4-chizma. “O‘zvinosanoat-xolding” xolding kompaniyasining
tashkiliy tuzilmasi
- boy tabiiy va mineral-xom ashyo zahiralaridan, bunyod etilgan ishlab chiqarish va fan-texnika salohiyatidan samarali va oqilona foydalanishga qaratilgan aniq maqsad yo‘lidagi strukturaviy siyosatni amalga oshirish, eksport salohiyatini rivojlantirish hamda mamlakat iqtisodiyotining jahon iqtisodiy tizimiga keng miqyosida integratsiyalashuvini ta’minlash;
- yangi ish joylarini yaratish, mehnat resurslarini oqilona band etish muammosini hal qilish, aholining aniq yo‘naltirilgan ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, aholining turmish darajasi barqaror, jadal o‘sishini, ijtimoiy infratuzulmani rivojlantirishni ta’minlash;
- mamlakat mintaqalari iqtisodiyotining kompleks rivojlanishini, ishlab chiqaruvchi kuchlarni mamlakat hududi bo‘yicha maqbul hamda samarali rivojlantirish va joylashtirishni ta’minlash.
Milliy iqtisodiyotni, shu jumladan, sanoatni boshqarishda sobiq Fan-texnika Davlat qo‘mitasining roli alohida o‘rin egallagan. Bu qo‘mita sanoat ishlab chiqarishi sohasida fan-texnika siyosatini amalga oshirib kelgan. Endilikda bu qo‘mita o‘rniga 2002 yil 20 fevralda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi xuzurida Ilmiy-texnika taraqqiyotini Muvofiqlashtirish kengashi tuzilgan. Bu kengash zimmasiga quyidagi asosiy vazifalarni hal etish yuklatilgan:
- fundamental va amaliy-ilmiy tadkiqotlar, texnologik ishlanmalarning ustuvor yo‘nalishlarini iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar rivojlanishining strategiyasi, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotidagi qisqa muddatli, o‘rta muddatli va uzoq muddatli istiqbolli tarkibiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq holda belgilash;
- mamlakat manfaatlari va davlatimizning iqtisodiy hamda ijtimoiy taraqqiyot sohasidagi ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda yirik ilmiy-tadqiqot dasturlari va texnologik loyihalar bo‘yicha ekspertizalar tashkil etish va ekspertiza xulosalarini tasdiqlash;
- mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning davlat ustuvor yo‘nalishlariga mos keluvchi yirik ilmiy dasturlar va texnologik loyihalarni tasdiqlash;
- ilmiy tadqiqotlar va texnologik ishlanmalar bo‘yicha yillik Davlat dasturini tasdiqlash;
- yangi innovatsiyaviy ilg‘or g‘oyalarni ilgari suruvchi, jahon ilm-fanidagi yangi, istiqbolli yo‘nalishlarni muntazam kuzatib boruvchi hamda mamlakat manfaatlari yo‘lida qo‘llay olishga qodir iqtidorli yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish.
Sanoat ishlab chiqarishining moliyaviy masalalarini hal etishda Moliya vazirligining tutgan o‘rni ham alohida ahamiyatga ega. Sanoat va uning tarmoqlariga qarashli sohalarda mehnatni tashkil etish, ishchi kuchini taqsimlash va ularni ijtimoiy himoya qilish borasida mehnat aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi hal qiluvchi o‘rin egallaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |