AXBOROT SOHASIDAGI GLOBALLASHUV
U orqali yuzaga kelishi mumkin bo’lgan muammolardan imkon qadar o’zimizni himoya qilishimiz lozim.
O’tgan asrning oxirlarida shunday axborot vositasi yaratildiki, bu hodisa jahon axborot olamida o’ziga xos burilish yasadi. Bu yangi kommunikatsiya vositasi — internet edi.
Bundan yigirma yil muqaddam dunyoda jami to’qson ming internet foydalanuvchisi bo’lgan bo’lsa, bugungi kunda dunyo aholisining oltidan bir qismi ushbu tarmoq imkoniyatlaridan foydalanmoqda. Netcraft kompaniyasi tomonidan o’tkazilgan tadqiqot natijalariga ko’ra, 2007 yilda internetdagi saytlarning umumiy soni 155 milliontaga etgan. 2008 yilning oxiriga kelib bu ko’rsatkich 195 milliontadan oshgan. Shuning o’zi xalqaro “o’rgimchak to’ri»ning nechog’li shiddat bilan rivojlanayotganligini ko’rsatib turibdi.
Ayni paytda zamonaviy fanlar o’rganayotgan masalalar orasida globallashuvdan dolzarbroq mavzuni topish mushkul. Chunki uning texnologik, moliyaviy-siyosiy, madaniy, ekologik va ijtimoiy jihatlari bilan nafaqat rivojlangan mamlakatlar, balki butun dunyo yuzma-yuz turibdi. Ayniqsa, axborot sohasidagi globallashuv insonlar hayotini tubdan o’zgartirib yubordi. Hozirgi kunda axborot mahsulotlarining dunyo bozoridagi daromadi «qora oltin», samolyotsozlik va avtomobilsozlik kabi sohalar daromadidan ham oshib ketdi.
Axboriy globallashuv barcha xususiy shaxslar, kompaniyalar va birlashmalarga ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni samarali hal etishda ulkan imkoniyatlar yaratadi. Insoniyatning bilimi o’sishida, savdo-tijorat, marketing, turizm va boshqa ko’plab sohalarni o’zlashtirishda internet imkoniyatlari va xizmatlaridan ko’z yumib bo’lmaydi.
Birinchidan — axboriy globallashuv natijasida bir millat ongiga boshqa bir millat madaniyati, urf-odati va hayot tarzi singib borishi mumkin. Bunda kinofilmlar, teleseriallar, qo’shiqlar va kliplar alohida o’rin tutadi. Ikkinchidan — axboriy globallashuv natijasida jahondagi kamsonli xalq tillarining mavqei pasayishi, hattoki, ayrimlarining yo’qolib kyetishi kuzatilmoqda.
Aytishlaricha, er yo’zida har ikki haftada bitta til yo’qolayotgan ekan. Bu ko’rsatkich axboriy globallashuvning naqadar xavfli tus olganligini ko’rsatadi.
Uchinchidan — axboriy globallashuv natijasida bir qator yirik davlatlar dunyo axborot olamida hukmronlikka intila boshlaydilar. Natijada davlatlar bir-birini ichki va tashqi axborot bozoridan siqib chiqarishga urinadi. Oqibatda esa davlatlararo axborot ko’rashi boshlanadi. Bu urushdan asosiy maqsad axboriy-psixologik sohada siyosiy ustunlikni ta’minlashdir.
Axborot urushining makoni mavjud emas va u oddiy urushdagi kabi dengiz yoki quruqlikda olib borilmaydi. Bu urush axborot texnologiyalari yuksak bo’lgan, ommaviy axborot vositalari rivojlangan hududlarda mavjud. U xuddi «tinch urush» singari faqat g’oyaviy shaklda olib boriladi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, axborot sohasida globallashuvning foydali va ayni paytda o’ta xavfli jihatlari mavjud. Biz to’g’ridan-to’g’ri masalaning echimiga to’xtalmoqchimiz: xo’sh, mana shu salbiy jihatlardan himoyalanish uchun nima qilmoq kerak?
Eng avvalo, maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, litsey va kollejlarda milliy istiqlol g’oyalari masalalariga e’tiborni kuchaytirish lozim. Yoshlarimizni ma’nan va ruhan sog’lom tarzda tarbiyalamog’imiz kerak. Ularni shunday tarbiya qilaylikki, duch kelgan yot fikrni o’zlariga o’rnak sifatida qabul qilib olishmasin. Ma’naviyati yuksak yoshlar nimani qabul qilish kerakligini yaxshi bilishadi. Axboriy globallashuvni to’xtatib bo’lmaydi, biroq u orqali yuzaga kelishi mumkin bo’lgan muammolardan imkon qadar o’zimizni himoya qilishimiz lozim. Bunga qarshi himoyalanish jamiyatning ma’lum qatlamlari uchungina emas, barchamizning birdek vazifamiz ekanligini unutmaylik.
Do'stlaringiz bilan baham: |