Ilmiy tadqiqotning amal qilish mexanizmlari
Ilmiy bilish shakllari: muammo, g‘oya, gipoteza va nazariya.
Ilmiy tadqiqotning ijodiy tomoni muammo, undan kelib chiqadigan masalalar va savollarni qo‘yish qobiliyatida namoyon bo‘ladi. Ilmiy tadqiqot muammoni belgilashdan boshlanadi.
Muammo hal qilinishi kerak bo‘lgan murakkab nazariy yoki amaliy-texnologik masalalar majmuasidir. Muammo belilanganda biz bilishimiz kerak bo‘lgan hodisa, vaziyat haqidagi bilim masalalar shaklida qo‘yiladi va anglaniladi.
Muammo savol yoki masala tarzda tuzilgan hukmlar ketma-ketligini tashkil qilib, ulardan xosil bo‘lgan mulohazalarda biz hozirgacha bilmagan narsa (xossa, hodisa, mohiyat), uni bilish yo‘llari aniqlanadi.
Ilmiy bilishning yana bir muhim shakli g‘oyadir. G‘oya – intuitiv (nogahon) ravishda hosil bo‘ladigan ilmiy faraz va nazariyaning konseptual asosini ifodalagan bilish shakli bo‘lib, u masalani qo‘yish, tajribaviy ma’lumotlarni umumlashtirish, murakkab muammoli vaziyatni tushunish imkoniyatini beradi.
G‘oyaning asosiy vazifasi o‘rganilayotgan narsa va hodisalarni tushunish va tushuntirishga yordam berishdir. G‘oya ruhiyatda yangi fikr tarzida vujudga keladi. Paydo bo‘lish shakliga ko‘ra g‘oya ijodiy tafakkur hosilasidir. Har qanday yangi fikr, faraz, muammoni qo‘yilishi va yechimi dastlab g‘oya shaklida hosil bo‘ladi.
Gipoteza. Gipoteza faraz qilish orqali namoyon bo‘ladigan ilmiy bilish shaklidir.
Gipoteza –isbotlash kerak bo‘lgan, o‘rganilayotgan predmet xususida cheklangan faktlar asosida qilingan faraz, taxminiy fikrdir. Haqiqiy ilmiy gipoteza bir qator talablarga javob berishi lozim.
Fandagi oldin kashf yetilgan qonunlarga zid kelmasligi kerak.
Gipoteza cheklangan doirada bo‘lsa ham faktik ma’lumotlarga mos kelishi lozim.
Gipoteza shakliy mantiqiy ziddiyatlardan holi bo‘lishi kerak.
Gipoteza tasdiqlash yoki rad yetilishi imkoniyatiga yega bo‘lishi kerak.
Keyingi izlanishlarda yangi faktlar yig‘iladi, umumlashtiriladi, natijada gipoteza tasdiqlanadi yoki rad yetiladi. Tasdiqlangan gipoteza ishlab chiqiladigan nazariyani tarkibiy qismiga aylanadi.
Nazariya. Ilmiy tadqiqotning yeng muhim natijasi nazariyadir. Nazariya ilmiy bilishning yeng murakkab, bir butun shaklidir.
Mohiyatan nazariya obektlarning sababiy aloqadorliklari, xossalari va funksiyalarini tushuntirib beradigan g‘oyalar, fan qonunlari, tamoyillari va tushunchalar tizimidir.
Nazariya darajasiga yerishgan bilim tushunish, tushuntirish va va bashorat qilish qobiliyatiga yega bo‘ladi. Ishlab chiqilgan nazariya asosida tadqiqotlar amalga oshiriladi, texnologik tuzilmalar loyihalashtiriladi, tadqiqot qilingan obektning keyingi holati yoki o‘zgarish qonuniyati bashorat qilinadi. Shu bois, nazariyani bilish va amaliyotdagi roli, izlanishdagi metodologik ahamiyati nihoyatda katta desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunda nazariyaning tarkibiy unsurlari – tushuncha, aksioma, tamoyil turli xarakterdagi metodologik vazifalarni bajaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |