Falsafa va fan. Falsafa nafaqat fan, balki ijtimoiy hayotning boshqa, chunonchi: iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, huquqiy, ilmiy jabhalari, san`at va shu kabilar bilan ham uzviy bog`liq. Biz falsafa va fan munosabatlarining genezisi haqida ularning birligi va farqlarini aniqlash maqsadida so`z yuritamiz. Mazkur masalani mufassalroq o`rganishga kirishar ekanmiz, avvalo ko`rsatilgan tushunchalarning asosiy ma`nolari va mazmunlarini aniqlab olamiz.
Fanning mohiyatini tushunishga nisbatan ikki asosiy yondashuv, uning keng va tor talqinlari shakllangan.
Keng (yig`ma) ma`nodagi fan – bu butun inson faoliyati jabhasi bo`lib, uning vazifasi borliq haqidagi ob`ektiv bilimlarni o`rganish va ilmiy nazariy tizimga solishdan iboratdir. Bu erda “fan”, “olim” tushunchalari muayyanlashtirilmaydi va umumiy, yig`ma tushunchalar sifatida talqin qilinadi. “Fan” tushunchasi falsafaga tatbiqan ko`pincha ayni shu kontekstda qo`llaniladi, faylasuflar esa olimlar deb ataladiki, bu qisman o`rinlidir.
Muayyan ilmiy fanlar, masalan, fizika, kimyo, biologiya, tarix, matematikani ifodalash uchun «fan» tushunchasiga torroq, binobarin, izchilroq ma`no yuklanadi. Bu erda fanga aniq ta`rif berilgan, olim esa tor mutaxassis, muayyan bilim ifodachisi hisoblanadi. U shunchaki olim emas, balki doim va albatta yo fizik, yo ximik, yo tarixchi, yo boshqa fan vakilidir. Ayni holda fan muqarrar tarzda tabiat, jamiyat, tafakkurning u yoki bu ob`ekti (hodisasi) haqidagi ilmiy bilimlarning qat`iy tartibga solingan, izchil tizimidan tashkil topadi.
Bunday fanlarning har biri faqat ularning o`zigagina xos bo`lgan maxsus qonunlar va metodlarga, mazkur fan uchun yagona bo`lgan til, kategoriyalar apparati va hokazolarga ega bo`ladiki, bu yuz bergan jarayonlarni to`g`ri tavsiflash va tushuntirish, hozirgi davrni to`g`ri tushunish va bilimlarning tegishli sohasida albatta yuz beradigan yoki muayyan sharoitda yuz berishi mumkin bo`lgan voqealar yoki jarayonlarni ma`lum darajada aniq bashorat qilish imkonini beradi. U yoki bu fanning mazmuni ham, u erishgan natijalar ham barcha madaniyatlar va xalqlar uchun yagona bo`lib, ayrim olimning yondashuvi, nuqtai nazari yoki dunyoqarashiga mutlaqo bog`liq emas. Ular mazkur sohada olg`a siljish uchun o`zlashtirish lozim bo`lgan, vaqt va amaliyot sinovidan o`tgan bilimlar yig`indisi sifatida avloddan-avlodga o`tadi.
Falsafada esa qadimda donishmandlik muxlislarining son-sanoqsiz savollariga tajriba yo`li bilan olingan ba`zi bir oqilona javoblar mavjud bo`lgan. Bu javoblarni haqqoniy, ya`ni amaliyot sinovidan o`tgan, kundalik hayotda o`z tasdig`ini topgan, aniq bilim deb nomlash mumkin. Bunday javoblar masala «yopilishi», kun tartibidan chiqarilishiga sabab bo`lgan, boshqacha aytganda, aniq ta`riflangan va boshqa javoblarni istisno etgan.
Bunga juda ko`p misollar keltirish mumkin. Masalan, har qanday uchburchak burchaklarining yig`indisi 180 gradusga tengligi yoki suyuqlikka solingan jismga siqib chiqarilgan suyuqlik og`irligiga teng kuch ta`sir ko`rsatishi aniqlangani zahoti bu masalalar o`zining «ochiq» xususiyatini yo`qotgan, ya`ni ular o`zining boshqa variantlarni istisno etadigan aniq echimini topgan. Bu mazkur masalalar atrofida har qanday qo`shimcha mushohada yuritish foydasizligi tufayli o`zining har qanday ahamiyatini yo`qotganligini anglatgan. Echilgan masalalar va muammolar esa aniq, ishonchli bilim darajasiga o`tgan va shu davrdan e`tiboran o`zining falsafiy tusini yo`qotgan. XX asrda taniqli nemis faylasufi K.YAspers bu muhim qoidani ta`riflar ekan, shak-shubhasiz asoslardan birini har kim e`tirof etgudek bo`lsa, u shu tariqa ilmiy bilishga aylanadi va bundan buyon falsafa hisoblanmaydi, balki bilimning muayyan sohalariga tegishli bo`ladi, deb qayd etdi.
SHunday qilib, azaldan yaxlit va bo`linmas dastlabki bilim sifatida amal qilgan falsafa zaminida o`sha vaqtlardayoq amaliy xususiyat va tegishli yo`nalishga ega bo`lgan bilim sohalari faol shakllana boshladi. SHu tariqa asta-sekin tabiatshunoslik vujudga keldi, muayyan fanlar (matematika, geometriya, fizika, tibbiyot, astronomiya, tarix va boshqalar) shakllanib, o`z shakl-shamoyilini kasb etdi va mustaqil tus oldi. Ayni shu ma`noda falsafa barcha fanlarning asosi hisoblanadi. Bu fanlar falsafadan ajralib chiqqach, keyinchalik ilmiy bilimning tabaqalanishi jarayonida ba`zan parchalanib, o`z tadqiqot predmetini yanada toraytiradi va mufassallashtiradi. Ular tahlilining teranligi va narsalar mohiyatini anglash darajasi ortsa, ayni vaqtda o`rganilayotgan masalalar doirasi torayadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |