13.3. Davlatning iqtisodiy vazifalari
Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat bir qator iqtisodiy vazifalarni bajaradi:
1. Davlatning qonunchilik asoslarini yaratish vazifasi.
Davlat mamlakatda iqtisodiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy qonunlarni qabul qiladi va ularni hayotga to‘laqonli tatbiq etish mexanizmlarini ishlab chiqadi. Bu qonunlarda mulkka egalik qilish huquqi, turli firmalarning faoliyat yuritish tartibi va qoidalari, har xil shartnomalarni tuzish sharoitlari, kasaba uyushmalari va ma’muriyat o‘rtasidagi o‘zaro majburiyatlar, monopoliyaga qarshi siyosatning huquqiy asoslari bo‘yicha qonunlar qabul qilinadi. O‘zbekistonda davlat tomonidan iqtisodiy hayotni tartibga soluvchi qonunlar majmui qabul qilingan. Jumladan, “Mulk to‘g‘risida”, “Tadbirkorlik to‘g‘risida”, “Xususiy korxonalar to‘g‘risida”, “Soliq kodeksi” “Yer kodeksi” va boshqa qonunlar shular jumlasidandir.
Davlatning qonunchilik asoslarini yaratish vazifasi quyidagi choralarni nazarda tutadi:
1. Xususiy korxonalarga qonuniy maqomni berish.
2. Xususiy mulk huquqlarini aniqlash.
3. Tuzilgan shartnomalarning bajarilishini kafolatlash.
4. Korxona, resurslarni yetkazib beruvchilar va iste’molchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish qoidalarni ishlab chiqish. Shuningdek, mahsulotning og‘irligi va sifatini o‘lchaydigan standartlarni hayotga kiritish, mahsulotlarni ayirboshlashni yengillashtiruvchi, pul tizimini tashkil etish va uning normal harakat qilishini ta’minlash, mahsulotni markirovka qilish qoidalarni ishlab chiqish davlatning tegishli tashkilot va muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
2. Iqtisodiyotni barqarorlashtirish vazifasi. Hukumat moliya va monetar siyosati yordamida ishlab chiqarishning qisqarishi, ishsizlik va inflyatsiyaviy jarayonlarni tartibga solishga harakat qiladi. Undan tashqari hukumat xususiy sektorga to‘la bandlik va barqaror narx darajasini ta’minlashga yordam beradi. Uning mohiyati ishlab chiqarish darajasi jami sarflar darajasiga bog‘liq ekanligidadir. Umumiy sarflarning yuqori darajasi ko‘pgina tarmoqlarga ishlab chiqarish hajmlarini oshirishni maqsadga muvofiq qilib qo‘yadi, bu holat esa o‘z navbatida qo‘shimcha resurslarni, shu jumladan ish kuchini ishlab chiqarish jarayoniga jalb etishga imkon yaratadi. Biroq, ko‘plab iqtisodchilarning fikriga ko‘ra, bozor iqtisodiyoti jami sarflarni to‘la bandlik darajasigacha ko‘tara olmaydi. Shuning uchun ishsizlik, inflyatsiya holatlari kuzatiladi. Hukumat davlat xarajatlari, soliq stavkalari, kredit foizlarini o‘zgartirish yo‘li bilan iqtisodiyotni barqarorlashtirish vazivasini bajaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |