Davlat qarzlarining turlari va tasniflanishi. O’zbekiston Respublikasining “Byudjet tizimi to’g’risida”gi qonuniga asosan davlat tomonidan ichki va tashqi mablag’larni jalb qilishda qarz majburiyatlarining: (1) qisqa muddatli (bir yilgacha bo’lgan davrga chiqariladigan), o’rta muddatli (bir yildan besh yilgacha bo’lgan davrga chiqariladigan) va uzoq muddatli (besh yildan ortiq davrga chiqariladigan) davlat qimmatli qog‘ozlari; (2) kreditlar (qisqa muddatli, o’rta muddatli va uzoq muddatli); (3) O’zbekiston Respublikasining kafolatlari; (4) byudjet daromadlari bilan xarajatlari o’rtasidagi vaqtinchalik tafovvutni qoplash uchun qisqa muddatli ssudalar hamda (5) qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa turlaridan foydalanish mumkin5.
Davlat qarz majburiyatlari – bu davlatning o’z kreditorlariga bo’lgan qarz majburiyatlarining so’mmasidir. Davlat qarzlari joriy va mukammal, ichki va tashqi qarz majburiyatlariga bo’linadi. Davlatning joriy qarz majburiyatlari – bu joriy yilda qaytariladigan qarzlar va muayyan vaqtda barcha chiqarilgan zayomlar bo’yicha hozirgi davr ichida to’lanishi lozim bo’lgan foizlar so’mmasidir. Davlatning umumiy qarz majburiyatlari – bu zayomlar bo’yicha to’lanishi kerak bo’lgan barcha qarzlar va foizlarning umumiy so’mmasidir.
Davlat qarz majburiyatlari o’zining manbalari bo’yicha 2 turga (ichki va tashqi qarzlarga) bo’linadi:
Davlat ichki qarz majburiyatlari – bu davlat tomonidan ichki mablarni jalb qilish natijasida vujudga kelgan davlatning majburiyatlarini yig’indisi.
Davlat tashqi qarz majburiyatlari – bu davlat tomonidan xorijdan mablag’lar jalb qilish natijasida vujudga kelgan davlatning majburiyatlari yig’indisi. Xorijdan jalb qilingan mablag’larga:
– davlat yoki O’zbekiston Respublikasi rezidentlari hisoblangan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan zayomlar, tovarlar yoki xizmatlarni import qilish shaklida kreditlar jalb etilishi;
– norezidentlar mablag’larining O’zbekiston Respublikasining moliyaviy institutlari tomonidan depozitlarga jalb etilishi;
– lizing operatsiyalari;
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va rezidentlarining obligatsiyalar, veksellar hamda boshqa xil qimmatli qog‘ozlar chiqarish, xorijiy bozorlarda joylashtirishi hamda boshqa tur va shakllardan foydalanish yo’li bilan jalb qilinadi6.
Xorijdan mablag’ jalb qilish – bu O’zbekiston Respublikasi yoki uning rezidenti tomonidan xorijiy davlatlar yoki norezidentlar aktivlarining (kreditlar, zayomlar va boshqalarning) mazkur xorijiy davlatga yoki norezidentga yoxud ularning talabiga ko’ra uchinchi shaxsga shartlashilgan davrda adekvat aktivlarni, shu jumladan, aktivlardan foydalanganlik uchun to’lovlarni taqdim etish majburiyatini o’z zimmasiga olgan holda jalb etilishidir.
Davlatning xorijdan mablag’ jalb qilishi – bu aktivlarni chet el manbalaridan (xorijiy davlatlar, ularning yuridik shaxslaridan va halqaro tashkilotlardan) jalb etish hamda buning natijasida O’zbekiston Respublikasining qarz oluvchi sifatidagi yoki qarz oluvchi rezidentlarning o’z kreditlarini (zayomlarini) to’lashiga kafil sifatidagi majburiyatlari yuzaga kelishidir.
Davlat tomonidan ichki mablag’ni jalb qilish – bu aktivlarni ichki manbalardan (rezident-yuridik va jismoniy shaxslardan) jalb etish hamda buning natijasida O’zbekiston Respublikasining qarz oluvchi sifatidagi yoki qarz oluvchi rezidentlarning o’z kreditlarini (qarzlarini) to’lashiga kafil sifatidagi majburiyatlari vujudga kelishidir.