Moliya tizimi sifatida «moliyaviy munosabatlarning tashkil qilish shakli» yoki «moliyaviy munosabatlarning tashkiliy tuzilmalari majmuasi» sifatida ko’rib o’tish mumkin. Masalan, Taniqli amerikalik mutaxassis J.Van Xorn moliya tizimiga - davlat, firmalar va fuqarolarga turli xil xizmatlar ko’rsatuvchi moliyaviy muassasalar va bozorlarning majmuasi – degan ta’rifni beradi. L.Drobozinaning fikricha «Moliya tizimi - pul mablag’lari fondini tashkil qilish va foydalanish jarayonidagi moliyaviy munosabatlarning turli sohalarini majmuasidan iborat»-degan ta’rifni beradi. G.Polyakning fikricha moliya tizimi - davlat, xo’jalik subyektlari va uy xo’jaliklarining pul mablag’lari fondini turli xil usullari va shakllarda taqsimlash jarayonidagi turli moliyaviy munosabatlar majmuasi-deb talqin qilinadi. Taniqli iqtisodchi V.Kovaleva esa moliya tizimiga ijtimoiy takror ishlab chiqarish jarayonining subyektlari o’rtasida jami ijtimoiy mahsulotni taqsimlash va qayta taqsimlash bo’yicha pul munosabatlarni tashkil qilish shakli sifatida qarash lozimligini ta’kidlaydi. Yuqoridagi moliya tizimi bo’yicha keltirilgan ta’riflarda mantiiqiy yahlitlik mavjud bo’lib, ijtimoiy mahsulot qiymatini taqsimlanish jarayonida hosil bo’ladigan pul mablag’lari fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish jarayoni moliya tizimining markaziy mazmunini tashkil qilishi ta’kidlanadi. Demak, moliya tizimi – moliyaviymunosabatlarning turli sohalarini o’z ichiga olib, har qaysi sohalar pul mablag’lari fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish xususiyatlari bilan tavsiflanadi. Iqtisodiy subyektlarning daromadlarini shakllanish usullariga bog’liq ravishda moliya tizimini markazlashtirilgan moliya(umumdavlat moliyasi) va markazlashtirilmagan moliya(xo’jalik subyektlari va uy xo’jaliklari moliyasi) kabi asosiy turlarga ajratish mumkin. Moliya tizimi pul munosabatlari tizimini tashkil qilish shakli sifatida moliyaviy resurslarni shakllantirish va foydalanishni ta’minlovchi 3 asosiy o’zaro bog’liq tizimlarga bo’linadi: Davlat va mahalliy boshqaruv organlarining moliyasi, turli mulkchilik va faoliyat bilan shug’ullanuvchi xo’jalik subyektlari moliyasi, uy xo’jaliklari moliyasi(xonadon moliyasi). Yahlit moliya tizimini tashkil qiluvchi mazkur tizimlar ham iqtisodiy subyektlarning aniq pul mablag’lari fondini tashkil qilinishiga qarab o’z navbatida alohida bo’g’inlarga ajratiladi.