Formal mantiqning asosiy qonunlari (prinsiplari).
Yuqorida aytib o’tilganidek formal mantiq fikrlar o’rtasidagi aloqani tadqiq etadi. Bu aloqa va bog’lanishlar biz ularni bilishimiz yoki bilmasligimizdan qat'iy nazar mavjud bo’ladi. Chunki bizning tafakkurimiz borliqning in'ikosidir. Borliqdagi barcha narsa va hodisalar bir-biri bilan bevosita va bilvosita aloqada bo’ladi. Mana shu aloqadorlik bizning tafakkurimizda in'ikos etadi. Formal mantiq qonunlari tafakkurga xos bo’lib fikrning to’g’ri tuzilishini, uning aniq, izchil, ziddiyatsiz va yetarli asosga ega bo’lishini ta'minlaydi. Formal mantiq qonunlari ob'ektiv xarakterga ega. Bu qonunlarga rioya qilish to’g’ri fikrlashni ta'minlaydi.
1.Ayniyat qonuni. Har qanday fikr mulohaza jarayonida aniq, qat'iy mazmunga ega bo’lishi lozim. Bu tafakkurga xos xususiyatdir. Ayniyat qonuniga ko’ra har qanday fikr mulohaza jarayonida o’ziga aynan bo’lishi lozim. (A-A dir yoki A q A). Ayniyat qonuniga asosan turli mazmunga ega fikrlar aynan bo’lmaydi yoki aynan fikrlar aynansiz bo’lmaydi. Bu qoidani buzish bir fikrni tilda turli xil ifodalashga olib keladi. Masalan, «Osmon ibodatxonasi Pekinda joylashgan» va “Osmon ibodatxonasi Xitoy poytaxtida joylashgan” mulohazalarida predikatlar mazmunan turli xil bo’lsada, lekin aynan hisoblanadi. Boshqa jihatdan turli ma'noga ega bir so’zni aynan deyish ham noto’g’ri. Masalan, “yuz tuzilishi” da “yuz” so’zi qiyofa va soni anglatishi mumkin. Biroq ular ikkalasi aynan emas.
Turli mazmundagi tushunchalarni aynan deb qabul qilish shu tushunchalarni bilmasdan yoki ongli ravishda buzib amalga oshiriladi. Bu mantiqda tushunchalarni almashtirish deyiladi. Tildagi omonim va sinonimlar ham ba'zan turli fikrlarning o’zaro aynanlashtirilishiga olib keladi. Shu bilan birga bir tushuncha turli sohalarda turlicha tushuniladi.
O’zaro munozara jarayonida raqibini aldash yoki chalg’itish maqsadida ayniyat qonunini ataylab buzib, tushunchalarni almashtirish holatlari ham uchraydi. Bu ta'limot sofistika deb ataladi. Adabiyotdagi ma'lum bir janrlarda turli ma'nodagi bir xil so’zlar ishlatiladi. Shu bilan birga adabiyotdagi o’xshatish, bo’rtirish, kichraytirish uslublarida ham ayniyat qonuni buziladi, lekin bu adabiy uslubning o’ziga xos jihatidir.
Ayniyat qonuni tafakkurning barcha element va shakllariga xos bo’lgan umumiy mantiqiy qonundir.
2. Nozidlik qonuni mantiqiy mulohaza ziddiyatsiz bo’lishi bilan xarakterlanadi. Ziddiyatlilik mulohazani buzadi, bilish jarayonini qiyinlashtiradi. Tafakkurning ziddiyatsizligi talabi formal mantiqning nozidlik qonunida o’z ifodasini topadi. Nozidlik qonuniga ko’ra ikki zid mulohaza bir vaqtda yoki ayni bir nisbatda birdaniga to’g’ri yoki birdaniga xato bo’la olmaydi har doim ulardan biri to’g’ri bo’lsa, ikkinchisi xato bo’ladi. Bu tamoyil qo’yidagicha ifodalanadi A va A emas formulasi ? (R G`g` ? R) R va R emas bir vaqtda chin bo’la olmaydi. ? - belgisi inkorni anglatadi.
Nozidlik qonuni barcha sig’ishmaydigan munosabatlar qarama-qarshi va zid munosabatlarga ta'luqli. Bir vaqtda va bir munosabatda biron-bir predmet haqida tasdiqlab aytilgan fikrga zid ravishda shu predmet haqida inkor etib aytilgan fikr o’z fikriga qarshi chiqishdir.
Agar biz ikki predmetdan bir-biriga bir belgini xos desak, ikkinchisiga esa shu belgini xos emas desak yoki bir predmetga bir belgini xos desak, shu predmetga ikkinchi belgini xos emas desak nozidlik qonuni buzilmaydi. Agar bir predmetga ma'lum belgini xos desak, ma'lum vaqtdan keyin shu predmetga o’sha belgini xos emas desak nozidlik qonuni buzilmaydi.
Bir predmet turli munosabatda olinsa ham nozidlik qonuni buzilmaydi. Nozidlik qonuni mantiqiy fikrlashning tub mohiyatidan biri tafakkurning ziddiyatsiz, izchillikni ifodalaydi. Undan ongli foydalanish o’zimiz va o’zgalarning fikridagi ziddiyatni bartaraf etish har qanday noaniqlikka tanqidiy munosabat bildirish imkoniyatini beradi. Fikrimizdagi izchillik bizning faoliyatimizga ham izchillik bag’ishlaydi.
3.Uchinchisi istisno qonuni. Nozidlik qonuni barcha sig’ishmaydigan munosabatdagi hukmlarga ta'luqli bo’lsa uchinchisi istisno qonuni faqat zid munosabatdagi hukmlarga xosdir. U qo’yidagicha ifodalanadi: bir predmet haqidagi ikki zid fikrning biri to’g’ri ikkinchisi noto’g’ri, uchinchisi istisno bo’ladi. Masalan, «qor oqdir», “qor oq emas”, “qor sariqdir” degan mulohazalarning birinchisi to’g’ri, ikkinchisi noto’g’ri, uchunchisi istisnodir. Chunki «qor sariqdir» degan mulohaza «qor oq emas» degan mulohaza hajmiga kiradi.
Zid munosabatdagi hukmlarning biri predmetlar sinfining bir qismiga xos xususiyat va munosabatni tasdiqlaydi, ikkinchisi esa shu predmetlarning boshqa qismiga shu xususiyat va munosabatni inkor etadi. Ularning har ikkalasi bir vaqtda to’g’ri yoki bir vaqtda noto’g’ri bo’la olmaydi. Bundan tashqari zid munosabatdagi hukmlardan biri predmetga ma'lum xususiyat va munosabatni ta'luqli ekanligini tasdiqlaydi, ikkinchisi esa aynan shu predmetga shu xususiyat va munosabatni xos ekanligini inkor etadi. Masalan, “Traktor mashinadir” va “Traktor mashina emas”.
Do'stlaringiz bilan baham: |