46-modda. Prokuratura organlarining ichki xavfsizligini ta’minlash bo‘linmasi.O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi tuzilmasida prokuratura organlarining ichki xavfsizligini ta’minlash bo‘linmasi tuziladi.Prokuratura organlarining ichki xavfsizligini ta’minlash bo‘linmasi prokuratura organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan xizmat mavqeyini suiiste’mol qilish, korrupsiya va egallab turgan lavozimiga noloyiq boshqa nojo‘ya xatti-harakatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘yicha xizmat tekshiruvlari o‘tkazadi, prokuratura organlarida ichki xavfsizlikni ta’minlash sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar, Bosh prokuratura hay’atining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyruqlari, farmoyishlari va ko‘rsatmalari so‘zsiz ijro etilishini ta’minlaydi.
47-modda. Prokuratura organlari xodimlarining darajali unvonlari va harbiy unvonlari.Prokuratura organlari xodimlariga egallab turgan lavozimlari va mehnat stajiga muvofiq darajali unvonlar yoki harbiy unvonlar beriladi.
48-modda. Prokuratura organlari va muassasalaridagi xizmat.Prokuratura organlari va muassasalarida xizmatni o‘tash, prokuratura organlari va muassasalarining xodimlariga darajali unvonlar va harbiy unvonlar berish hamda ulardan mahrum etish, ularni rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan Prokuratura organlari va muassasalarida xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi nizomda belgilab qo‘yiladi.Prokuratura organlari xodimlari qonunchilikda belgilangan tartibda o‘qotar qurol hamda boshqa shaxsiy himoya vositalari olib yurish huquqiga ega.
49-modda. Prokuratura organlari xodimining daxlsizligi.Prokuror, tergovchi va surishtiruvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish va dastlabki tergov o‘tkazish prokuratura organlarining mutlaq vakolati hisoblanadi.Prokuratura organlari xodimlarining intizomiy nojo‘ya xatti-harakat uchun javobgarligi masalasi yuqori turuvchi prokuror tomonidan hal etiladi.
50-modda. Prokuratura organlari xodimlarining moddiy va ijtimoiy ta’minoti.Prokuratura organlari xodimlarining ish haqi mansab maoshidan, darajali unvonlar (harbiy unvonlar), ko‘p yillik xizmat uchun to‘lanadigan ustama haqlardan hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan iborat bo‘ladi.Darajali unvonlarga (harbiy unvonlarga) ega bo‘lgan prokuratura organlarining xodimlari belgilangan me’yorlar bo‘yicha bepul xizmat kiyimi bilan ta’minlanadi.Prokuratura organlari xodimlariga davomiyligi o‘ttiz kalendar kundan iborat haq to‘lanadigan yillik ta’til beriladi. O‘n yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan prokuratura organlari xodimlariga davomiyligi besh kalendar kun, o‘n besh yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lganlarga davomiyligi o‘n kalendar kun, yigirma yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lganlarga esa davomiyligi o‘n besh kalendar kun qo‘shimcha ta’til beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |