4-mavzu: FUQAROLIK MA’SULIYATI VA DAXLDORLIK.
Reja:
1.Fuqarolik ma’suliyati.
2Fuqarolik jamiyatining faol a’zosi sifatida biz nimaga daxldor bo‘lishimiz kerak.
Tadbirkor sharbat ishlab chiqaradi. U mas’uliyatni his qilgan holda odamlarning sog‘lig‘iga ziyon yetkazmaydigan, sara mahsulotlardan foydalanadi. Insonlar sog‘lig‘ini o‘ylab barcha sanitariya gigiyena va boshqa tartib-qoidalarga rioya qiladi. Yaroqlilik muddatini ham qo‘yadi. To‘g‘ri, bu vazifalarini nazorat qilib turadigan davlat tashkilotlari ham bor, ammo tadbirkor o‘zining jamiyat oldidagi mas’uliyatini his qilgan holda o‘z ishiga sidqidildan, vijdonan yondashadi.
Fuqaro mas’uliyati — jamiyatning axloqiy talablarini kundalik faoliyatida qo‘llay bilish, ularga rioya etish yoki etmaslik tushuniladi. Bu tushuncha fuqarolar huquq va majburiyatlarining o‘zaro uyg‘unligini ifodalaydi. Inson o‘z burchini anglagani sari uning zimmasida mas’uliyat hissi ortib boradi. Qachonki inson oilasi oldidagi burchni anglab yetsa, u jamiyat oldida mas’ulligini tushunadi. Qachon inson jamiyat oldidagi burchini anglasa, unda shaxsiy daxldorlik hissi paydo bo‘ladi. Fuqaro daxldorligi — biror-bir faoliyatga, jarayonga aloqadorlik, sheriklikdir. Har bir fuqaro Vatan taqdiriga shaxsiy daxldorlik tuyg‘usi bilan yashasa, uning jamiyat oldidagi burchi va mas’uliyati ham kuchayib boradi. Daxldorlik hissi insonlarni birlashtiradi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, O‘zbekistonda 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Mamlakatimizni rivojlantirishning Harakatlar strategiyasida beshta ustuvor yo‘nalish belgilab berildi. Bular:
— Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish;
— Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini
yanada isloh qilish;
— Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish;
— Ijtimoiy sohani rivojlantirish;
— Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan,
o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish kabi masalalarni qamrab olgan.
Dars sabog‘i. Idrok eting! Dunyo faqat tog‘u-tosh lar, qir-u dalalar, bepoyon cho‘l-u sahrolardan tashkil topib, uning buyuk ijodkori odamzod yaratilmaganida, olam bunchalar go‘zal, hayot bunchalar zavqli bo‘lmas edi. Shunday ekan, biz yashayotgan kurrai zaminning yanada taraqqiy etib, gullab yashnashi faqat o‘zimizga, har birimizning o‘z maqomimizdagi bunyodkorlik ishlarimizga bevosita bog‘liqdir.
«Kimiki befoyda umrin o‘tkazdi, hech narsa olmasdan oltin ketkazdi».
1. Nima deb o‘ylaysiz? Harakatlar strategiyasini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish uchun
mamlakatimiz fuqarolarining shaxsiy daxdorligi qanday bo‘lishi kerak?
2. Mamlakatimizni yanada rivojlantirishda nima uchun fuqarolar mas’uliyatiga tayaniladi?
3. Oila, mahalla va davlat, jamiyat o‘rtasidagi daxldorlik mas’uliyati ro‘yxatini tuzing.
Do'stlaringiz bilan baham: |