«Yagona darcha» markazi – aholi va korxonalarga turli davlat xizmatlari ko‘rsatish, shu jumladan tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi maxsus idora.
Sizning murojaatingiz ikki xil yo‘l bilan amalga oshirilishi mumkin:
1. An’anaviy tarzdagi murojaat – ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga tashrif buyurgan holda tadbirkorlik subyektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish.
2. Onlayn tarzdagi murojaat – Internet jahon axborot tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish.
AN’ANAVIY TARZDAGI MUROJAAT
Agar siz o‘z tadbirkorlik faoliyatingizni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun tegishli idoraga kelsangiz, bu an’anaviy tarzdagi murojaat hisoblanadi. Bunda ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun davlat bojini (eng kam ish haqining bir baravari miqdorida) to‘lashingiz, tegishli qog‘oz hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etishingiz va ariza to‘ldirishingiz lozim.
ONLAYN TARZDAGI MUROJAAT
Agar siz tadbirkorlik faoliyatingizni Internet tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazishga qaror qilsangiz, bu onlayn tarzdagi murojaat hisoblanadi. Buning uchun istalgan joydan turib, birdarcha.uz veb-saytida joylashgan dastur orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Onlayn tarzdagi murojaatda ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun davlat boji eng kam ish haqining yarim
baravari miqdorida to‘lanadi. Ro‘yxatdan o‘tish jarayoni so‘rovnomani elektron shaklda to‘ldirish orqali bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Ro‘yxatdan o‘tkazish yakunlangach, sizga tadbirkorlik subyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma elektron shaklda beriladi.
INTERNET TIZIMI ORQALI RO‘YXATDAN O‘TKAZISHNING AFZALLIKLARI
Siz o‘z tadbirkorlik faoliyatingizni Internet tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazsangiz bir qator afzalliklarga ega bo‘lasiz. Jumladan:
– ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga qog‘oz ko‘rinishidagi hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etish zarurati yo‘qoladi;
– arizachilarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tkazishga davlat bojini to‘lash uchun bank kassasiga shaxsan tashrif buyurish zaruriyatidan xalos etadi;
– hujjatlar Internet orqali onlayn topshirilganda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat bojlari stavkalari shaxsan tashrif buyurgan holatga nisbatan ikki barobar kam to‘lanadi;
– biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish va topshirishni arizachi uchun qulay bo‘lgan istalgan vaqtda boshlash, to‘xtatib turish yoki qaytadan boshlash mumkin bo‘ladi.
BILASIZMI?
Korxonalar va tashkilotlar yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yilning 1-yanvar holatiga ro‘yxatga olingan yuridik shaxslar soni (fermer va dehqon xo‘jaliklarisiz) 300,2 mingtaga yetdi. Ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar va tashkilotlarning asosiy ulushi Toshkent shahrida (20,8%), Toshkent (10,2%), Farg‘ona va Andijon (8,7%) viloyatlari hissalariga to‘g‘ri keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |