Tadbirkorlik faoliyatini endi boshlagan jismoniy shaxslar
Xususiy tadbirkorlik faoliyatini boshlab olishning o‘zi bo‘lmaydi. Buning uchun shaxsda ishbilarmonlik, tavakkalchilik, faollik, yangilik uchun intilish kabi xususiyatlardan tashqari, ma'lum miqdorda dastlabki sarmoya ham bo‘lishi zarur. Aksariyat hollarda u dastavval joy sotib oladi yoki ijara qiladi, bank yoki o‘z yaqinlaridan qarz oladi, faoliyat joyini jihozlaydi, uskunalar sotib oladi, ayrim hollarda ishchi yollaydi, va hokazo. Qisqacha qilib aytganda, shaxs o‘z tadbirkorlik faoliyatini oyoqqa turg‘azib, foydaga kiritib olishi uchun anchagina harakat, xarajat va vaqt sarf etadi. Bo‘lajak tadbirkor bularning barchasini hali oldindan hech qanday daromad kafolatlarisiz, tavakkalchilik asosida amalga oshiradi. Muammo shundaki, tadbirkorlikni endi boshlagan shaxs hali foyda olmasdan turib, soliq xaqida xavotirga tusha boshlaydi. Nega?
Xususiy tadbirkorlarni soliqka tortishning eng muammoli tomonlaridan biri - soliq miqdorini daromadga bog‘liq bo‘lmagan holda oldindan qat'iy belgilab qo‘yilganidir. Unga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatidan tushadigan daromadlar faoliyat turiga qarab, belgilangan eng kam oylik ish haqining 1 barobaridan 7 barobarigacha, ya'ni 2018 yilda 172240 so‘mdan 1205680 so‘mgacha bo‘lgan miqdorda qat'iy belgilangan oylik to‘lov tarzida soliqqa tortiladi. Qonun xususiy tadbirkorlik faoliyat turlari sifatida chakana savdo, xizmatlar, ishlab chiqarish, avtomobil transportida yuk tashishni alohida ko‘rsatib o‘tgan. Bunda xususiy tadbirkor bir paytning o‘zida faoliyatning bir necha turi bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, har bir faoliyat turi bo‘yicha alohida soliq to‘laydi.
Aslida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun ularga alohida soliq imtiyozlari berish shart emas; ularni soliqdan ozod qilish ham kerak emas; tadbirkorni faqatgina sof foydadan soliqqa tortish tizimini joriy kilishning o‘zi kifoya. Bu tadbirkorlikdan tushgan daromadlarni soliqqa tortishning eng mantiqiy, jahon tajribasida o‘zini isbotlagan usuli hisoblanadi.
Shu o‘rinda “foyda” o‘zi nima degan bir savol tug‘iladi. Oddiy qilib aytganda foydaning formulasi quyidagicha: T – X = F/Z. Bunda:
T = Tadbirkorlik faoliyatidan kelib tushgan barcha tushumlar;
X = Tadbirkorlik faoliyati uchun qilingan barcha xarajatlar;
X F/Z = Foyda (agar natija ijobiy bo‘lsa)/ Ziyon (agar natija salbiy bo‘lsa).
Bunda, mahsulot va xizmat ko‘rsatishning asosiy xarajatlari, ish xaqi, ijara va shu bilan bog‘liq to‘lovlar, bank kredit foizi, transport xarajatlari, va hokazoni tadbirkorlik xarajatlari sifatida kiritishimiz mumkin. Foydani aniqlashda mazkur xarajatlarni tushumdan chegirib tashlashning asosiy sababi, bu xarajatlar tadbirkorlik faoliyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq, ularsiz daromad bo‘lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |