7-mavzu: Mehnat shartnomasi, uni tuzish va bekor qilish tartibi.
Reja:
1.Mehnat shartnomasi tushunchasi, uning taraflari, amal qilish tartibi.
2.Mehnat shartnomasini tuzish.
3.Mehnat shartnomasini o’zgartirish.
4.Mehnat shartnomasining bekor qilinishi.
Tayanch iborаlar:
mehnat shartnomasi; mehnat shartnomasining taraflari; mehnat shartnomasining shartlari; muayyan va nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomalari; mehnat shartnomasini tuzish; ishga qabul qilish; dastlabki sinov; o’n sakkiz yoshga to’lmagan yoshlarni ishga qabul qilish; ayollarni ishga qabul qilish; haqi to’lanadigan jamoat ishlariga qabul qilish; korxonalar uchun belgilangan kvota hisobiga ishga qabul qilish; xorijiy fuqarolarni ishga qabul qilish; o’rindoshlik asosida ishga qabul qilish; mehnat shartnomasini o’zgartirish; mehnat shartlarini o’zgartirish; boshqa ishga o’tkazish; ish joyini o’zgartirish; mehnat shartnomasini bekor qilish.
Mehnat shartnomasi» mehnat to’g’risidagi qonunlarga an’anaviy ravishda qo’llaniladi. Biroq, 90-yillar boshlarida «kontrakt» tushunchasi keng yoyildi. Dastlabki paytlarda xodimlarni ishga yollashning kontrakt tizimini go’yoki mehnat shartnomasiga zid qilib qo’yildi. Kontraktlar, faqat yozma shaklda tuzilishi ularning fazilati edi. O’sha paytda amal qilgan qonun hujjatlariga ko’ra, mehnat shartnomasi ham og’zaki, ham yozma shaklda tuzilishi mumkin edi. Amalda esa ilgari mehnat shartnomalarining ko’pchiligi og’zaki shaklda tuzilardi. Xodim ishga qabul qilish haqidagi iltimos bilan ariza yozardi, zarur hujjatlarni taqdim etardi, tegishli mansabdor shaxs esa buyruq chiqarardi. Ma’muriy buyruqbozchilik tizimi sharoitida mehnat shartlarini batafsil kelishib olishning ma’nosi yo’q edi, chunki ularning ko’pchiligi bevosita qonunchilikda belgilangan edi.
Kontraktni yozma shaklida tuzish mehnat munosabatlarini individuallashtirish, tomonlarning manfaatlarini to’laroq hisobga olish, ularning manfaatlarini himoya qilishni amalda ta’minlash imkonini beradi. Kontrakt tizimining kamchiligi esa shundan iborat ediki, u u muddatli mehnat shartnomasining bir turi sifatida qaralar edi. Muayyan muddatga ishga qabul qilingan kishi, o’z mehnat majburiyatlarini qanday bajarishdan qat’i nazar, ushbu muddat tamom bo’lgandan keyin, u bilan mehnat munosabatlari to’xtatilishini tushunadi va vaqtinchalik ruhiyati, mehnatga o’tkinchi, tasodifiy bir narsa, deb qarash kayfiyati shakllanadi. Aynan shu sababli, bunday xodim ko’pincha shartnoma muddati tamom bo’lishidan ancha ilgari o’ziga boshqa ish izlaydi, hamda ketish kayfiyati ta’sirida xafsalasizlik bilan mehnat qiladi. Bularning barchasi O’zbekistonning mehnat to’g’risidagi qonunlarida hisobga olinib, «mehnat shartnomasi» va «kontrakt» atamalari o’rtasiga tenglik belgisini qo’ydi. Bu barcha mehnat shartnomalari (kontraktlar), faqat yozma shaklda tuzilishini anglatadi. U nomuayyan muddatga haqi tuzilishi mumkin.
Shunday qilib, O’zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 72-moddasiga muvofiq, mehnat shartnomasi-xodim bilan ish beruvchi o’rtasida muayyan mutaxassislik, malaka, lavozimi bo’yicha ishni ichki mehnat tartibiga bo’ysungan holda, taraflar kelishuvi, shuningdek, mehnat to’g’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan shartlar asosida haq evaziga bajarish haqidagi kelishuvdir.
Xodim va ish beruvchi mehnat shartnomasining taraflari bo’lib hisoblanadilar. Yozma shakldagi mehnat shartnomasi doimiy ishlovchilar bilan ham, muayyan muddatga yoki muayyan ishni bajarish vaqtiga ishga qabul qilinuvchilar bilan ham, o’rindoshlik tarzida ishga kirishda ham tuziladi. Taraflarning kelishuviga ko’ra, ishlab chiqiladigan mehnat shartnomasi shartlari zarur (asosiy) va qo’shimcha (ixtiyoriy) shartlarga bo’linadi. Ularsiz shartnoma tuzilishi mumkin bo’lmagan shartlar zarur (asosiy) shartlar hisoblanadi. Garchi shartnoma uchun majburiy bo’lmasa ham, taraflarning xohishiga ko’ra qayd etilishi mumkin bo’lgan shartlar qo’shimcha shartlar hisoblanadi.
O’z navbatida, mehnat shartnomasining zarur (asosiy) shartlarini quyidagilarga ajratish mumkin:-umumiy shartlar, ushbu shartlar xodim nomuayyan muddatga yoki muddatli mehnat shartnomasi bo’yicha ishga kirishidan, asosiy ishga yoki o’rindoshlik asosida ishga kirishidan, shartnomada shartlashilgan ishni korxonada yoki o’z uyida bajarishidan va hokazolardan qat’i nazar istalgan mehnat shartnomasida, albatta qayd etilgan bo’lishi lozim. Ish joyi, mehnat funktsiyasi, ish boshlanadigan kun, mehnatga haq to’lash miqdori to’g’risidagi shartlar istalgan mehnat shartnomasini tuzish chog’ida ular haqida kelishilishi zarur bo’lgan umumiy zarur shartlarga kiradi;-alohida shartlar xodimlar bilan mehnat shartnomalarining ayrim turlarini tuzishdagi umumiy shartlardan tashqarii imajburiy tartibda qayd etilgan bo’lishi lozim;-boshqa zarur shartlar, ushbu shartlar, agar ular korxonaning lokal hujjatlarida qayd etilmagan bo’lsa, mehnat shartnomasiga kiritiladi. Korxonada tegishli lokal hujjatlar mavjud bo’lmagan taqdirda, mehnat shartnomasiga ish haftasining tur va ish vaqti tartibi to’g’risidagi shartlarni kiritish zarur.
Mehnat shartnomasiga har xil qo’shimcha shartlar kiritilishi mumkin. Ular majburiy hisoblanmaydi, biroq mehnat munosabatlarini tartibga solishda ularning ahamiyati kattadir. Ishga qabul qilish paytida sinovini belgilash to’g’risida, kasblar (lavozimlar)ni qo’shib olib borish to’g’risida, malakani muntazam oshirib borish to’g’risida, ish vaqti tartibi va dam olish tartibi haqida, har yillik asosiy yoki ish beruvchining mablag’lari hisobidan qo’shimcha ta’tilning davomiyligini ko’paytirish to’g’risida, ushbu xodim uchun qo’shimcha imtiyozlar to’g’risidagi shartlarni qo’shimcha shartlar jumlasiga kiritish mumkin.
MKning 75-moddaiga muvofiq, mehnat shartnomalari:-nomuayyan muddatga; -besh yildan ortiq bo’lmagan muayyan muddatga;-muayyan ishni bajarish vaqtiga mo’ljallab tuzilishi mumkin.
Mehnat shartnomasida shartnoma bo’yicha ishning tamom bo’lish payti qayd etilmagan bo’lsa mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuzilgan hisoblanadi. Ushbu holda; xodim doimiy ishga qabul qilingan, deb hisoblanadi va u bilan mehnat munosabatlari mehnat shartnomasi muddati tamom bo’lishi munosabati bilan to’xtatilishi mumkin emas. Besh yildan ortiq bo’lmagan muayyan muddatga tuziladigan, shuningdek muayyan ishni bajarish vaqtiga mo’ljallab tuziladigan mehnat shartnomalari muddatli shartnomalar hisoblanadi. Masalan, yodgorlik tamirlanishi munosabati bilan ishchilar, muhandislar, rassomlar va boshqa xodimlarni ishga qabul qilish zaruriyati paydo bo’ladi, biroq tamirlash ishlari tamomlanganidan keyin ushbu ishlovchilarga bo’lgan ehtiyoj barham topadi. Bunday holda, ushbu xodimlar bilan mazkur yodgorlikni tamirlash davriga mudatli mehnat shartnomasi tuzulishi kerak. Xodim qonun hujatlariga binoan, ish joyi saqlanib qoladigan xodimning o’rniga (kasallik, malaka oshirishda bo’lish, harbiy yig’inlarga chaqirilishi va hokazolar) ishga qabul qilinayotgan hollarda ham muddatli mehnat shartnomasi tuzishga zaruriyat paydo bo’ladi. Shunga, etibor qaratish zarurki, shartnomada u mudatli tusga, ega, ekanligi nazarda tutilgan bo’lsa, biroq ishning tamom bo’lish payti shartnoma bo’yicha aniqlanmagan bo’lsa, xodim shartnoma bo’yicha ishning birinchi kunidan boshlab nomuayyan muddatga ishga qabul qilingan, hisoblanishi zarur. Nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning roziligisiz muayyan muddatga, shuningdek, muayyan ishni bajarish vaqtiga mo’ljallab qayta tuzilishi mumkin emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |