14-Mavzu. Fazoviy fanlarda masshtab va tiniqlikning ahamiyati
Boshlangʻich geodeziya va kartografiya kurslaridan ma’lumki, masshtab bu yer yuzasidagi masofalarning gorizontal proyeksiyalardagi kichraytirilgan darajasidir. Masshtablar turli, jumladan sonli, matnli, chiziqli boʻladi va GAT da kartalarni ishlab chiqarayotgan foydalanuvchi talabga qarab legendadan mosini tanlab olishi mumkin. Ma’lumotlarning batafsil yoki umumlashgan holda yoritib berilishiga koʻra katta, oʻrta va kichik masshtabli kartalar boʻladi. Katta masshtabli kartalarda obyektlar katta boʻladi va odatda tuman miqyosida, shahar masshtabida va undan past darajada olinadi (1:100 dan 1:10000 gacha). Koʻpincha bunday kartalar ishchi kartalar hisoblanadi. Kichik miqyosdagi kartalarda obyektlar kichikroq koʻrinishda boʻlib, odatda davlatlar, viloyatlar yoki global masshtabda boʻladi (1:100000 dan 1:5000000 gacha). Koʻpincha siyosiy kartalar yoki global miqyosdagi oʻzgarishlar, yoki biron-bir hodisani tasvirlashda kichik masshtabli kartalar qoʻllaniladi. Katta va kichik masshtabli kartalarning sonlari turlicha koʻrsatilgan. Bundan tashqari, odatda 1:500000 masshtabli kartadan ajratib olingan 1:25000 li karta kichik masshtabli kartadan ajratilgan katta masshtabli karta deb ham yuritiladi. Geoaxborot tizimida ma’lumotlarni toʻplashda va kelgusida ularni foydalanuvchiga yetkazib berishda sifatli ko’rsatib bera olish muhim ahamiyat kasb etadi. Koʻrsatib bera olish xususiyatlari jumlasiga kiruvchi aniqlik
(accuracy), GATga koʻra tiniqlik (inglizcha resolution, ruscha разрешение soʽzidan olingan) muhim xususiyatdir. Bu sifat, oʻz navbatida, fazoviy, spektral va vaqtli boʻlimlarga boʻlinadi. Masofadan zondlashda qoʻllaniladigan barcha sensorlar mana shu uch sifat koʻrsatkichlari doirasida ish olib boradi va ma’lumot saqlanish hajmi, qayta ishlash jarayoni hamda toʻlqin uzunligiga qarab bu uch boʻlimda sensorlar ishlatilishi ham oʻzgarib turadi. Rastr ma’lumot tiniqligi. Rastr ma’lumotdagi katakchalar (cell) berilgan rastr ma’lumot modelining tiniqligini koʻrsatadi. Bizga berilgan ma’lumotga
koʻra, tiniqlik 10 metrga teng boʻlsa, u holda katakcha yuzasini 100 m2 (10mx10m) deb qabul qilishimiz kerak. Agar bizga 30 metrli tiniqlikdagi ma’lumot berilsa, unda har bir katakcha joydagi 900 m2 joyni tasvirlagan boʻladi. Shuning uchun katakcha birligi qanchalik kichik boʻlsa, tiniqlik koʻrsatkichi yanada sifatliroq boʻladi, ya’ni 10 metrli tiniqlikdagi ma’lumot 30 metrli tiniqlikdagi ma’lumotdan ancha ravshanroq koʻrinadi. Shuning uchun iloji boricha tiniqlik birligi kichkina boʻlgan ma’lumot bizga joy haqida yanada aniqroq ma’lumot beradi. Geoaxborot tizimida har bir rastr ma’lumot ma’lum bir oʻlchamga ega boʻlgan piksel(katakcha)ga ega va bu oʻlcham uning tiniqligini koʻrsatib beradDemak, yuqoridagi rasmdan koʻrinib turibdiki, har bir katakcha oʻzida
ma’lum bir oʻlchamni va oʻz navbatida, ma’lumotni saqlaydi. Bu esa kompyuter xotirasidan joy olish demakdir. Geoaxborot tizimi va masofadan zondlashda tiniqlik tuchunchasiga alohida toʻxtalib oʻtishdan maqsad – faqat tiniqligi yuqori boʻlgan tasvirlar bilan ishlash kerak, degan farazdan uzoqlashishdir. Chunki ba’zi masalalarda, ya’ni regional yoki mamlakat masshtabidagi tahliliy ishlarni olib borishda bizga tiniqligi pastroq boʻlgan ma’lumotlar zarur boʻladi. Masalan, Google Earth kosmik suratlarini tiniqligi yuqori boʻlgan ma’lumot turiga kiritishimiz mumkin, chunki bunda tiniqlik oʻlchami 1 metrgacha borishi mumkin. Bu esa 1 m2 joyni koʻrishimiz mumkin deganidir. MODIS turkumidagi ma’lumotlarda tiniqlik oʻlchami 250 metr boʻladi. Ammo 1 metrli tiniqlikdagi ma’lumotni oladigan boʻlsak, unda bizga kompyuter xotirasidan katta joy va uni qayta ishlash jarayonida koʻp vaqt talab etiladi (har bir katakchaga soʻrov amalga shiriladi) hamda bu', oʻz navbatida, resurs va vaqt taqchilligiga olib kelishi mumkin. Vaholanki, bizga faqatgina regional masshtabdagi (masalan, Markaziy Osiyo) tahliliy ma’lumotlar zarur boʻladi. Shunday holatlarda tiniqligi past boʻlgan (250 m, 1 km) ma’lumotlar bilan ishlash bizga qulay boʻladi. GATda fazoviy tahlil jarayoni ma’lumotlarning fazoviy bogʻliqligini aniqlash va uni tuzishdan iboratdir. Geoaxborot dasturlaridan biri sanalgan ArcView dasturida bunday jarayon qoʻshimcha Spatial Analyst degan dastur yordamida amalga oshiriladi. Fazoviy tahlil jarayoni, oʻz navbatida, oddiy va murakkab turlarga boʻlinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |