Oila tarbiyasining mohiyati. Oila tarbiyasi, yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, ota-onalar yoki shaxs kamoloti uchun mas’ul shaxslar tomonidan tashkil etiluvchi hamda farzandlarni har tomonlama etuk, sog‘lom etib tarbiyalashga yo‘naltirilgan pedagogik jarayon. Ota-onalar o‘zlarining ijtimoiy burchlarini bajarar ekanlar, farzandlarida mehnatga, uni tashkil etuvchilarga nisbatan mehr-muhabbat, hurmat tuyg‘usini shakllantirish, ularni ijtimoiy-foydali mehnatga tayyorlash, turli ko‘rinishdagi munosabatlarni uyushtirish vaqtida tartib-intizomga amal qilish, ijtimoiy me’yorlarga og‘ishmay rioya etish, sog‘lom turmush tarzini yaratish, o‘z shaxsiy hayotlari mazmunini belgilashda maqsad, so‘z va faoliyat birligini ta’minlash borasida har tomonlama ijobiy ibrat namunasini ko‘rsatadi.Shaxs shakllanishiga ta’sir etishning ijtimoiy-ruhiy asosiga ega oila jamiyatning ajralmas bo‘lagi sifatida ijtimoiy vazifalarni bajarish bilan birga o‘ziga hos xususiyatlarni ham akslantiradiki, bunday xislat psixologik qarama-qarshilik hamda harakterlar to‘qnashuvidan iborat ijtimoiy munosabatlardan toliqqan inson organizmi ning ishchanlik qobiliyatini qayta tiklash uchun zarur bo‘lgan mo‘’tadil iqlimni hosil qila oladi. Bu tuyg‘u halqimiz ruhiyatidagi o‘ziga hos xususiyatlardan biridir.
Oila tarbiyasida ob’ektiv va sub’ektiv omillarning roli katta. Oilaning moddiy ta’minoti va farovonlik (maishiy turmush) darajasi, oila byudjetining mavjud holati, undan oqilona foydalanish borasidagi tajriba, sog‘lom ruhiy muhitning barqarorligi va hokazolar ob’ektiv omillar sanalsa, oiladagi shaxslararo munosabatlar mazmuni, oila a’zolarining fiziologik, psixologik, madaniy jihatdan komillik hamda ma’lumot darajasi, ularning qiziqish va ehtiyojlari o‘rtasidagi mutanosiblik, oilaviy hayotni tartibga solish borasidagi o‘zaro yordam, hamkorlik, birlik tamoyillariga tayanish kabilar sub’ektiv omillar sirasiga kiradi.
Bolalarda ijtimoiy-dunyoviy bilimlarni egallashga bo‘lgan intilish, ijtimoiy faoliyatning shakllanishida ota-onalarning samarali ishtirok etishlari hal qiluvchi omil bo‘lib, bu oia tarbiyasini muvafiqiyatli amalga oshirishning zarur shartlaridan biri.
Oila tarbiyasida bolalar hayotini to‘g‘ri yuritish ularni vaqtdan to‘g‘ri va unumli foydalanishlarining asosiy garovidir. Bolalarning oiladagi vaqtini o‘yin, mehnat va o‘qish faoliyatlari bo‘yicha to‘g‘ri taqsimlash nihoyatda muhimdir.
Oila jismoniy va psixologik jihatdan sog‘lom, ma’naviy barkamol, mehnat, ijtimoiy hamda oilaviy hayotga tayyor shaxsni shakllantirib berishi lozim. Oila tarbiyasining mazmuni bolalarga ijtimoiy tarbiyaning mazkur yo‘nalishlari – jismoniy, axloqiy, aqliy, estetik, mehnat, ekologik, iqtisodiy, huquqiy, siyosiy-g‘oyaviy hamda jinsiy ta’lim berish, ularda faoliyat ko‘nikma va malakalarini shakllantirishdan iborat.
Oila muhitida tashkil etiladigan jinsiy tarbiya o‘zida bolani jinsiy jihatdan chiniqtirish, ularni tozalik va ozodalikka o‘rgatish, o‘z sog‘ligi uchun g‘amho‘rlik qilish va mas’uliyatli bo‘lishni ta’minlashga qaratilgan harakatlarning mazmunini ifoda etadi. Bolalarning sog‘lom bo‘lishlarida ularning kundalik hayotiy rejimga amal qilishlari nihoyatda muhimdir. Ota-onalar yoki oilaning katta vakil avlodlari bolalarning mehnat qilishlari va dam olishlarini tartibga solishga ahamiyat berishlari kerak.
Organizmning bir maromda ishlashi bola salomatligini saqlash va mustahkmlashgagina yordam berib qolmay, shu bilan birga uning barcha yumushlarni tartibli va sifatli bajarishi uchun imkon yaratadi.
Markaziy asab tizimining mustahkamlanishi uchun yaxshi dam olish talab etiladi. Tiniqib uhlash bosh miya asab hujayralarini to‘la orom olishini ta’minlaydi. Bu esa butun organizmning mo‘’tadil o‘sishiga, uning ish qobiliyatini saqlash va qayta tiklashga yordam beradi.
Inson salomatligini saqlashda ertalabki badan tarbiyaning ahamiyatini bolalarga tushuntirish hamda ularning ertalabki badan tarbiya bilan shug‘ullanishga ko‘niktirib borish ota-ona nazoratini talab etadi. Badan tarbiya bolani saranjomlik, intizomga ham o‘rgatib boradi.
Bugungi shiddat bilan oʻzgarib borayotgan globallashuv davriga kelib ham Oʻzbekiston oʻz istiqboli va kelajagini oilani rivojlantirish, uni eʼzozlashda, deb bilayotgani yuqoridagi anʼanaviy qadriyatlarimizni yanada boyitgan holda zamonaviy, namunali va farovon oilani barpo etish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanganida ham yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan milliy hamda maʼnaviy qadriyatlarimiz asosida ushbu sohada yillar davomida toʻplanib qolgan, eʼtibordan chetda qolib kelgan muammolar yechimi yuzasidan tegishli davlat organlari hamda jamoat tashkilotlari oldiga eng muhim va dolzarb vazifalar qoʻyildi. Mazkur Farmonga binoan, Vazirlar Mahkamasi huzurida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi oila instituti sohasida yagona davlat siyosatini yurituvchi tizim sifatida tashkil etildi. Markazning asosiy vazifasi davlat va jamoat tashkilotlari, parlament, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini Oʻzbekiston oilalarini mustahkamlash gʻoyasi atrofida birlashtirish, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirib borish, mamlakatda faqat sogʻlom oila — sogʻlom jamiyat ustuni boʻla olishini aholi ongiga singdirish, ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish orqali oila institutini mustahkamlash etib belgilangani mamlakatimizda bu borada mutlaqo yangi bosqichdagi saʼy-harakatlar boshlanganidan dalolat beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |