1-mavzu Alisher Navoiy hayoti va faoliyati (1441-1501) reja



Download 477,5 Kb.
bet1/13
Sana16.10.2019
Hajmi477,5 Kb.
#23621
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13
Bog'liq
2-kurs 1-sem adab maruza

1-mavzu

Alisher Navoiy hayoti va faoliyati

(1441-1501)

REJA:

  1. Bolalik davri

  2. Yigitlik yillari

  3. Shoir ijodi

  4. Hayotning so’nggi yillari

Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho'qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik „ko'p va xo'b" (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyingi salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko'p va yaxshi yozolgani yo'q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o'zini ,.Xitodin to Xuroson"gacha yoyilgan turkiy „qavm"larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog'i ostida birlashtirdi — „yakqalam" qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod etdi. Navoiy yashagan davrda Xuroson va Movarounnahr bir mamlakat bo'lib, bir taxt egasi ixtiyorida kelganligi va aholisining asosiy nufuzini turk xalqlari tashkil etganligi ma'lum. Zahiriddin Bobur Navoiy asarlarining tili „Andijon shevasi bila rost" (to'g'ri)ligini aytadi.



Bolalik davri. Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevralda Amir Temurning o'g'li Shohruh Mirzo hukmronligi davrida Hirotda tug'ildi. Zamondoshlari uning haqida ko'pincha „Nizomiddin Mir Alisher" deb yozadilar. „Nizomiddin" — din-diyonat nizomi degani bo'lib, donishmand mansab egalariga beriladigan sifat, „Mir" — amir demakdir. Uning otasi G'iyosiddin Muhammad (uni G'iyosiddin Kichkina ham der edilar) temuriylar saroyining amaldorlaridan edi. Onasi amirzoda Shayx Abusaid Changning qizi bo’lgan, ismi ma'lum emas. Alisherning bobosi Temurning o'g'li Umarshayx bilan emikdosh (ko'kaldosh) bo’lgan ekan. Alisher saroy muhitida yashaganligi uchun alohida tarbiya va nazoratda o'sdi. Kichiklik chog'idan she'r va musiqaga ishqi tushdi. Olim-u fozillar davrasida bo'ldi. Uch- to'rt yoshlarida davrining mashhur shoiri Qosim Anvorning kattalar ham anglashi mushkul bir baytini yod aytib mehmonlarni hayratga soldi. Bir yildan so'ng esa, uni maktabga berdilar. U bo'lajak sulton Husayn Boyqaro bilan birga o'qidi.

1447- yilda Shohruh Mirzo vafot etib, temuriy shahzodalar orasida taxt uchun kurash boshlanadi. Hirot notinch bo'lib qoladi. Alisherlar oilasi Iroqqa yo'l oladi. Yo'lda, Taft shahrida yosh Alisher zamonasining mashhur tarixchisi, „Zafarnoma"ning muallifi

Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashadi. Alisherlar xonadoni 1451 - yilda Hirotga qaytadi. Tarixchi Xondamir karvon Yazd cho'li orqali Hirotga qaytar ekan, kunduz jazirama bo'lganidan kechasi yurilganini, tungi yurishlardan birida Alisher mingan otining egaridan tushib qolganini, uyqu zo'rlik qilib, uyg'onmaganini, bir mo'ljalga yetib kelibgina bo’lajak shoirning yo'qolib qolganini bilishganini, qidirishib, bolani topib olishganini yozadi.

1452- yilda Abulqosim Bobur Mirzo Xuroson taxtiga o'tiradi, notinchliklar bosiladi. G'iyosiddin Muhammad Sabzavorga hokim qilib tayinlanadi. Alisher esa o'qishni davom ettiradi. Maktab yosh Alisherni she'riyat, adabiyot olamiga olib kirdi. Bo'lajak shoir Sa'diy Sheroziyning „Guliston", „Bo'ston" asarlarini, Farididdin Attorning „Mantiq ut-tayr" (Qush nutqi) dostonini so'ngsiz ishtiyoq bilan o'qidi. Qushlar xayoli Alisherni odamlardan yotsiraydigan, xilvatni yoqtiradigan qilib qo'ydi. Bu holdan uning ota-onasi tashvishga tushdilar. Bo'lajak daho yoshlik chog'idan Nizomiy Ganjaviy va Xusrav Dehlaviyning asarlarini sevib o'qiydi.

1453- yilda Alisherning otasi G'iyosiddin Muhammad vafot etdi. Alisher Abulqosim Bobur xizmatiga kirdi. Awal Sabzavorda, so'ng Mashhadda yashadi. Ikki maktabdosh do'st — Husayn va Alisher yana birga bo'ldilar. Bu yillar ham yosh Alisher uchun o'qish va ilm egallash yillari bo'ldi. U yetti-sakkiz yoshida she'r yozgani ma'lum. Bu she'rlar shoirning aytishicha, „turk alfozi bila" bitilgan. U forscha she'rlar ham yozdi. Turkiy she'rlariga „Navoiy", forschasiga „Foniy" taxallusini qo'ydi. „Navo"ning bir ma'nosi — kuy, ohang, yana biri — bahr . Dard, g'amni ham „Navo" deganlar. ,,Foniy" esa o'tib ketuvchi, yo'q bo'luvchi, vaqtincha degani. Navoiy o'n besh yoshlarida o'z she'rlari bilan zamonasining mashhur shoirlari diqqatini tortdi. Xondamirning yozishicha, she'rlari bilan endigina tanilib kela boshlagan Alisher o'z davrining dongdor shoiri mavlono Lutfiy huzurida o'zining:

Orazin yopqoch, ko'zimdin sochilur har lahza yosh,

Bo'ylakim paydo bo'lur yulduz nihon boig'och quyosh

matla'si bilan boshlanadigan g'azalini o'qiydi. She'rdan hayratga tushgan keksa shoir shunday deydi: „Valloh, agar muyassar bo'lsa edi, o'zimning forsiy va turkiy tillarda aytgan o'n-o'n ikki ming baytimni shu g'azalga almashtirardim va buni o'zimning yutug'im deb hisoblar edim". Bu turkiy she'riyatga buyuk iste'dod kirib kelayotganidan nishona edi.



Yigitlik yillari. 1457- yilda Abulqosim Bobur Mirzo vafot etdi. hokimiyat tepasiga Abusaid Mirzo keldi. Husayn Boyqaro taxt uchun kurashga sho'ng'ib ketdi. Navoiy esa, Mashhad madrasalarida o'qishni davom ettirdi. Shoir 1464- yilda Hirotga qaytadi. Biroq poytaxtda uni noxushliklar kutar edi. Abusaid Mirzo u bilan taxt talashayotgan Husayn Boyqaroning yaqin kishilarini ta'qib va tazyiq ostiga olgan, jumladan, Alisherning tog'alari Mirsaid Kobuliy va Muhammad Ali G'aribiylarni oldinma-keyin qatl ettirgan edi. Alisherning ota mulki musodara qilingan, hatto yashab turgani boshpana ham qolmagan edi. U jonajon shahri Hirotda uzoq qololmadi. Holbuki, yosh shoirning ijodi avj pallaga kirgan, Jomiydek alloma bilan yaqindan tanishib, saboqlar olgan, mehrini qozongan edi. Navoiy „Nuran maxdum" deb e'zozlagan bu mashhur shoir va olim o'zini siyosatdan uzoq tutar, hatto shahar tashqarisidagi Sa'diddin Koshg'ariy (1456-yilda vafot etgan mashhur shayx, Jomiyning ustozi) mozori yonidan joy qilib, o'sha yerda yashar edi.

Pahlavon Muhammad va Sayyid Hasan Ardasherlarning Alisher bilan do'stligi mana shu davrda sinovdan o'tdi. Keyinroq, Navoiy ularning har ikkisi to'g'risida kitob yozadi. Birini „Shams ul-millat" (millatning quyoshi) deb ataydi, Sayyid Hasan Ardasherni” Bu faqir turk va sart (fors)lar orasida ondin tamomroq t (komilroq) kishfni ko'rmaydurmen",- deya e'tirof etadi. Navoiyning Sayyid Hasan Ardasherga yozgan she'riy maktubi bor. U “Masnaviy nomi bilan „Xazoyin ul-maoniy"ning birinchi devoniga kiritilgan. Mutaxassislar uni Navoiyning Hirotdan Samarqandga jo'nash oldidan yozgan maktubi deb hisoblaydilar. Chamasi, shoir safar oldidan Ardasher bilan xabarlashmoqchi bo'lgan. lekin uni topmagan. So'ng ushbu maktubni yozib qoldirgan. Maktub Alisherning safar oldidan kechinmalari va o'z otasidek yaqin ko'rgan Sayyid Hasan Ardasherning sifatlarini ta'rif etish bilan boshlanadi. Vatan va do'stlarni tashlab ketish og'ir. Xayrlashmay ketish undan ham og'ir. Shoir ulug' do'stiga ketish sabablarini tushuntirmoqchi. Xat shu munosabat bilan yozilgan. Inson so'zi bilan ulug'dir, „falak jismining joni" — so'z, ayniqsa „nazm",— deydi shoir. Va o'zida she'r yozishga juda katta kuch- qudrat sezayotganini aytadi. Shunday qudratki, agar Firdavsiy o'z „Shohnoma"sini o'ttiz yilda yozgan bo'lsa, u o'shanday asarni o'ttiz oyda yoza oladi. Nizomiy Ganjaviyning 30 yil sarflab maydonga keltirgan „Xamsa"si uning uchun 2—3 yillik ishdir. Faqat unga imkon kerak. Yurt notinch, odamlarda vafo yo'q. Hatto, tasalli beruvchi kishi ham yo'q. Ketaman, desang etagingdan tutadigan umr yo'ldoshing, ketsang, ayriliqdan eziladigan do'sting bo'lmasa. Bu maktubdan ma'lumki, Navoiy 24—25 yoshlaridayoq „Xamsa" yaratishga harjihatdan tayyor ekanini bilgan. O'zining ijodiy kuchiga ishonchi katta bo'lgan.

Navoiy 60-yillarning ikkinchi yarmida Samarqandda yashadi. Shoir Samarqandda dastlab moddiy qiyinchilikda hayot kechiradi. Keyinroq, unga shahar hokimi Ahmad Hojibek homiylik ko'rsatadi. Samarqand shoirning hayotida o'chmas iz qoldirdi. Zamon bo'ronlari har qancha to'zitmasin, shaharda olim-u fozillar hali ham ko'p edi. Navoiy shu yillari shoir sifatida juda katta shuhrat topa bordi. 1465—1466-Villarda muxlislari uning she'rlarini to'plab o'zlari „Devon" tuzdilar. Bu kitob bugun “Ilk devon" nomi bilan mashhurdir.

1468- yil oxirida Eronni egallash uchun bo'lgan jangda Abusaid Mirzo halok bo'ladi. 1469-yilning boshida Husayn Boyqaro Hirotni qo'lga oladi va Samarqandga xat yo'llab, Navoiyni o'z yoniga chaqiradi. Alisher voqeadan xabar topishi bilan Hirotga, do'sti huzuriga qaytadi. Shu yilning aprelida ramazon hayiti kunlarida shoir unga bag'ishlab „Hiloliya" qasidasini yozadi. U Husayn Boyqaroning taxtga chiqishini yangi oy — hilolga qiyo£ qiladi. Husayn Boyqaro uni muhrdor qilib tayinlaydi.



El-u yurt xizmatida. Alisher Navoiy 1469—1472-yillarda muhrdor, 1472-1476- yillarda vazir bo'lib xizmat qildi. 1487— 1488- yillarda Astrobodda hokimlik qildi. Husayn Boyqaro uni o'ziga g'oyat yaqin tutar, har bir narsada u bilan maslahatlashar va shoirning fikrini nihoyatda qadrlar edi. To'g'ri, Boyqaro va Navoiy o'rtasiga sovuqchilik tushgan paytlar ham bo'ladi. Lekin o'z davrining bu ikki buyuk arbobining do'stligi va hamkorligi juda ko'p sinovlardan muvaffaqiyat bilan o'tib, avlodlarga o'rnak bo'lib qoldi.

Husayn Boyqaroning barcha xotinlaridan o'n to'rt o'g'li bor edi. Hammasidan kattasi Badiuzzamon bo'lib, uning onasi Marv hokimi Sulton Sanjarning qizi edi. Eng suyukli o'g'li Muzaffar Mirzo edi. Boburning yozishicha, Muzaffar Mirzoning fe'li va xulqi sevishga u qadar munosib emas ham edi. Lekin Boyqaro boshqa o'g'illaridan uni ortiq ko'rgani, ayniqsa, uning onasi Xadichabegimning makr-hiylasi bilan Mo'min Mirzo qatl qilingani uchun sultonning qolgan o'g'illari otalari bilan yovlashib qoladilar.

Badiuzzamon bilan Muzaffar Mirzo orasidagi munosabat esa o'ta yomon edi. Buyuk shoir ota-o'g'illar o'rtasiga juda ko'p marta tushadi, shahzodalarga nasihatlar qilib, yurtni g'alayonlardan saqlab qoladi.

Sulton Husaynning Navoiyga yozgan xatlaridan ma'lum bo'lishicha, shoh Alisherning har qanday fikrini eshitishga doim tayyor bo'lgan, unga har bir masala bo'yicha to'qqiz martagacha o'z fikrini aytish huquqini bergan. Alisher ijod kishisi edi, albatta. U tabiatan buyruqbozlikdan va hukmfarmolikdan yiroq, tafakkur qilish hamda xayol surishga moyil, g'oyat nozikta'b bir kishi edi. Mansab-u lavozimlar har qancha yuksak bo'lmasin, uning uchun ortiqcha yuk bo’lib, Husayn Boyqaroga bo'lgan ixlos va muhabbatgina uni iste'fo berishdan saqlab turar edi. Donishmandligi, tadbirkorligi bilan ko'plab g'alayon-u qon to'kinishlarining oldini oldi, urushlarni yarashga aylantirdi. Uning bu fazilati, ayniqsa, 1472— 1476- yillardagi vazirlik faoliyatida yaqqol namoyon bo’ldi.

Husayn Boyqaro hokimiyat ishlarida Navoiyning aql va sadoqatiga tayanib ish ko'rdi. Qarshiligiga qaramasdan, shoirni yuqori martabalarga tayinladi, 1472- yilda esa, „amir" (vazir)likka qo'ydi. Buyuk shoir „Amiri kabir" (ulug' amir), „amirul muqarrab" (podshohga eng yaqin amir) unvonlariga musharraf bo'ldi. Uning vazirlik yillari Hirotda obodonlik ishlari avj olgan, madaniyat gullab- yashnagan davr bo'ldi. Ulug' amir o'zi bosh bo'lib, suvsiz yerlarga suv chiqardi, eski ariqlarni tozalattirdi, yangi ariqlar qazdirdi. Eski binolarni ta'mir qildirib, yangilarini qurdirdi. Qanchadan- qancha madrasalar, xonaqohlar soldirdi. Xondamir o'zining „Makorim ul-axloq" nomli tarixiy asarida bunyodkorlik ishlarining batafsil ro'yxatini keltirgan. Shuningdek, Navoiyning „Vaqfiya" asarida ham bu haqda qiziqarli ma'lumotlar bor. Boburning qayd etishicha, Abusaid musodara qilgandan, so'ng Boyqaro tiklab bergan otameros katta mol-mulk, ko'plab yer va sarmoya egasi bo'lgan Navoiy Husayn Boyqaroga har yili mamlakatning obodonlik ishlari uchun mablag' berib turgan.

Navoiy 1476-yilda vazirlikdan bo'shagandan so'ng ham obodonlik ishlariga rahnamolik qilaveradi. Podshohning eng yaqin kishisi sifatida unga barcha ishlarida yordam berib turdi. Navoiy ilm va san'at ahlining homiysi, madadkori edi. Zahiriddin Bobur yozadi: „Ahli fazl va ahli hunarg'a Alisherbekcha murabbiy va muqavviy (madadkor) ma'lum emaskim, hargiz paydo bo'lmish bo'lg'ay. Ustoz Qulmuhammad va Shayx Noyi va Husayn Udiykim, sozda saromad (mashhur) edilar, bekning tarbiyat va taqviyat (madad)i bilan muncha taraqqiy va shuhrat qildilar. Ustoz Behzod va Shoh Muzaffar tasvirda bekning sa'y (g'ayrat) va ehtimon (himmat)i bilan mundoq mashhur va ma'ruf (ma'lum) bo'ldilar...".



Ijod og'ushida. Alisher Navoiy she'rni, shoirlikni hamma narsadan baland tutdi. Vazirlik martabasida turib ham she'r yozishni to'xtatmadi. Ulug' shoirning ilk she'riy devonini muxlislari tuzgan bo'lsalar, „Badoye ul-bidoya" ("Badiiylik ibtidosi") nomli devonini 1472-1476- yillarda sultonning amriga ko'ra, shoirning o'zi kitob qildi. 1485—1486- yillarda ikkinchi devon „Navodir un-nihoya" ("Nihoyasiz nodirliklar") maydonga keldi. Navoiyning eng katta orzusi yirik dostonlar yozish, birinchi navbatda, XII asrning buyuk shoiri Nizomiy Ganjaviy (1141 — 1209)dan keyin shoirlik qudratining mezoniga aylanib qolgan „Xamsa" yaratish edi.

Chiqishdagi an'analarga ko'ra, she'rning qadri buyuk edi. She'rning masnaviysi ham alohida e'tiborda kelardi. Masnaviy esa, asosan, doston deganidir. Keng qamrovli, voqeaband asarlar mana shu janrda yozilgan. Jumladan, Nizomiyning „Panj ganj" nomi bilan tarixga kirgan „Xamsa"siga yuz yil o'tgach, Xusrav Dehlaviy (1253—1325) javob qildi. Lekin bu ikkala adib ham turk bo'lishlariga qaramay, odatga rioya qilib, asarlarini fors tilida yozgandilar. O'z xalqining shunday xazinadan bebahra qolishi Navoiyni qiynaydi.

Navoiy „Xamsa" yozish niyati to'g'risida ustozi Abdurahmon Jomiy bilan maslahatlashganda, u Navoiyni bu ishga tezlikda kirishishga undaydi. Shoir ustozidan oq fotiha olib, og'ir, mashaqqatli ishga kirishadi. Nizomiy bilan bellashish — uning panjasiga panja urish („Xamsa"siga „Xamsa" bilan javob qilish) maqsadida maydonga kirish ulkan jasorat talab qilardi. Sherga yuzma-yuz bo'lish uchun sher bo'lmaganda ham yo'lbars bo'lmoq lozim edi:

Emas oson bu maydon ichra turmoq,

Nizomiy panjasiga panja urmoq.

Kerak sher oldida ham sheri jangi,

Agar sher o'lmasa, bori palangi.

Navoiy besh dostonni ikki yilda yozib tamomlaydi. „Xamsa" yaratishga 1483- yilda kirishgan shoir 1485- yilning boshida uni tugatadi. Agar shoir ishlagan kunlarigina hisobga olinsa, 54 ming misralik ulkan asar olti oyda bitkazilganligi ma'lum bo'ladi. Shu tariqa, turkiy tildagi birinchi „Xamsa" yaratiladi.

Husayn Boyqaro Navoiy tomonidan bir vaqtlar Sayyid Hasan Ardasherga yozilgan she'riy maktubdagi gaplarini shunchaki bir xomayi gazof (shoirona gap) deb o'ylagan edi. Shoir sultonga Xamsa"ni taqdim etganida, u g'oyat qattiq hayajonga tushadi. ayniddin Vosifiyning „Badoye' ul-vaqoye"' asarida yozilishicha: Shoh Navoiyga: Bir mojaro Siz bilan bizning oramizda ko'pdan al bo'lmay kcladi, shuni bugun bir yoqlik qilaylik, deydi. Bu lojaro shundan iborat ediki, Sulton Husayn Alisherning muridi bo’lishni orzu qilar va uni „pirim" deb atar edi. Alisher esa har gal: „Yo Alloh, yo Alloh, bu qanday gap bo'ldi! Aslida, biz muridmiz, siz hammamizga pirsiz",— der edi. Endi Sulton Husayn Alisherdan so'radi: „Pir nima-yu, murid nima?". Alisher javob berdi: „Pirning tilagi — muridning tilagi bo'lishi kerak". Shunda niton Husayn o'zining oq otini olib kelishni buyurdi. Ot juda asov, chopag'on edi. Sulton Husayn aytdi: „Siz murid, men pir bo’ladigan bo'lsam, Siz shu otga minasiz, men uni yetaklayman". Alisher noiloj otga minishga majbur bo'ladi. Ot g'oyat asov bo'lib, shohdan boshqani o'ziga yaqinlashtirmas edi. Alisher oyog'ini uzangiga qo'yishi bilan ot tipirchilay boshladi. Sulton Husayn otga o'shqirdi, ot itoat qilib, Alisherning minishini kutdi. Alisher egarga o'tirishi bilan Sulton Husayn otning jilovidan ushlab, etaklay boshladi. Alisher hushidan ketdi. Uni egardan ko'tarib oldilar". Tarixda bunday hol ko'rilmagan edi. Hech bir zamonda shoh shoirga jilovdorlik qilgan emas edi.

Majididdin boshliq kuchlar 1487- yilda sulton oldida obro'si cheksiz bo'lgan Navoiyni poytaxtdan uzoqqa jo'nattirishga muvaffaq bo'ldilar. U Astrobodga hokim qilib jo'natildi. Shaharahli shoirni izzat-ikrom bilan kutib oldilar. Uning nomi bu paytda mamlakatdan tashqarida ham g'oyat mashhur edi. Devonlari, ayniqsa, “Xamsa"si uning shuhratini olamga yoygan edi. Masalan, Navoiy g’azallari Usmonli davlatining hukmdori Boyazid II qo'liga 1481- yilda borib yetadi. Uning buyrug'iga ko'ra Bursa shahrida yashovchi shoir Ahmad Poshsho Navoiyning o'ttiz uch g'azaliga nazira bog'laydi. Astrobod Husayn Boyqaro saltanatidagi e'tiborli shaharlardan edi. Shoh birinchi marta hokimlikni shu yerda ishlagandi. Astrobod mamlakatning g'arbiy chegarasida joylashgan, iqtisodiy, siyosiy muhim ahamiyatga ega bo'lgan, ayni paytda g'oyat go'zal, xushhavo shahar edi. Alisher u yerga hokim etib tayinlanishi bilan yaqin-atrofdagi Mozandaron, Jurjon viloyatlari hokimlari uning huzuriga o'z lxtiyorlari bilan kelib, tobe' bo'ladilar. Ozarbayjon va Iroq Astrobod bilan do'stona munosabatlarni yo'lga qo'yadi. Turkmanlar hukmdori Yoqubbek sovg'a-salomlar bilan Navoiyni tabrik etgani keladi. Shularga qaramasdan, shoir o'zini quvg'inda his qiladi. Bir yil o'tar-o'tmas, shoh huzuriga borib, Hirotga qaytishga ruxsat so'raydi. Ruxsat bo'lmaydi. Salkam ikki yildan so'nggina shoir tug'ilgan shahriga qaytishga muvaffaq bo'ladi. Oradan ko'p o'tmay, Balxdan Navoiyning ukasi Darveshali akasining davlat ishlaridan uzoqlashtirilgani, qadr-qimmati oyoqosti qilingani sababli shohga qarshi isyon ko'targanini xabar qiladilar. Shoh Majididdinni saroydan uzoqlashtirishga majbur bo'ladi. Uning o'rniga Nizomulmulk tayin etiladi. Biroq saroydagi fitna va fisqu fasodlar bosilmaydi.

Shularga qaramay, 1480—1490-yillar Navoiy uchun ijodda samarali davr bo'ldi. Shoir „Xamsa"dan keyin ko'p o'tmay, ketma-ket nasriy kitoblar yaratdi. U 1488-yilda yozgan Tarixi muluki Ajami" („Ajam shohlari tarixi") shulardan biri edi. Navoiyning „Tarixi anbiyo va hukamo" (Payg'ambarlar va olimlar tarixi), „Siroj ul-muslimin" („Musulmonlik nuri") asarlari ham ibrat va pand maqsadida yaratilgan edi. 80-yillarning oxiri, 90- yillarning boshida Navoiyning yaqin do'stlari, ustozlaridan Sayyid Hasan Ardasher (1489), Abdurahmon Jomiy (1492), Pahlavon Muhammad (1493) ketma-ket vafot etdilar. Navoiy ularga bag'ishlab „Holoti Sayyid Hasan Ardasher", „Xamsat ul- mutahayyirin", „Holoti Pahlavon Muhammad" asarlarini yozadi. Bu asarlar nasriy bo'lib, shoirning ulug' zamondoshlari haqidagi memuar-xotiralaridan tashkil topgan edi.

1491-yilda shoir muammo janriga bag'ishlangan „Risolai muammo" (ikkinchi nomi „Mufradot") risolasini yozadi. Navoiy zamonasida muammo janri keng tarqalgan bo'lsa-da, asosan, fors tilida yozilar edi. Navoiy turkiy tilda muammo yozgan ilk shoirlardan bo'ldi. „Xazoyin ul-maoniy"ga uning ellik ikki muammosi kiritilgan. Shoirning fors tilidagi muammolari miqdorini esa besh yuz chamalaydilar. Shoir muammoni tuzish va yechish qoidalariga bag'ishlangan ushbu asarini fors tilida yozadi. Hadislar asosidagi qirq ruboiyni o'z ichiga olgan „Arbain" asarini yaratadi. Mashhur xalifa, Muhammad alayhissalomning jiyani va kuyovi hazrat Alining „Nasr ul-maoniy" asarini she'riy yo'lda tarjima qildi, 266 ruboiydan iborat „Nazm ul-javohir" asari ham shu yillari yuzaga keladi. Navoiy tomonidan XV asrning 90- yillarida amalga oshirilgan eng katta ishlardan biri „Xazoyin ul-maoniy" "Ma'nolar xazinasi" to'plamining tuzilishi bo'ldi. 1492-1498- yillarda tartib qilingan to'rt devondan iborat bu ulkan she'riy kulliyot (to'plam) shoirning turkiy tilda yozilgan deyarli barcha she'rlarini qamrab olgan edi. Navoiy ularni umr fasllariga moslab to'rtga bo'ldi va har bir devonga shunga muvofiq nom qo'ydi.

Navoiy arab, fors tillarini mukammal bilgan va bu tillarda ham ajoyib asarlar yozish qudratiga ega edi. Shoirning 12 ming misradan iborat forsiy she'rlarini o'z ichiga olgan „Devoni Foniy"si, deyarli har bir asarida uchraydigan ixcham arabiy matnlar buni yaqqol ko'rsatib turibdi. „Xamsa" esa buyuk shoirning tarix va ilmi nujumni puxta egallaganligini namoyish etgan edi. Darhaqiqat, Navoiy barcha fanlar bilan shug'ullangan edi. Hatto, o'q otish haqida „Risolayi tir andoxtan", lug'atshunoslik borasida esa „Sab'atu abhur" "Yetti dengiz" nomli kitob yozgan. Ayniqsa, keyingi asari mumtoz arab tilining izohli lug'atini tuzishda muvaffaqiyatli tajribalardan hisoblanadi. Shular qatorida Navoiy adabiyotshunoslik va adabiyot nazariyasi borasida ham maxsus asarlar yaratdi. Yuqorida tilga olingan „Risolayi muammo" asaridan tashqari u 1490- yillarda turkiy tazkirachilikning ilk namunasi bo'lmish „Majolis un-nafois" („Nafis majlislar") asarini yaratdi, „Mezon ul-avzon" ("Vaznlar o'lchovi") ilmiy risolasini yozib, turkiy aruzning bir necha asrlik tajribasini umumlashtirdi.

