Raqobat — har qanday bozor mexanizmini tashkil etuvchi ajralmas qism bo’lib, u ko’p miqdordagi erkin xaridorlar va ish kuchini sotuvchilarning mavjudligi hamda ular uchun mehnat bozoriga erkin kirish va uni tark etish imkoniyatini anglatadi.
Mehnat bozori sifati xususiyatining eng muhim mezoni uning infratuzilmasining rivojlanish darajasidir. Mehnat bozori infratuzilmasini uning tarkibiy qismi sifatida ta’riflash mumkin, u davlat idoralarini, ish bilan bandlikka ko’maklashuvchi nodavlat tuzilmalarini, korxonalar va firmalarga kadrlar xizmatini, jamoat tashkilotlari va jamg’armalarini, normativ-huquqiy muhitni o’z ichiga oladi, ular ish kuchiga ehtiyoj bilan taklif o’rtasidagi eng samarali o’zaro hamkorlikni ta’minlaydi.
Mehnat bozori infratuzilmasining asosiy vazifasi ish kuchining bahosi, mehnat sharoiti, xodimning u yoki bu ijtimoiy muammolarini hal qilish ijtimoiymehnat nizomlarini tartibga solish xususida ish beruvchi bilan xodim o’rtasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Odatda, bu munosabatlar kollektiv shartnomalar tizimi asosida tartibga solinadi. Bozor iqtisodiyoti rivojlanayotgan mamlakatlarda kollektiv shartnoma tizimi mehnat bozorida davlat tomonidan tartibga solishdan ko’ra birmuncha faolroq rol o’ynaydi.
Mehnat bozori infratuzilmasi vazifasiga xodim bilan ish beruvchini aloqaga kirishga va o’zaro hamkorlik qilishga tayyorlash, shartnoma tuzishda yordam ko’rsatish, o’zaro har tomonlama hamkorlikni ta’minlash va mehnat bozoriga chiquvchilarni ijtimoiy himoya qilish ham kiradi. Rivojlangan mehnat bozori ish beruvchilar bilan yollanib ishlovchilarning o’zaro hamkorligidan tashqari har ikki tomonning jamoa manfaatlarini himoya qilish bo’yicha tashkiliy tuzilmalar (kasaba uyushmalari, tadbirkorlar, ishsizlar va boshpanasizlar assosiasiyalari, ijarachilar uyushmasi va shu kabilar) mavjud bo’lishini ham taqozo etadi, shuningdek ijtimoiy hamkorlik sohasida davlat vositachiligini ham talab qiladi.
Mehnat bozori subyektlari munosabatlari tizimiga maxsus organlarining qo’shilishi ular o’rtasida ziddiyatlar bo’lmasligini ta’minlash, turli-tuman iqtisodiy vositalar va usullar, huquqiy normalar yordamida ish bilan bandlik jarayonlari va siyosatini tashkil etish hamda tartibga solishni ta’min etish zarur.
Bozor iqtisodiyotining uzviy tarkibiy qismi bo’lgan mehnat bozori o’zining rivojlanishida boshqa barcha tomonlarning (shu jumladan, kapital bozorining, moliya bozorining, turar joy bozori va hokazolarning) mavjudligi va rivojlanganligiga bog’liq bo’ladi, ular ish o’rinlarining harakat qilish erkinligi (ularni tashkil etish va tugatish), ish kuchining ish bilan bandlik sohalari, xo’jalik tarmoqlari va hududlar bo’yicha harakat qilishi (bo’shab qolishi, qayta taqsimlanishi) mezonlarini belgilab beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |