Dars berish metodikasi -(uslubi)ning predmeti, bu dars berish (o‘qitish) jarayonining o‘zidir. Odatda, metodika (uslubiyat) deganda ilmiy bilish faoliyatining shakllari va metodlari majmui haqidagi fan tushuniladi. Bu — nazariy jihatdan qo‘yilgan maqsadga yetish, haqiqatni, reallikni, faoliyatni nazariy yoki amaliy bilish, o‘rganishning usullari yoki operatsiyalari majmuidir. O‘qitish metodikasi tushunchasi:
a) pedagogning o‘qitish usullari va o‘quvchining o‘qish usullari hamda o‘quvchining o‘qituvchi bilan o‘zaro bog‘langanligini;
b) o‘qitishdan ko‘zlangan maqsadga erishish bo‘yicha hamkorlikda ishlashning o‘ziga xosligi, ya'ni o‘qitish metodlar belgilangan maqsadga yetish uchun ta'lim vazifalarini hal etishda o‘qituvchi va o‘quvchining hamkorlikdagi faoliyatidir.
Metodika-pedagogikaning tarkibiy qismi (pedagogika yunoncha paidagogike) bo’lib, insonni shakllantirishda muayyan maqsad sari qaratilgan sistematik faoliyat to’g’risidagi hamda ta'lim-tarbiya berishning mazmuni, shakli va metodlari (uslublari) haqidagi fandir.
Metodologiya-esa (yunoncha metod va logiya so‘zlaridan) faoliyatning tarkibi, mantiqiy tuzilishi, metod va vositalari haqidagi ta'limotdir. Metodologik bilim, birinchidan, muayyan faoliyat turlarining mazmuni va izchilligini o‘z ichiga olgan odat va normalar shaklida, ikkinchidan, amalda bajarilgan faoliyatning ta'siri sifatida yuzaga chiqadi. Hozirgi zamon adabiyotlarida metodologiya deyilganda, avvalo ilmiy bilish metodologiyasi, ya'ni ilmiy bilish faoliyatining shakllari va usullari tushuniladi. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasida metodologiyaga quyidagicha ta'rif berilgan: «Metodlar haqidagi ta'limot fanda metodologiya deyiladi».
«Metodologiya — tadqiqotning nazariy va amaliy faoliyatini tashkil etish, tiklash tamoyillari va usullari tizimi hamda bunday tizim haqidagi ta‘limot»2. «Metodologiya metodlar haqidagi ta'limot yoki yalpi umumiy bilish metodi» deb ham ta'riflanadi. Metodologiya metodlarga va umuman voqyelikka qanday yondashish yo‘lini o‘rgatadi. Voq‘elikning muayyan qismini, biron jihatini o‘rgatuvchi metodologiyaga metafizikani, voq’elikni chiziqli rivojlanishi, o‘zgarish jarayonini uni tashkil etuvchi bilimlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorliklarni aks ettiruvchi metodologiyaga dialektikani, voqyelikda ro‘y beruvchi, keskin halokatli o‘zgarishlar, nochiziqli rivojlanish jarayonlarini o‘rganishda qo‘llanilayotgan metodologiyaga sinergetikani misol sifatida kiritish mumkin» — deyiladi, mazkur ensiklopediyada. Insonning boshqa maxluqotlardan farqi uning ma'lum bir maqsad sari harakat qilishidir. Maqsadga yetishda turli-tuman to‘siqlarga duch kelinadi. Muayyan to‘siqni yechish uchun qo‘llaniladigan chora yoki tadbirni usul deyiladi. Maqsadga yetishda qo‘llaniladigan chora-tadbirlar ma'lum bir ketma-ketlikda qo‘llaniladi. Bu — qonuniyat. Ana shu turli-tuman chora-tadbirlarni ma'lum bir ketma-ketlikda qo‘llash usullar tizimi bo‘ladi. Metodika, qisqacha qilib aytganda, ma'lum bir fanni o‘rganish, o‘qilish metodlari to‘g‘risidagi talimot. Boshqacha aytganda metodika — bu dars o‘tishda o‘qituvchiga qo‘yiladigan talablarni realizatsiya qilishni amalga oshiradigan turli metodlarning majmuidir.
Dars o‘tish o‘qituvchidan fanni puxta bilishnigina emas, balki o‘z bilimini ustalik bilan talabalar ongiga yetkazishni ham talab qiladi. Talabalar fanni puxta o‘zlashtirishlari uchun uni o‘rganishda qo‘llaniladigan metodlar katta ahamiyatga ega. “Maxsus fanlarni o‘qitish metodikasi” fanining maqsadi – yetuk kadrlarni tayorlash maqsadida pedagoglarga o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, maxsus fanlarni o‘qitishda qo‘llaniladigan turli an‘anaviy va interfaol usullar va ularni dars jarayonida qo‘llash yo‘llarini o‘rgatish hamda yangi usullarni yaratish bo‘yicha ko‘nikma va malakasini shakillantirishdir. Fanning vazifasi – talabalarni maxsus fanlarni o‘qitish metodikasi sohasi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot, ilmiy –pedagogik va amaliy ishlab chiqarish faoliyatiga tayyorlashdan iborat. Mutaxassislik fanlar faqatgina nazariy emas, amaliy fanlardir. Ular bevosita amaliyotga tayanadi, aniq ma'lumotlar, dalillar, raqamlar hisob-kitoblarga asoslanadi.
Metodika, bir tomondan o‘rganilayotgan fanda erishilgan yutuqlar, ikkinchi tomondan, pedagogika fanining rivojlanishi bilan boyib boradi, rivojlanadi. Fanning rivojlana borishi bilan o‘rganish metodlarining roli ortib boradi. Metodlarsiz qo‘yilgan maqsadlarga erishib bo‘lmaydi. O‘qituvchining metodik mahorati, dars o‘tishning yangi metodlarini o‘zlashtirishiga yetarli e'tibor berilmas ekan, ta'limda, sifat oshmaydi. O‘qituvchilarning metodik mahoratini oshirishga qilingan xarajatlar, ularni bunga rag‘batlantirish «minimal xarajat qilib, maksimal samara» olish imkonini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |