qandaydir bitta muammoni faqat u yoki bu muayyan vazifani echish maqsadida
murakkab masalalarni sxemalashtirish, ataylab soddalashtirish to‘g‘risida so‘z
yuritilayotganini
tushungan
holda, ma’lum darajada shartlilik bilan
mutlaqlashtirish mumkin.
Masalan, falsafaning «borliq» va «substansiya» kabi ayniqsa keng tarqalgan asosiy
kategoriyalari haqida so‘z yuritar va muayyan faylasuflarning ularga bo‘lgan
munosabatini aniqlashga harakat qilar ekanmiz, «falsafaning asosiy masalasi»ni
uzil-kesil echish tarafdorlari ilgari surgan mantiqqa muvofiq, barcha faylasuflarni
ma’lum darajada shartlilik bilan materialistlar, idealistlar va dualistlarga
ajratishimiz mumkin. Umuman olganda, agar, falsafada ayniqsa ko‘p muhokama
qilinadigan muammolar doirasini aniqlashga harakat qilinayotgan yoki falsafa
tarixini, u yoki bu falsafiy g‘oyalar, yo‘nalishlar, oqimlarning vorisiyligini
yaxshiroq tushunish vazifasi qo‘yilayotgan bo‘lsa, bunday ajratish mutlaqo
o‘rinlidir.
Shuningdek, muammoga nisbatan yangicha yondashuvni yoki masalaning
yangicha talqinini taklif qilishi mumkin bo‘lgan boshqacha yondashuvlar paydo
bo‘lishi va mavjudligiga yo‘lni berkitmaslik uchun har qanday sxemalashtirish
cheklangan xususiyatga ega bo‘lishini unutmaslik kerak.
Ayni bir masalaga boshqacha nuqtai nazardan, g‘ayritabiiy yoki mutlaqo
kutilmagan tomondan yondashish taklif qilingan, pirovardda esa avvalgi qarashlar
nuqtai nazaridan erishish mumkin bo‘lmagan kashfiyotlar olingan hollarga tarixda
misollar bisyor. Masalan, geotsentrik qarashlar o‘rnini geliotsentrik qarashlar
egallashi, nisbiylik nazariyasining paydo bo‘lishi, Rim klubiga taqdim etilgan
«O‘sish chegaralari» ma’ruzasi va hokazolar ko‘pchilik uchun tabiiy, o‘z-o‘zidan
ravshan bo‘lib tuyulgan narsalarga nisbatan noan’anaviy, g‘ayritabiiy yondashuv
mahsulidir. Mazkur misollar falsafada «qat’iy», uzil-kesil ta’riflarga nisbatan
ancha ehtiyotkorlik bilan yondashish lozim, zero bu ba’zan yanglishishlarning
mustahkamlanishiga, oxir-oqibatda esa – turg‘unlik va dogmatizmga olib keladi,
degan fikrni faqat tasdiqlaydi.
Dunyoni bilish mumkinmi, degan savolga faylasuflar tomonidan berilgan javoblar
orasida ham ikki qarama-qarshi yondashuv ajralib turadi. Bu yondashuvlardan biri
gnoseologik optimizm
deb ataladi. Unga muvofiq insonning bilish imkoniyatlari
umuman olganda cheklanmagan va u o‘zini qiziqtirayotgan tabiat va jamiyat
qonunlarini kashf etish, narsalar mohiyatini aniqlash va dunyoning haqiqiy
manzarasini yaratishga ertami, kechmi albatta muvaffaq bo‘ladi, deb hisoblanadi.
Bunda G.Gegelni, va u yaratgan ta’limotning ko‘p sonli tarafdorlarini tilga olib
o‘tish o‘rinli bo‘ladi.
Ikkinchi yondashuv
agnostitsizm (
yunon. a – inkor va gnosis – bilim) deb ataladi.
Bu yondashuv namoyondalari dunyoni, narsalar va hodisalar mohiyatini to‘la (yoki
hatto qisman) bilish amalda mumkin emas, deb hisoblaydi. Bunday qarashlar
ayniqsa D.Yumga xosdir. Odatda, agnostitsizm namoyandalari qatoriga I.Kant ham
kiritiladi, ammo bu yondashuv ancha bahsli bo‘lib, faylasuflar orasida
munozaralarga sabab bo‘lib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: