1-masala. Patlari yashil rangli to‘tiqushlar oq patli to‘tiqushlar bilan chatishtirilganda, keyingi avlodda olingan qushchalarning 25% I yashil, 25% I havorang
1-masala. Patlari yashil rangli to‘tiqushlar oq patli to‘tiqushlar bilan chatishtirilganda, keyingi avlodda olingan qushchalarning 25% i yashil, 25% i havorang, 25% i sariq va 25% i oq patli bo‘lgan. CHatishtirish uchun olingan to‘tiqushlarning genotipini aniqlang. O‘rganilayotgan belgining irsiylanish qonuniyatini tushuntirib bering.
2-masala. Havorang to‘tiqushlar sariq patli to‘tiqushlar bilan chatishtirilganda, keyingi avlodda havorang va sariq patli to‘tiqushlar bilan birga yashil va oq patli to‘tiqushlar ham olingan. Buning sababini tushuntiring.
3-masala. YAssi mevali qovoq o‘simliklari uzunchoq mevali o‘simliklar bilan chatishtirilganda, F1 da olingan o‘simliklarning mevasi yassi bo‘lgan. F1 o‘simliklari o‘zaro chatishtirilib, F2 o‘simliklari olingan. F2 o‘simliklarining 9/16 qismi yassi, 6/16 qismi yumaloq va 1/16 qismi uzunchoq mevali bo‘lgan. CHatishtirish uchun olingan va chatishtirishdan keyin olingan barcha o‘simliklarning genotipini aniqlang hamda o‘rganilayotgan belgining irsiylanish qonuniyatini tushuntirib bering.
4-masala. YUmaloq mevali qovoq o‘simliklari o‘zaro chatishtirilganda 25% i yassi mevali, 25% i uzunchoq mevali va 50% i yumaloq mevali bo‘lgan. CHatishtirish uchun olingan o‘simliklarning genotipini aniqlang.
5-masala. Oq patli tovuq va xo‘rozlar o‘zaro chatishtirilganda, keyingi avlodda olingan jo‘jalarning 1365 tasi oq patga va 315 tasi rangli patga ega bo‘lgan. O‘rganilayotgan belgi qanday qonuniyatga asosan irsiylanadi? Nazariy xulosangizni statistik metod yordamida izohlab bering.
6-masala. Oq patli tovuqlar boshqa bir zotga mansub oq xo‘rozlar bilan chatishtirilganda, F1 da olingan jo‘jalarning hammasi oq patli bo‘lgan. F1 tovuq va xo‘rozlari chatishtirilganda esa F2 da olingan jo‘jalarning 13/16 qismi oq patli va 3/16 qismi qora patli bo‘lgan. O‘rganilayotgan belgining irsiylanish qonuniyatini va barcha tovuq hamda xo‘rozlarning genotipini aniqlang, nima uchun F2 da 13 : 3 nisbatda ajralish ketish sababini tushuntiring. F1 tovuqlari retsessiv oq patli xo‘rozlar bilan va gomozigotali qora xo‘rozlar bilan chatishtirilsa, keyingi avlodda jo‘jalar pat rangi bo‘yicha qanday fenotipga ega bo‘ladi?
7-masala. Oq patli tovuqlar qora patli xo‘rozlar bilan chatishtirilib 170 ta jo‘ja olingan, ularning hammasi oq patli bo‘lgan. F1 da olingan tovuq va xo‘rozlarning yarmi o‘zaro chatishtirilganda, ulardan olingan jo‘jalarning 593 tasi oq patli va 152 tasi qora patli bo‘lgan. F1 da olingan tovuqlar dastlabki olingan qora xo‘rozlar bilan chatishtirilganda esa olingan jo‘jalarning 145 tasi oq va 144 tasi qora bo‘lgan. Olingan natijalarni izohlang, tovuq va xo‘rozlarning genotipini aniqlang.
8-masala. Yilqichilik fermasida kulrang otlar qora otlar bilan chatishtirilgan. Birinchi avlodda olingan toychoqlarning hammasi kulrang bo‘lgan. Ikkinchi avlod olinganda esa toychoqlarni kulrang, qora va saman (sariq) ranglarga ajratish mumkin bo‘lgan, ya’ni toychoqlarning 12 qismi kulrang, 3 qismi qora va 1 qismi saman bo‘lgan. CHatishtirish uchun olingan otlarning hamda F1 va F2 da olingan toychoqlarning genotipini aniqlang.
9-masala. Och qizil donli bug‘doy o‘simliklari oq donli o‘simliklar bilan chatishtirilganda, keyingi avlodda olingan o‘simliklarning 25% i och qizil donli, 50% i juda och qizil donli va 25% i oq donli bo‘lgan. CHatishtirish uchun olingan o‘simliklarning genotipini aniqlang.
10-masala. Qizil boshoqli bug‘doy o‘simliklari oq boshoqli o‘simliklar bilan chatishtirilganda, F1 da boshoq rangi bo‘yicha xilma-xillik ketgan. Bunda F1 da olingan o‘simliklarning 42 tasi qizil va 15 tasi oq boshoqli bo‘lgan. Boshqa bir qizil boshoqli o‘simliklar yana o‘sha oq boshoqli o‘simliklar bilan chatishtirilganda, F1 o‘simliklari yana xilma-xillik bergan. Bunda F1 o‘simliklarining 54 tasi qizil va 18 tasi oq boshoqli bo‘lgan. CHatishtirish uchun olingan qizil boshoqli o‘simliklar o‘zaro chatishtirilganda, F1 o‘simliklarining 82 tasi qizil va 5 tasi oq boshoqli bo‘lgan. CHatishtirish uchun olingan barcha o‘simliklarning genotipini va o‘rganilayotgan belgining irsiylanish qonuniyatini aniqlang.
11-masala. Mevasi uchburchaksimon shaklga ega bo‘lgan jag‘-jag‘ o‘simliklari chatishtirilganda, keyingi avlodda olingan o‘simliklarning 15 qismi uchburchaksimon mevali va 1 qismi tuxumsimon mevali bo‘lgan. CHatishtirish uchun olingan uchburchaksimon mevali o‘simliklar tuxumsimon mevali o‘simliklar bilan chatishtirilganda esa, keyingi avlodda olingan o‘simliklarning 3/4 qismi uchburchaksimon mevali va 1/4 qismi tuxumsimon mevali bo‘lgan. O‘rganilayotgan belgi bo‘yicha barcha o‘simliklarning genotipini aniqlang hamda irsiylanish qonuniyatini tushuntirib bering.
12-masala. Bug‘doy o‘simligining bahorgi va kuzgi navlari ma’lum. O‘simliklarning kuzgi yoki bahorgi bo‘lishi ularning genotipiga bog‘liq. Bug‘doyning bahorgi bo‘lishi ikki juft allel bo‘lmagan dominant genlarning polimer ta’siriga bog‘liq, kuzgi bo‘lishi esa shu genlarning retsessiv allellari yig‘indisiga bog‘liq. Gomozigotali bahorgi bug‘doy o‘simliklari kuzgi bug‘doy o‘simliklari bilan chatishtirilsa, F1 va F2 da olinadigan o‘simliklarning genotipi va fenotipi qanday bo‘ladi? Ularning nisbati-chi?