Moliyaviy inqiroz – bu davlat moliya mexanizmining tizimli buzilishi bo‘lib, bunda inflyatsiya ko‘rsatkichining sezilarli darajada o‘sishi, qimmatli qog‘ozlar bahosining beqarorligi, byudjet daromadlarining uning harajatlariga nisbatan keskin nomuvofiqligi, milliy pul birligining almashuv kursining beqarorligi va pasayishi, iqtisodiy subektlar o‘rtasida to‘lovsizlik muammosining kuchayishi, kapitalning mamlakatdan tez sur’atlarda chiqib ketishi, muomaladagi pul massasining pul muomalasi qonuni talablariga mos kelmasligi kabilar kuzatiladi.
Moliyaviy inqiroz – fond bozori hajmining 20% dan ortiq kamayishi, banklararo kredit bozorida foiz stavkalarining ikki marta oshishi, milliy valyuta kursining 10% dan ortiq pasayishi holatidir.
Insoniyat taraqqiyotining hozirgi bosqichi globallashuv jarayonlarining jadal rivojlanishi orqali tavsiflanadi. Globallashuvni iqtisodiy jihatdan qaraydigan bo‘lsak, u jahon xo‘jaligining butun makonini qamrab oluvchi iqtisodiy munosabatlar tizimining tashkil topishi va rivojlanishini anglatadi.
Globallashuv jarayonlarining kengayishi jahon mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarning yanada takomillashuviga olib keladi. Jumladan, globallashuv natijasida transmilliy korporatsiyalar, ularning turli ko‘rinishdagi xalqaro birlashmalari faoliyatining tarkib topishi va kengayishi, xalqaro ishlab chiqarish kooperatsiyasi va mehnat taqsimotining nisbatan yuqori darajaga o‘tishi, xalqaro iqtisodiy tashkilotlar faoliyatining yanada kuchayishi ro‘y beradi.
Umuman olganda, globallashuv jarayonlari jahon xo‘jaligining yaxlit iqtisodiy tizim sifatida rivojlanishida sifat bosqichi hisoblanib, yangi imkoniyatlarni ochib beradi.
Biroq, globallashuv jarayonini mutlaqlashtirish va unga bir tomonlama qarash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki, mazkur jarayon o‘zining ijobiy jihatlari bilan bir qatorda ziddiyatli tomonlariga ham ega. Jahonning bir mamlakatida ro‘y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy larzalarning muqarrar ravishda boshqa mamlakatlarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazishi shulardan biri hisoblanib, bugungi kunda ro‘y berayotgan moliyaviy inqiroz ham aynan shu ma’noda globallashuv jarayonlarining oqibati hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, Birinchi Prezidentimiz o‘z asarlarini bugungi kunning eng dolzarb muammosi – bu 2008 yilda boshlangan jahon moliyaviy inqirozi, uning ta’siri va salbiy oqibatlari, yuzaga kelayotgan vaziyatdan chiqish yo‘llarini izlashdan iborat ekanligidan boshlab, jahon moliyaviy inqirozining mazmun-mohiyati, kelib chiqish sabablariga batafsil to‘xtalib o‘tdilar.
«Bu inqiroz Amerika Qo‘shma Shtatlarida ipotekali kreditlash tizimida ro‘y bergan tanglik holatidan boshlandi. So‘ngra bu jarayonning miqyosi kengayib, yirik banklar va moliyaviy tuzilmalarning likvidlik, ya’ni to‘lov qobiliyati zaiflashib, moliyaviy inqirozga aylanib ketdi. Dunyoning yetakchi fond bozorlarida eng yirik kompaniyalar indekslari va aksiyalarining bozor qiymati halokatli darajada tushib ketishiga olib keldi. Bularning barchasi, o‘z navbatida, ko‘plab mamlakatlarda ishlab chiqarish va iqtisodiy o‘sish sur’atlarining keskin pasayib ketishi bilan bog‘liq ishsizlik va boshqa salbiy oqibatlarni keltirib chiqardi».
Bundan ko‘rinadiki, dastlab AQSH ipoteka bozorlarida namoyon bo‘lgan mazkur inqiroz yetarlicha to‘lov layoqatiga ega bo‘lmagan, qarzlarni qaytarish qobiliyati shubhali bo‘lgan qarzdorlarga ipoteka kreditlari berish amaliyotining jadallashuvi natijasida ro‘y berdi.