Hayotining so'nggi yillari. 1489- yilda Navoiy Hirotga qaytgach, o'rniga Astrobod hokimi qilib Badiuzzamon tayinlangan edi. Bu orada Balxda Darveshali qo'zg'oloni boshlanadi. Husayn Boyqaro Navoiyni olib, Balxga jo'naydi. Darveshali bilan sulh tuziladi, lekin Hisorda Abusaidning o'g'li Sulton Mahmud Husayn Boyqaroga qarshi kurash boshlaydi. Shoh Navoiyni Balxda qoldirib, o'g'li Badiuzzamonni olib, Hisorga otlanadi. U bilan ham murosaga kelishib, orqaga qaytadi va Balxni Badiuzzamon tasarrufiga beradi. Badiuzzamon o'n uch yoshli o'g'li Mo'min Mirzoni Astrobodda qoldirib, Balxga keladi. Xadichabegim Nizomulmulk bilan birgalikda Astrobodga Muzaffar Mirzoni hokim qilib tayinlashga erishadilar. Xadichabegim shohning mastlik chog'ida unga imzo qo'ydirib, tezlikda farmonni ijro qildirib yuboradi. Shoh hushiga kelib, yangi farmon jo'natganida jallod Mo'min Mirzoning boshini kesib ulgurgan edi. Bu voqea 1497- yilning sentabrida yuz bergan edi.

Navoiy ko'pdan buyon haj orzusida yurar edi. Bu voqealardan keyin uning qarori qat'iylashib, shohdan ijozat berishini so'rab, qattiq turib oladi. 1499-yilda Marvda Husayn Boyqaroning yana bir o'g'li Abulmuhsin otasiga qarshi bosh ko'taradi. Shoh Navoiyga hajga borishiga noiloj ruxsat berib, o'zi qo'shin bilan Marvga otlanadi. Mirxondning xabar berishicha, Abulmuhsin otasiga Alisher Navoiy vakil bo'lib kelsagina sulh tuzishi mumkinligini aytadi. Navoiyga tez chopar yuboriladi. Chopar hajga otlangan shoirga Mashhad shahrida yetib, shohning maktubini topshiradi. Unda shoirning hajni keyinga qoldirib, tezda Marvga yetib kelishi iltimos qilingan edi. Alisher Mashhad ulug'lari va hamrohlari bilan maslahatlashadi. Ular mamlakatning tinchligi uchun hajga borishdan kechishini so'raydilar. Alisher belgilangan joyga yetib boradi, ota-o'g'ilni yarashtirib, Hirotga qaytadi.

Mirxondning „Ravzat us-safo" asarida yozilishicha: „Sulton Husayn Mirzo Alisherga „Siz mamlakatda qolishga rozi bo'lsangiz, nimani iltimos qilsangiz, hammasini bajaraman",— degan edi. Alisher Hirotdagi mashhur so'fiy Abdulla Ansoriy xonaqohiga supuruvchi xizmatkor qilib tayinlashni iltimos qiladi. Alisher Navoiy umrining so'ngini Abdulla Ansoriy qabrini obod qilishga sarfladi. Ayni paytda, ijoddan qo'l uzmadi. Boshlab qo'ygan ishlarini nihoyasiga yetkazdi. Yangi asarlarga qo'l urdi. 1495-1496- yillarda „Nasoyim ul-muhabbat" („Muhabbat shabadalari") asarini yozib tugatdi. Bu asar Chiqishda o'tgan mashhur shayxlar, so'fiylar hayoti haqida ma'lumot beruvchi o'ziga xos tazkira edi. Bu tazkira, muallif qayd etganidek, Abdurahmon Jomiyning „Nafahot ul- uns" („Do'stlik tarovati") nomli kitobining erkin tarjimasi edi. Alisher Navoiy uni yangi ma'lumotlar bilan boyitdi birinchi navbatda, turkiy mutasavviflarga keng o'rin ajratdi. 750 shayx haqida ma'lumot beruvchi bu asarda tasavvuf tariqatlari, qonun-qoidalari, so'fiylarga xos xususiyatlar, ular hayotiga, kasb-koriga oid lavhalar o'rin olgan bo'lib, tasavvufni o'rganishda ahamiyati kattadir.

1498-yilda Alisher Navoiy „Majolis un-nafois"ni qayta ko'zdan kechirib, to'ldirdi. Shoirlar adadini 459 taga yetkazdi. Shu yili yoshligidan qalbidan chuqur joy olgan „Mantiq ut-tayr" dostoniga javob yozadi. „Lison ut-tayr" Navoiy ijodini yakunlovchi asarlardan biridir. U, avvalo, shoirning dunyo va borliq haqidagi qarashlarini yakunlaydi. Uningcha, bu dunyo haqning tajallisi — Allohning jilolanishi, dunyodagi barcha mavjudot Allohning tazohiri, ya'ni o'zini namoyon etishidan iborat. Shu jumladan, eng ulug' martaba berilgan inson ham shundaydir. Faqat u o'zining bu holini anglashi kerak. Anglash uchun esa u uzun va mashaqqatli yo'lni bosib o'tmog'i lozim. Bu, majoz bilan aytganda, yetti vodiydir. So'nggi vodiy faqr-u fano vodiysidir. Unda yo'lchi yo'qlikka aylanadi, ya'ni Allohga qo'shiladi. Chunki, insonning yaratilishidan murod ham Alloh vasliga erishmoq, unga qo'shilmoq, unda o'zini topmoq edi. Navoiy turkiy tilning oshig'i edi. Bu ishtiyoq va muhabbat unga o'z aqlini taniganidan to umrining so'nggi daqiqasigacha hamroh bo'ldi. Unga ishonch va yupanch, umid va tasalli bo'lib keldi. Turkiy tilni rivojlantirmoq va adabiyotini dunyo darajasiga ko'tarmoq mushkul ish edi. Lekin Navoiy o'z orzusiga erishdi: „Xitoydan Xurosongacha" bo'lgan ellar va tillar „yakqalam" bo'ldi. Adabiy til va badiiy adabiyot qaror topdi. Bu „Lison ut-tayr"dan kelib chiqadigan yana bir muhim xulosa edi. Chunki turkiy tilda murakkab majozlarga, sirli ishoralarga to'la falsafiy asar bitish mumkinligi isbotlangandi.

Buyuk shoir 1498—1499-yillarda xatlarini to'plab, „Munshaot" („Xatlar") kitobini tuzdi. Unga sakson sakkizta xat jamlangan bo'lib, ularning aksariyati shoirning shoh va shahzodalarga yo'llangan, janriga ko'ra xilma-xil bo'lgan maktublari edi. Bular, shubhasiz, turkiy insho, ya'ni epistolar janr taraqqiyotida muhim ahamiyatga egadir.

Navoiyning ijodiy rejalari ko'p edi. U Sulton Husaynning tarixini bitmoqchi edi (bu niyatini „Tarixi muluki Ajam" asarining xotimasida aytgan). „Tarixi anbiyo va"hukamo"da buyuk shoir Yusuf va Zulayho haqida turkiy tilda bir asar yozajagini ma'lum qiladi. U “Lison ut - tayr"da Shayx San'on muhabbatini hikoya qilar ekan, o’z muhabbatini ham bir doston etajagini aytgan edi. Biroq, shoirning 1500-yilning oxirlarida yozib tugatgan „Mahbub ul- qulub" (,.Ko'ngillarning sevgani") kitobi uning so'nggi asari bo'lib qoldi. Bu kitob dunyoning achchiq-chuchugini totgan, undan goho „komronlig"' (baxtiyorlik) ko'rgan, goho „notavonlig"' (baxtsizlik) topgan buyuk shoir va mutafakkirning oltmish yillik hayotiga yakun bo'ldi.

1500-yil dekabrining oxirlarida Husayn Boyqaro Astrobod yurishidan qaytar edi. An'anaga ko'ra, saroyning barcha e'tiborli kishilari shohni kutib olishga yo'lga chiqadilar. Ular orasida Navoiy ham bor edi. Sog'lig'i juda yomonlashganiga qaramay, shoir safardan qaytgan sulton huzuriga yetib keldi va hamrohlari yordamida uning ko'ksiga bosh qo'yib, hushidan ketadi. Shu ahvolda yarim tunda uni uyga olib keladilar. Ertasiga mashhur tabiblar maslahatga to'planib, qon olmoqqa qaror beradilar. Ammo buning foydasi bo'lmaydi. Uch kun hushsiz yotgan Alisher Navoiy 1501 yilning 3-anvarida vafot etadi. Butun xalq: shohdan gadogacha, olimdan cho'pongacha, shoirdan dehqongacha ulug' farzandining o'limiga qayg'u va iztirob bilan motam tutadi.


Download 477,5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish