muhitdagi hodisa va predmetlarni bilish usuli tushiniladi.
Tahlilnint elementlari birinchi marta 1880-yillarda chiqa boshlagan «Счётоводство» jurnalida paydo bo‘la boshlagan. Keyinchalik bu jurnalda buxgalteriya balansini tahlil qilishga bag‘ishlangan juda ko‘p maqolalar e’lon qilingan. Shunday qilib, tahlilning ba’zi elementlari mavjud bo‘lgan fan – «Balansshunoslik» fani paydo bo‘lgan.
Bu fanning balansshunoslik deb atalishiga asos bo‘lgan, chunki o‘sha paytlarda xo‘jalik faoliyatining natijasi asosan buxgalteriya balansida ifoda etilgan, xolos. Balans ma’lumotlariga asosan korxonaning mablag‘i yoki ular manbayining ma’lum muddatda o‘zgarishi aniqlanadi. Lekin shu o‘zgarishlar nima evaziga sodir bo‘layotganligi, ularga qaysi omillar ta’sir ko‘rsatayotganligi korxona egasi uchun muhim bo‘lib bordi. Bu esa balansdagi ko‘rsatkichlarni batafsil tahlil qilish zaru-ratini vujudga keltiradi. Tahlilning ilk ko‘rinishi – «Balansshunoslik» fani shu tariqa shakllana bordi.
Tahlil fanining vujudga kelishida va uning shakllanishida olimlardan V.S.Nemchinov, A.V.Prokofyev, R.Ya.Veytsman, I.S.Arinushkin, P.N.Xudyakov, kabilarning juda katta xizmatlarini ta’kidlash lozim. Bu mualliflar asarlari asosan o‘tgan asrdagi korxonalarning murakkab faoliyatini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Jumladan, 1883-yilda A.V.Prokofyevning «Ikki yoqlama buxgalteriya kursi» asari chop etilgan. Ammo bunda maxsus tahlilga bag‘ishlangan bo‘lim yo‘q bo‘lsa-da, biroq balans ko‘rsatkichlari faqat nazorat qilish uchun emas, balki tahlil qilish uchun ham kerak, deb ta’kidlangan.
Xo‘jalik faoliyatini tahlil qilish fani mustaqil fan sifatida shakllangunga qadar o‘ziga xos tarixga va bir qancha nomlarga ega bo‘ldi. Iqtisodiy tahlilning vujudga kelish tarixi bo‘yicha nashr qilingan adabiyotlar, uning fan sifatida shakllanishi va nomining ham takomillashib borganligidan dalolat beradi.
Shunday qilib, tahlil fani vujudga kelguncha bir qancha evolyutsion yo‘lni bosib o‘tdi. Nihoyat u fan sifatida shakllandi. Biroq fan tarzida u bir necha nomlar bilan ataldi. Xo‘jalik faoliyatini iqtisodiy tahlil qilish fanining vujudga kelishi va tarixiy taraqqiyot jarayonida atalgan nomlari:
• Balansshunoslik
• Balans talqini
• Balansni tahlil qilish
• Hisobot tahlili
• Iqtisodiy tahlil
• Ijtimoiy-iqtisodiy tahlil
• Xo‘jalik faoliyati tahlili
• Iqtisodiy tahlil
• Moliyavciy va boshqaruv tahlili
• Iqtisodiy tahlil
• Moliyaviy tahlil
Do'stlaringiz bilan baham: |