Modomiki, ipoteka krediti o‘zining mohiyati bo‘yicha ko‘chmas mulk garovi hisobiga beriladigan kreditlar bo‘lsada, AQSH bozorlari bunday likvidli ko‘chmas mulklarga yetarlicha «to‘yindi» va ularning narxlari keskin tusha boshladi. Buning ustiga investitsion banklarning AQSH ipoteka bozorlaridagi yangi moliyaviy «mahsulot» hisoblangan aktivlarni sekyuritizatsiyalash bo‘yicha operatsiyalarining avj olishi ipoteka bozorlaridagi tanazzullik holatlari ehtimolligini oshirdi.
AQSH iqtisodiyoti yaratilgan shart-sharoitlar tufayli arzon kredit resurslariga to‘yindi va bu Federal zaxira tizimi (FZT) amalga oshirayotgan pul-kredit siyosatini o‘zgartirishiga olib keldi. Natijada 2004-2006 yillarda Federal zaxira tizimi foiz stavkalarni 6,25% gacha ko‘tardi. Kreditlarning qimmatlashuvi aholini ipotekaga nisbatan talabining pasayishiga va kreditlarni qaytarish bo‘yicha qarzdorlar to‘lovining qisqarishiga olib keldi. Boshqa tomondan, oziq-ovqat mahsulotlari va energiya resurslari narxlarining o‘sishi aholining kreditni qaytarish bo‘yicha moliyaviy imkoniyatlarining cheklanishiga olib keldi. 2000-2007 yillar mobaynida jahon bozoridagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxi o‘rtacha ikki barobarga oshdi, benzin narxi esa 3,5 barobarga oshdi. Neft narxi rekord darajada, ya’ni bir barreli 147 dollardan ortdi.
Pirovard natijada 2007 yil boshida AQShda aholining ipoteka kreditlarini qaytarishi bilan bog‘liq muammo kuchaydi. Qarzdorlarning ko‘chmas mulk garovi bilan olingan kreditlarni qaytarishdan ko‘ra to‘lovlarni to‘lashdan bosh tortish holati kengaydi. Banklarning to‘lov qobiliyatiga ega bo‘lmagan mijozlarning ko‘chmas mulklarini qayta sotuvga qo‘yishi natijasida ipoteka bozoridagi taklif ko‘payib, bozordagi narxlarning keskin pasayishiga olib keldi.
Britaniyaning nufuzli gazetalaridan biri bo‘lgan «Gardian» jahon moliyaviy inqirozining asosiy aybdorlari ro‘yxatini e’lon qildi. Mazkur ro‘yxatning oldingi o‘rinlarida AQShning taniqli siyosatchilari o‘rin olgan bo‘lib, unda inqiroz faqatgina iqtisodiyot rivojlanishining navbatdagi harakatlantiruvchi kuchi ekanligi ta’kidlab o‘tilgan.
Aksariyat moliyachi-iqtisodchilar vujudga kelgan moliyaviy inqirozning haqiqiy sabablaridan biri sifatida rivojlangan mamlakatlarda iqtisodiyotni haddan ziyod ortiqcha erkinlashtirish siyosatining «mevasi» ekanligini, ya’ni «o‘z-o‘zini boshqaruvchi bozor» g‘oyasini ilgari surish orqali davlatning milliy iqtisodiyotga va xususan moliyaviy bozorlarga aralashuvini cheklanganligi bilan ham izohlamoqdalar.
Shu o‘rinda, jahon moliyaviy inqirozining yuzaga kelishida asosiy sabab – moliyaviy resurslar bilan real ishlab chiqarish hajmi o‘rtasidagi mutanosiblikning keskin buzilishi hisoblanishini ta’kidlash lozim. Pul muomalasi qonunlaridan ma’lumki, iqtisodiyot sog‘lom va barqaror amal qilishi uchun muomalaga chiqarilayotgan pul massasi bilan tovar va xizmatlar ishlab chiqarish real hajmi o‘rtasida muayyan nisbatga amal qilinishi lozim. Biroq, milliy iqtisodiyotlarning baynalminallashuvi va globallashuv jarayonlari pul muomalasining amal qilishiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazib, dastlab ayrim mamlakatlar, masalan AQShda, keyinchalik ko‘plab mamlakatlarda mazkur qonunga rioya qilishning zaiflashuviga, keyin esa uni umuman e’tiborga olmaslikka qadar olib keldi. Jumladan, o‘tgan asrning 70-yillariga qadar amal qilib kelgan jahon valyuta tizimlari pullarning oltin yoki tovar mazmunini ta’minlash orqali iqtisodiy munosabatlarning barqarorligiga zamin yaratdi. Biroq, jahon amaliyotida 1976 yildan boshqariladigan, suzib yuruvchi valyuta tizimiga o‘tgach, pulning oltin mazmuni yo‘qolib, asosan AQSH dollari yetakchi valyutaga aylangach, uning muomalaga chiqarilishini nazorat qilib bo‘lmay qoldi. Keyingi yillarda globallashuv jarayonining jadallashuvi ta’sirida xalqaro iqtisodiy aloqalarda qat’iy valyutaga bo‘lgan talabning yanada kuchayishi AQSH tomonidan hech qanday tovar bilan ta’minlanmagan pullarning muomalaga chiqarilish jarayonini yanada tezlatib yubordi. Ma’lumotlarga ko‘ra, muomaladagi pul massasi (naqd, kredit pullar va turli to‘lov vositalari)ning tovar va xizmatlar ishlab chiqarish real hajmidan deyarli 10 baravar, agar pulning aylanish tezligini ham hisobga olinsa, muomala uchun zarur bo‘lgan pul miqdoridan, ya’ni pulga bo‘lgan talabdan bir necha o‘n baravar ko‘payib ketganligini anglatadi.
Shu bilan bir qatorda, asosan yetakchi rivojlangan mamlakatlarda kuzatilgan quyidagi salbiy holatlar ham moliyaviy inqirozning vujudga kelishiga asosiy sabablaridan hisoblanadi:
noratsional pul-kredit siyosatini, hamda qayta moliyalash stavkasini surunkali ravishda past darajada ushlab turilishi natijasida qarzga yashashning odatga va kundalik holatga aylanishi;
moliyaviy institutlarning majburiyatlari bilan ustav mablag‘lari o‘rtasidagi mutanosiblikning keskin buzilishi;
qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha reyting tashkilotlari tomonidan soxta xulosalar berilishi;
moliyaviy audit va professional etika tamoyillarini buzilishi va soxta audit xulosalari taqdim etilishi;
moliyaviy rag‘batlantirish uslubi sifat ko‘rsatkichlariga emas, balki miqdoriy ko‘rsatkichlarga asoslanganligi;
yuqori riskli va murakkab hosilaviy qimmatbaho qog‘ozlarni vujudga kelishi va hokazo.
2-mavzu. Antiinqiroziy moliyaviy boshqaruvning nazariy asoslari
Reja:
Antiinqiroziy moliyaviy boshqaruv tushunchasi va uning mohiyati.
Antiinqiroziy moliyaviy boshqaruv maqsadi va vazifalari.
Antiinqiroziy moliyaviy boshqaruv tamoyillari.
Antiinqiroziy moliyaviy boshqaruv bosqichlari.
1-savol bayoni. Antiinqiroziy moliyaviy boshqaruv jarayoniga iqtisodiy tomondan baho berilganda – avvalambor, iqtisodiy nochor va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni moliyaviy-iqtisodiy tomondan sog‘lomlashtirish bo‘lib, boshqaruvning bu usulini harakatga keltiruvchi omil iqtisodiy nochorlik belgilari va zarar ko‘rib ishlash hisoblanadi. Respublikamiz qonunchiligida iqtisodiy nochorlik bankrotlik tushunchasi bilan bir xil atama sifatida qo‘llaniladi.
Buni «Bankrotlik to‘g‘risida»gi qonun 3-moddasining birinchi qismida berilgan ta’rifdan ko‘rish mumkin: bankrotlik (iqtisodiy nochorlik) - xo‘jalik sudi tomonidan e’tirof etilgan, qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini to‘la hajmda qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini to‘la hajmda bajarishga qodir emasligi.
Bankrotlik – arbitraj sud tomonidan tan olinishi yohud pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini to‘la hajmda qondira olmasligi haqida qarzdor tomonidan e’lon qilinishi va (yoki) qarzdorning mavjud aktivlari doirasida kreditorlar talablarini qondirish maqsadida qarzdorga nisbatan tanlovli ishlab chiqarish taomilini qo‘llab majburiy to‘lovlar bo‘yicha majburiyatlarni bajarish”. Shunday ekan, ko‘rib chiqilgan mualliflar guruhi nochorlikni oddiy to‘lovga qobiliyatsizlik, bankrotlikni esa – xo‘jalik sudi tomonidan tan olingan to‘lovga qobiliyatsizlik deb ataganlar.
Shunday ekan, keltirib o‘tilgan mualliflar jamoasi, nochorlikni to‘lovga qobiliyatsizlik (majburiyatlarni bajara olmaslik), bankrotlik esa – sud tomonidan tan olinishi deb hisoblashni taklif etdilar. Bizning fikrimizcha, bunday nuqtai nazar bahsli, modomiki, bu huquqiy maqsadlardan ko‘ra iqtisodiy maqsadlardan kelib chiqadi.
Iqtisodiy fanlarda iqtisodiy nochorlik, moliyaviy nobarqarorlik, to‘lovga noqodirlik, bankrotlik kabi so‘zlar bir xil mazmun beruvchi atamalar kabi ishlatilib kelinadi. Lekin aslida ham shundaymi?
2003 yil 24 aprelda qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonunini xuquqiy hujjat sifatida keltirish mumkin. Qonunning 3-moddasida bankrotlik tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilgan:
Bankrotlik (iqtisodiy nochorlik) – xo‘jalik subektlari tomonidan e’tirof etilgan, qarzdorning pul munosabatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini to‘la hajmda qondirishga majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini to‘la hajmda bajarishga qodir emasligidir.
Butun dunyoda bankrotlik bo‘yicha ta’rif va tushuntirishlar, har qaysi davlatning mavjud xuquqiy me’yor va amaliy hujjatlarida ham bankrotlik turli usullar yordamida ta’riflanagan bo‘lsada butun jahon olimlari tomonidan uni e’tirof etiladigan bitta mohiyati mavjud, u ham bo‘lsa: bankrotlik – bu korxona o‘z aktivlari yuzasidan majburiyatlarini kompensatsiya qila olmasligi natijasida uning to‘lov qobiliyatini pasayib ketishidir. Boshqa ta’riflarning barchasi mazkur tushunchaga asoslanadi.
Bundan tashqari bankrotlik alomatlari deb nomlanadigan qonunning 4-moddasida ham bankrotlik alomatlari bo‘lishi uchun korxonani boshqa korxonalar bilan kreditorlik aloqadari qay tarzda bo‘lishi qonunan ifodalab berilgan. Unga ko‘ra:
Bankrotlik alomatlari - Qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarishga qodir emasligi, agar tegishli majburiyatlar va (yoki) to‘lovlar majburiyati yuzaga kelgan kundan e’tiboran uch oy davomida qarzdor tomonidan bajarilmagan bo‘lsa, uning bankrotlik alomatlari deb e’tirof etiladi.
“Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonuning sharhidan ko‘rinib turibdiki, bankrotlik va bankrotlik alomatlari korxona to‘lovga qodirlik darajasi bilangina emas, o‘z qarzdorligining muddati bilan aniqlanmoqda. Iqtisodiy nochorlik va moliyaviy nobarqarorlik tushunchalari esa bankrotlik tushunchasidan farqli ravishda korxona faoliyati tahlil(monitoring) qilinayotganda qo‘llaniladi. Unda hisob-kitob qilinayotgan har bir ko‘rsatkich bo‘yicha aynan shu ko‘rsatkich bo‘yicha iqtisodiy nochorlik aniqlanadi. Masalan to‘lovga qodirlik darajasi normal bo‘lishi uchun 1.25 dan katta bo‘lishi kerak bo‘lsa, lekin natija 1.1 koeffitsiyentni tashkil qilsa, demak korxona aynan shu ko‘rsatkich bo‘yicha iqtisodiy nochor deb yuritiladi va bu holat ham korxonaning to‘liq iqtisodiy nochor deyilishiga sabab bo‘lmaydi. Bunday xulosaga kelish uchun korxona boshqa barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha normal shartdan past natijani ko‘rsatishi kerak. Agar ma’lum ko‘rsatkichlar pastroq qolganlari normal shartdan balandroq natijani bersa, u holda korxonani tarmoq xususiyati, shartlari va o‘rganilayotgan holatning premeti va ob’ektiga qarab, bundan tashqari koeffitsiyentni ko‘rsatkichlar tizimida tutgan o‘rniga qarab nochor yoki barqaror degan xulosa berish mumkin.
Yuqorida keltirilgan fikrlarga tayanib aytishimiz mumkinki, iqtisodiyotda barcha korxonalar faoliyati risk bilan birga kuzatiladi. Shu sababli korxonalar moliyaviy-iqtisodiy faoliyati risk natijasida yetishi mumkin bo‘lgan zararlardan himoyalanmagan bo‘ladi. Ana shunday sharoitda korxona rahbarlarining asosiy vazifasi korxonaning to‘lovga layoqatsizlik sharoitida samarali bo‘lgan moliyaviy boshqaruv jarayonini to‘g‘ri tashkil etishdan iborat bo‘ladi. Antiinqiroziy moliyaviy boshqaruv deganda yo yuzaga kelgan inqirozli holatlarda boshqaruvni yoki korxonani ushbu holatdan chiqishga olib keluvchi boshqarish jarayoni tushuniladi.
Antiinqiroziy moliyaviy boshqaruvning mazmuni quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
Moliyaviy inqirozlarni oldindan ko‘ra bilish, kutish va yuzaga keltirish mumkin;
Moliyaviy inqirozlarni ma’lum darajada tezlashtirish, oldini olish va kechiktirish mumkin;
Moliyaviy layoqatsizlikka tayyorgarlik ko‘rish mumkin va shart;
Inqirozlarni yumshatish mumkin;
Antiinqiroziy moliyaviy boshqaruv o‘ziga xos yondashuv, maxsus bilim, tajriba va san’atni talab etadi;
Inqirozli jarayonlar belgilangan chegaragacha boshqariluvchi bo‘lishi mumkin;
Moliyaviy nobarqarorlik holatidan chiqish bo‘yicha jarayonlarni boshqarish ushbu holatlarni tezlashtirib, ularning oqibatlarini kamaytirishi mumkin.
Antiinqiroziy moliyaviy boshqaruv tizimi quyidagi o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lishi lozim:
Norasmiy boshqarishni tezlashtirishga moyillik, hissiyotlarni e’tiborga olish, sabr va ishonch;
Moliyaviy boshqaruvni diversifikatsiyalash, murakkab moliyaviy-iqtisodiy sharoitlarda samarali boshqaruvning turli maqbul begilarini topish;
Yuzaga keladigan muammolarni o‘z vaqtida tartibga keltirishni ta’minlash uchun boshqaruvda markazlashuvni kamaytirish;
Kompaniya salohiyatidan samarali foydalanish va barcha imkoniyatlarni ishga solish imkoniyatini beruvchi integratsion jarayonlarni kuchaytirish.
2-savol bayoni. Antiinqiroziy moliyaviy boshqaruvning asosiy maqsadi – korxonada moliyaviy muvozanat va barqarorlikni shakllantirish, moliyaviy inqiroz natijasida korxona bozor bahosining pasayish miqdorini kamaytirish va kelajakda moliyaviy nobarqarorlik holatlaridan ogohlantiruvchi korxonaning ichki tizimini ishlab chiqishdan iborat.
Ushbu maqsadga erishish uchun esa antiinqiroziy moliyaviy boshqaruvning quyidagi vazifalari belgilab olindi:
Korxona moliyaviy holatining inqirozdan oldingi holatini o‘z vaqtida tashhis qilish va moliyaviy inqiroz haqida oldindan xabar beruvchi ogohlantiruvchi chora-tadbirlar ishlab chiqish;
Korxonaning to‘lovga layoqatsizligini bartaraf etish;
Korxonaning moliyaviy barqarorligini tiklash;
Korxonaning bankrotligi va tugatilishini bartaraf etish;
Korxonada moliyaviy inqirozning salbiy oqibatlarini minimallashtirish.
3-savol bayoni. Antiinqiroziy moliyaviy boshqaruv tushunchasining mazmuni asosan korxonaning moliyaviy barqarorligini ta’minlash va uning to‘lovga layoqatliligini ta’minlashga qaratilgan ekan, ushbu jarayonga quyidagi tamoyillar orqali erishiladi:
Ta’sir ko‘rsatishga doim tayyor bo‘lish tamoyili;
Ogohlantiruvchi harakatlar tamoyili;
Ta’sir ko‘rsatishning muddatliligi tamoyili;
Ta’sir ko‘rsatishning mosligi (adekvat);
Qabul qilinayotgan qarorlarning kompleksliligi tamoyili;
Harakatlarning muqobilligi tamoyili;
Boshqaruvning moslashuvchanligi tamoyili;
Ichki resurslardan foydalanishning ustuvorligi tamoyili;
Tashqi sanatsiyaning optimalligi tamoyili;
Samaradorlik tamoyili (1-chizma).
Do'stlaringiz bilan baham: |