1-ilova
Ma’lumki, inson komillikka yetishi uchun ma’naviy dunyoqarashi keng bo`lishi, odobli, bilimli bo`lishi bilan birga kattalarning pand-nasihatlariga astoydil e’tiborli bo’lishlari talab etiladi.
Bolalar adabiyoti fani yoshlarni imon-e’tiqodli kishilar sifatida va Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda mamlakatimizning qudratli qurolidir. Bugungi davrda bu fanga intilish, qiziqish, o’rganish, o’zlashtirish yanada oshdi. Shunday ekan, kichkintoylarga atab yoziladigan har qanday badiiy asar ularning yosh xususiyatlariga, saviyalariga mos bo’lishi, ular qalbida chuqur o’y-fikrlar uyg’otishi, yorqin obrazlar va yuksak g’oyalarga boy bo’lishi, ularni ulkan va porloq ishlarga ilhomlantirishi zarur. Eng muhimi, mavzular tushunarli, sodda va qiziqarli tilda yoritilishi lozim.
Faqat chinakam badiiy asarlargina bolalarga kuchli ta’sir ko’rsatib, ana shu talablarga javob bera oladi. Shu sababli bunday kitoblar pedagogik va psixologik nuqtayi nazardan ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Bolalar adabiyoti bu vazifani bajarishda avvalo, badiiy tilga suyanadi. Adabiy asarning tili uning g’oyaviy mazmunini aniq va ifodali ochib berish vositasidir. Yaxshi, aniq, ravon, obrazli, boy til bilan yozilgan asar yozuvchining maqsad va fikrlarini kitobxonlarga tez va oson yetkazadi.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy «Mahbub-ul qulub» asarida tilni «ko’ngil xazinasining qulfi1», deb ta’riflaydi, kishilarni qisqa va mazmunli, chuqur mantiq bilan so’zlashga chaqiradi. Bu talab, shubhasiz, bolalar yozuvchilariga ham taalluqlidir.
Bolalar yozuvchisi sodda, ravon, qiziqarli va mazmundor qilib yoza bilishi kerak. Buning uchun esa u xalq tilini puxta bilishi lozim.
Ravon til bilan yozilgan badiiy asarlar yosh kitobxonning nutqiga ham katta ta’sir ko’rsatadi, so’z boyligini oshiradi.
Bolalar yozuvchilarining eng yaxshi kitoblari yosh avlodni tabiatni sevishga, halol yashashga, ilm-fan cho’qqilarini egallashga, xalq uchun foydali yangi kashfiyotlar qilishga o’rgatadi. Kitob xalqimizning o’tmishi, ilg’or madaniyatimiz, fan va texnikamiz yutuqlari bilan tanishtiradi, faxr tuyg’ularini o’stiradi.
Shunday ekan, bugungi kunda bolalar ta’lim-tarbiyasida qudratli qurol bo’lgan bolalar adabiyotidan keng foydalanmay turib, yangi jamiyat quruvchisini har tomonlama yetuk inson qilib tarbiyalash mumkin emas. Bolalar adabiyotining o’ziga xos qonuniyatlari bor: agar bu fan bo’limlarga ajratib o’rganilmas ekan, pala-partishlik, tushunmovchilik kelib chiqishi tabiiy. Eng avvalo kitobxonlik — kitob o’qish, tinglash, hikoya qilishdek talabga e’tibor berilishi zarur bo’lgan amallar bor. Shunga ko’ra bolalar kitobxonligini o’quvchilarning pedagogikpsixologik xususiyatlariga ko’ra quyidagicha guruhlarga ajratish mumkin:
1.Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar kitobxonligi (2 yoshdan 7 yoshgacha).
2.Maktab yoshidagi kichik bolalar kitobxonligi (7 yoshdan 11 — 12 yoshgacha).
3.O’rta va katta yoshdagi bolalar kitobxonligi (13— 14 yoshdan 15 — 17 yoshgacha).
Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar kitobxonligi. Bu davr bolalar kitobxonligi, asosan, ota-onalar, buvi-bobolar, mahalla ertakchilari-yu tarbiyachilar tomonidan amalga oshiriladi. Hali o’qish, yozish, chizishni bilmaydigan maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar dunyo sirlaridan bexabar bo’ladilar. Hatto oila a’zolari, uy hayvonlari, parranda-yu dov-daraxtlargacha notanish bo’ladi. Kattalar o’qib, aytib, hikoya qilib beradigan asarlar bu davr bolalari uchun muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. Bu davr bolalarga o’qib beriladigan har qanday asarning hajmi qisqa, mazmuni sodda bo’lishi zarur. Shuningdek, bunday kitoblarning rasmlari rang-barang, harflari esa yirik-yirik bo’lishi maqsadga muvofiqdir. Bog’cha yoshidagi bolalarga ham, avvalo, maqol va topishmoqlarni, so’ng hayvonlar haqida, umuman, tabiatni sevishga o’rgatuvchi ertaklarni aytib berish yoki o’qib berish juda foydalidir. Ularga mehnatsevarlikni o’yinlar orqali o’rgatilsa, yaxshi ta’sir ko’rsatadi. Masalan, «Sholg’om», «Bo’ri bilan Qo’zichoq», «Tulki bilan Turna», «Tulki bilan uzum», «Ur, to’qmoq!» kabi masal va ertaklar bolalarni mehnatsevarlikka, tabiatni sevishga, rostgo’ylikka o’rgatadi, aldamchilik va xudbinlik, baxillik va ochko’zlik yomon illat ekanligini tushuntiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |