Falsafa fanining muammolari,
o’z xususiyatlariga ko’ra, azaliy va yoki
o’tkinchi bo’lishi mumkin. Azaliy muammolar insoniyat paydo bo’lgan davrdayoq
vujudga kelgan bo’lib, toki odamzod mavjud ekan, yashayveradi. CHunki
insoniyat taraqqiyotining har bir bosqichida ushbu muammolar yangidan kun
tartibiga qo’yilaveradi. Ularni o’rganish jarayonida ilm-fan taraqqiy etib boradi.
Olam va odam munosabatlari, dunyoning mavjudligi, borliqning voqeligi,
undagi o’zaro aloqadorlik va taraqqiy etish, insoniyat hayotidagi adolat va haqiqat,
yaxshilik va yomonlik, urush va tinchlik, umrning mazmuni, tabiat va jamiyat
taraqqiyotining asosiy tamoyillari bilan bog’liq ko’pdan-ko’p masalalar falsafa va
falsafiy bilim sohalarining azaliy muammolari sirasiga kiradi.
Dunyoqarash tushunchasi
. Har bir kishining dunyoga nisbatan o‘z qarashi,
o‘zi va o‘zgalar, hayot va olam to‘g‘risidagi tasavvurlari, xulosalari bo‘ladi. Ana
shu tasavvurlar, tushunchalar, qarash va xulosalar muayyan kishining boshqa
odamlarga munosabati va kundalik faoliyatining mazmunini belgilaydi. SHu
ma’noda, dunyoqarash - insonning tevarak atrofini qurshab turgan voqelik
to‘g‘risidagi, olamning mohiyati, tuzilishi, o‘zining undagi o‘rni haqidagi
qarashlar, tasavvurlar, bilimlar tizimidir.
Dunyoqarash - olamni eng umumiy tarzda tasavvur qilish, idrok etish va
bilishdir. Dunyoqarashning bir kishiga yoki alohida shaxsga xos shakli individual
dunyoqarash deyiladi. Guruh, partiya, millat yoki butun jamiyatga xos
dunyoqarashlar majmuasi esa, ijtimoiy dunyoqarash deb yuritiladi. Ijtimoiy
dunyoqarash individual dunyoqarashlar yig‘indisidan dunyoga keladi, deyish
mumkin. Bunda ijtimoiy dunyoqarashning umumiy va xususiy shakllarini hisobga
olish lozim.
Falsafiy dunyoqarashning asosiy yo’nalishlari
. Dunyoqarash tizimi va unga
xos nisbatan mustaqil yo’nalishlarning har birini falsafiy mulohazaning
oydinlashgan (konkretlashgan) shakli sifatida qarash mumkin. Falsafiy
dunyoqarash, sodda qilib aytadigan bo’lsak, insonning olam, odam va borliqqa
munosabatini ifodalovchi bilimlar tizimidir. Unga inson borlig’ining mohiyati
nuqtai nazaridan yondashiladigan bo’lsa, moddiy yoki ma‘naviy jihatlari
nechog’lik mutlaqlashtirilishiga qarab, uning tarkibida materialistik va idealistik
dunyoqarash yo’nalishlari mavjudligini ko’ramiz.
Hayot va o’lim xaqida o’ylamaydigan va yashashning cheklangani to’grisida
qaygurmaydigan, g’am-tashvish chekmaydigan odam bo’lmasa kerak. O’limning
muqarrarligi har bir insonda salbiy xis-tuygularni yuzaga qalqitib, odamning ilik-
iliklarigacha bo’lgan quvvatni ham go’yo sug’irib olgandek bo’ladi. Bu xislardan
xoli bo’lish uchun odam abadiylik to’grisida qayguradi, abadiylikka doxil bo’lish
yo’llarini qidiradi. SHu jarayonda aql bilan bilib, tajriba yo’li bilan sinab
bo’lmaydigan (transsendental) olam borligi, u bilan ruxiy aloqa bog’lash orqali
o’lim vaximasi, hayot tushkunligi, yashashning ma‘nisizligi to’grisidagi g’am-
andux xislaridan xoli bo’lishga intiladi, natijada inson ichki olami («Meni») tashqi
abadiy olam – kosmik butunlik bilan birlashgandek bo’ladi. Oqibatda mifologik
(afsonaviy), diniy, badiiy, odatiy dunyoqarashlar vujudga kelib, ular orqali odam
hayotdan qoniqish, vaximaga tushmaslik xistuyg’ularini o’zida gavdalantirmoqchi
bo’ladi. Falsafa esa insoniyat to’plagan barcha ilmlar, tajribalarni umumlashtirib,
ayrim-ayrim tarmoqlarga bo’linib ketgan dunyo xaqidagi tasavvurlarni yig’ib, ilm-
fan dalillariga, insoniyatning abadiylik yo’lida to’plagan tarixiy tajribalariga
tayangan ilmiy dunyoqarashni shakllantiradi. SHuning uchun ham falsafa fanining
moxiyati – «Odam-olam» tizimida yalpi umumiy muammolar xaqidagi fikrlarda
namoyon bo’ladi. Odam nechayil yashashi bilan emas, balki qanday yashaganligi
bilan o’z abadiyligini yarata olishiga falsafa ishontirib, inson o’z hayotining
ma‘noli, mazmunli qilishiga yordamlashadi. Ilmiy falsafa odamzodni hayotbaxsh
dunyoqarash egasi qilish funksiyasi orqali olam, undagi barcha munosabatlar
ijtimoiy taraqqiyotga, inson barkamolligiga xizmat qilishi uchun kurashuvchilar
avlodini etishtirishga harakat qiladi. Falsafa olamni bilish metodi orqali fanlarga
nisbatan evristik, uyg’unlashtirish, birlashtiruvchilik, mantiqiy-gnoseologik
(bilishga oid) kabi funksiyalarni ham bajaradi. Bu, uning metodologik funksiyasi
bo’lib, barcha fanlarga doir murakkab nazariy va fundamental muammolarni hal
etishga yordamlashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |