Moslashishning darajalari Moslashish turli darajalarda va ko’rinishlarda namoyon bo’ladi. Masalan harorat omiliga moslashish molekulyar darajadan boshlab to biotsenotik darajagacha kuzatilishi mumkin. Ko’pchilik o’simliklar ortiqcha qizib ketishdan saqlanish uchun boshqa o’simlik turining soyasida o’sadi. Bu erda moslashish biotsenotik darajada namoyon bo’lmoqda. Asalarilarning uyalarini haddan tashqari qizib ketganda qanotlarini qoqib uyani sovutishi jamoa darajasidagi moslashishga misol bo’ladi. Hayvonlarning ter bezlari orqali tanasini sovutishi yoki o’simliklarni transpiratsiya orqali barg yuzasini sovutishi kabilar organizm darajasidagi moslanishlardir. Kuchli yorug’lik ta’sirida xloroplastlarning hujayra devori ostida ma’lum bir tartibda joy olishi hujayra darajasidagi, termofil mikroorganizmlarning oqsillarini yuqori harorat ta’siriga chidamliligi esa molekulyar darajadagi moslashish hisoblanadi.