4. Soliq tizimining huquqiy asoslari.
O‘zbekiston Respublikasida soliq tizimining huquqiy asoslari, soliq to‘lovchilarning huquqlari hamda majburiyatlari, soliq ishlarini yuritish tartibi va soliq haqidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik Soliq kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining «Davlat soliq xizmati to‘g‘risida»gi Qonuni1 va shu kabi bevosita soliqqa oid qonun hujjatlari orqali tartibga solib turiladi.
O‘zbekiston Respublikasida dastlabki Soliq kodeksi O‘zbekiston Respublikasining 1997 yil 24 apreldagi 396-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997 yil 24 apreldagi 397-I-sonli qarori bilan 1998 yil 1 yanvardan toki 2008 yil 1 yanvargacha amalda bo‘lgan.
Mamlakatimizda yangi Soliq kodeksi O‘zbekiston Respublikasining 2007 yil 25 dekabrdagi 136-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan va 2008 yil 1 yanvardan e’tiboran amalga kiritilgan. Ushbu Kodeks 2 qism, 21 bo‘lim, 64 bob, 392 moddadan iborat.
Shuni aytish kerakki, istiqlol yillarida mustaqil mamlakatimizning soliq siyosatini belgilab beruvchi 39 ta qonun, davlatimiz rahbarining 44 ta Farmoni va 96 ta qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 233 ta qarori qabul qilindi. Ularning orasida bevosita davlat soliq xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan qabul qilingan 32 ta qonun hujjati ham mavjud. Bu, ta’kidlanganidek, tizimning puxta va ishonchli qonunchilik bazasini shakllantirish imkoniyatini yaratdi. Shunday qilib, chorak asr davomida O’zbekistonda iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni samarali amalga oshirishga ko‘maklashuvchi to‘laqonli soliq tizimini yaratishga erishildi.
Soliq haqidagi qonun hujjatlarining boshqa qonunlar va qonun hujjatlaridan o‘rin olgan normalari Soliq kodeksiga muvofiq bo‘lishi lozim. Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Soliq kodeksidan boshqacha qoidalar belgilangan yoki nazarda tutilgan bo‘lsa, unda xalqaro shartnoma qoidalarida belgilangan shartlar amalda qo‘llaniladi.
O’zbekiston Respublikasi xalqaro huquqning teng huquqli sub’ekti sifatida dunyodagi boshqa davlatlar bilan soliq solish sohasidagi o‘zaro munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy bazasini mustahkamlash siyosatini izchil olib bormoqda. 1993 yildan buyon Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan Rossiya, Germaniya, Italiya, Shveytsariya, Niderlandiya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Sloveniya, Irlandiya, Ispaniya va boshqa qator davlatlar bilan ikkiyoqlama soliqqa tortishga yo‘l qo‘ymaslik hamda daromad va kapital soliqlarini to‘lashdan bosh tortishning oldini olish to‘g‘risida 52 ta bitim imzolangani ana shu sa’y-harakatlar samarasidir.
Soliq solish - yuridik shaxslarga nisbatan mulkchilik shaklidan qat’i nazar, qonun oldida tenglik, jismoniy shaxslarga nisbatan esa jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tenglik asosida amalga oshiriladi.
Belgilanayotgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning yoki pul mablag‘larining O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasida erkin muomalada bo‘lishini bevosita yoki bilvosita cheklab qo‘yishi yoxud soliq to‘lovchining iqtisodiy faoliyatini boshqacha tarzda cheklab qo‘yishi yoki unga g‘ov bo‘lishi mumkin emas. Olingan manbalaridan qat’i nazar, barcha daromadlarga soliq solinishi lozim, soliq imtiyozlarini belgilashda esa albatta ijtimoiy adolat prinsiplariga rioya etilishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi hududida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasining pul birligi-so‘mda hisoblab chiqariladi.
5. Soliq to‘lovchilarning huquq va majburiyatlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |