Fanning mohiyatini tushunishga nisbatan ikki asosiy yondashuv, uning keng va tor talqinlari shakllangan. Keng (yig‘ma) ma’nodagi fan – bu butun inson faoliyati sohasi bo‘lib, uning vazifasi borliq haqidagi ob’ektiv bilimlarni o‘rganish va ilmiy nazariy tizimga solishdan iboratdir. Bu erda “fan”, “olim” tushunchalari muayyanlashtirilmaydi va umumiy, yig‘ma tushunchalar sifatida talqin qilinadi. “Fan” tushunchasi falsafaga tatbiqan ko‘pincha ayni shu kontekstda qo‘llaniladi, faylasuflar esa olimlar deb ataladiki, bu qisman o‘rinlidir. Muayyan ilmiy fanlar, masalan, fizika, kimyo, biologiya, tarix, matematikani ifodalash uchun «fan» tushunchasiga torroq, binobarin, izchilroq ma’no yuklanadi. Bu erda fanga aniq ta’rif berilgan, olim esa tor mutaxassis, muayyan bilim ifodachisi hisoblanadi. U shunchaki olim emas, balki doim va albatta yo fizik, yo ximik, yo tarixchi, yo boshqa fan vakilidir. Ayni holda fan muqarrar tarzda tabiat, jamiyat, tafakkurning u yoki bu ob’ekti (hodisasi) haqidagi ilmiy bilimlarning qat’iy tartibga solingan, izchil tizimidan tashkil topadi. Falsafada esa qadimda donishmandlik muxlislarining son-sanoqsiz savollariga tajriba yo‘li bilan olingan ba’zi bir oqilona javoblar mavjud bo‘lgan. Bu javoblarni haqqoniy, ya’ni amaliyot sinovidan o‘tgan, kundalik hayotda o‘z tasdig‘ini topgan, aniq bilim deb nomlash mumkin. Bunday javoblar masala «yopilishi», kun tartibidan chiqarilishiga sabab bo‘lgan, boshqacha aytganda, aniq ta’riflangan va boshqa javoblarni istisno etgan. Bunga juda ko‘p misollar keltirish mumkin. Masalan, har qanday uchburchak burchaklarining yig‘indisi 180 gradusga tengligi yoki suyuqlikka solingan jismga siqib chiqarilgan suyuqlik og‘irligiga teng kuch ta’sir ko‘rsatishi aniqlangani zahoti bu masalalar o‘zining «ochiq» xususiyatini yo‘qotgan, ya’ni ular o‘zining boshqa variantlarni istisno etadigan aniq echimini topgan. Bu mazkur masalalar atrofida har qanday qo‘shimcha mushohada yuritish foydasizligi tufayli o‘zining har qanday ahamiyatini yo‘qotganligini anglatgan. Echilgan masalalar va muammolar esa aniq, ishonchli bilim darajasiga o‘tgan va shu davrdan e’tiboran o‘zining falsafiy tusini yo‘qotgan. XX asrda taniqli nemis faylasufi K.YAspers bu muhim qoidani ta’riflar ekan, shak-shubhasiz asoslardan birini har kim e’tirof etgudek bo‘lsa, u shu tariqa ilmiy bilishga aylanadi va bundan buyon falsafa hisoblanmaydi, balki bilimning muayyan sohalariga tegishli bo‘ladi, deb qayd etdi. SHunday qilib, azaldan yaxlit va bo‘linmas dastlabki bilim sifatida amal qilgan falsafa zaminida o‘sha zamonlardayoq amaliy xususiyat va tegishli yo‘nalishga ega bo‘lgan bilim sohalari faol shakllana boshladi. SHu tariqa asta-sekin tabiatshunoslik vujudga keldi, muayyan fanlar (matematika, geometriya, fizika, tibbiyot, astronomiya, tarix va boshqalar) shakllanib, o‘z shakl-shamoyilini kasb etdi va mustaqil tus oldi. Ayni shu ma’noda falsafa barcha fanlarning asosi hisoblanadi. Bu fanlar falsafadan ajralib chiqqach, keyinchalik ilmiy bilimning tabaqalanishi jarayonida ba’zan parchalanib, o‘z tadqiqot predmetini yanada toraytiradi va mufassallashtiradi. Ular tahlilining teranligi va narsalar mohiyatini anglash darajasi ortsa, ayni vaqtda o‘rganilayotgan masalalar doirasi torayadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |