Amaldagi Soliq kodeksiga ko‘ra soliq to‘lovchilar quyidagi huquqlarga egadirlar:
davlat soliq xizmati organlari va boshqa vakolatli organlardan amaldagi soliqlar, boshqa majburiy to’lovlar, soliq to’g’risidagi qonun hujjatlaridagi o’zgarishlar haqida axborot olish;
o’z soliq majburiyatlarini bajarish yuzasidan davlat soliq xizmati organlari hamda boshqa vakolatli organlardagi mavjud ma’lumotlarni olish;
soliq munosabatlari masalalari yuzasidan o’z manfaatlarini shaxsan yoki o’z vakili orqali ifoda etish;
ushbu Kodeksda, boshqa qonunlar va O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida belgilab qo’yilgan asoslar mavjud bo’lgan taqdirda hamda tartibda soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha imtiyozlardan foydalanish;
soliqlar, boshqa majburiy to’lovlar, penya va jarimalarning ortiqcha to’langan yoki undirilgan summalarini hisobga olish yoki qaytarib olish;
ushbu Kodeksda hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan shartlarda va tartibda soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lashni kechiktirish va (yoki) bo’lib-bo’lib to’lash;
soliq solish ob’ektini hisobga olishda, soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni hisoblab chiqarish hamda to’lashda o’zlari yo’l qo’ygan xatolarni mustaqil ravishda tuzatish;
soliq tekshiruvlari materiallari bilan tanishish va tekshiruv dalolatnomalarini olish;
soliq tekshiruvlarini amalga oshirayotgan davlat soliq xizmati organlariga soliq to’g’risidagi qonun hujjatlarini bajarishga doir masalalar yuzasidan tushuntirishlar berish;
davlat soliq xizmati organlarining, boshqa vakolatli organlar va ular mansabdor shaxslarining ushbu Kodeksga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq bo’lmagan hujjatlari hamda talablarini bajarmaslik;
davlat soliq xizmati organlarining va boshqa vakolatli organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;
davlat soliq xizmati organlarining va boshqa vakolatli organlarning qonunga xilof qarorlari yoki ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari tufayli yetkazilgan zararning o’rni qoplanishini belgilangan tartibda talab qilish.
Soliq to’lovchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi mumkin.
Soliq to’lovchining soliq munosabatlarida shaxsan ishtirok etishi uni vakilga ega bo’lish huquqidan mahrum etmaydi, xuddi shuningdek vakilning ishtirok etishi soliq to’lovchini bunday munosabatlarda shaxsan ishtirok etish huquqidan mahrum etmaydi.
Soliq to’lovchi vakillarining mazkur soliq to’lovchining soliq munosabatlaridagi ishtiroki munosabati bilan sodir etilgan harakati (harakatsizligi) soliq to’lovchining harakati (harakatsizligi) deb e’tirof etiladi.
Soliq to‘lovchining soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq yuzaga keladigan majburiyati soliq majburiyati deb e’tirof etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |