2. Qobiliyatlar va ularni rivojlantirish.
Qobiliyatlar va ularni rivojlantirish haqida o‘ylamagan odamning o‘zi bo‘lmasa kerak. Masalan, muayyan mehnat turini o‘zlashtirishda tezkorlik darajasiga qarab biz odamlar o‘z qobiliyatlariga ko‘ra bir-birlaridan farq qilishlariga ishonch hosil qilamiz. Kadrlarni joy-joyiga qo‘yishda qobiliyatlarga baho berish muhim rol o‘ynaydi.
Qobiliyatlarni o‘rganish, ularni rivojlantirish bilan psixologiya fani shug‘ullanadi. Muayyan turdagi faoliyatni bajarish imkoniyatini belgilovchi ruhiy xossalarni qobiliyatlar deb atash odat tusini olgan. Umumiy va maxsus qobiliyatlar farqlanadi. Ko‘pgina faoliyat turlarida qo‘llaniladigan qobiliyatlar umumiy hisoblanadi (aql sifati, zehn xususiyatlari), ba’zi bir turdagi faoliyatlardagina namoyon bo‘luvchi qobiliyatlar maxsus qobiliyatlarga kiradi (masalan, musiqiy qobiliyatlar). Har bir faoliyat umumiy va ayrim maxsus qobiliyatlar birikmasini talab qiladi. Qobiliyatlar rivojlanishi uchun hayot jarayonida shakllangan muayyan ko‘nikmalar va bilimlarni o‘zlashtirish talab etiladi. Ayni vaqtda shuni e’tiborga olish lozimki, barcha ruhiy xossalar, shu jumladan inson qobiliyatlari ham o‘z moddiy, nervli asosiga ega bo‘ladi.
O‘tmishda insonning aqliy qobiliyatlari miyaning katta- kichikligiga bog‘liq bo‘lsa kerak, degan faraz ilgari surilgan. Olimlar qobiliyatliroq odamlarning miyasi ham kattaroq bo‘lishi lozim deb taxmin qilganlar. Darhaqiqat, ayrim mashhur kishilarning miyasi ancha katta. Masalan, Turgenevniki - 2012 gramm, Bayronniki - 1800 gramm. Vaholanki, voyaga yetgan odam miyasining o‘rtacha og‘irligi 1400 grammga teng. Biroq ayrim iste’dodli odamlar miyasining vazni hatto o‘rtacha darajaga ham yetmagan. Masalan, mashhur fransuz yozuvchisi A.Fransning miyasi 1017 gramm bo‘lgan. O‘z-o‘zidan ravshanki, miyaning katta-kichikligi inson qobiliyatlarini belgilamaydi.
Aqliy qobiliyatning asl asoslarini miya ishining teran xususiyatlaridan izlash o‘rinli bo‘lsa kerak. Masalan, miya qon ta’minotining yaxshilanishi, nerv hujayralari oziqlanish jarayonining kuchayishi zehnning kuchayishiga ta’sir ko‘rsatadi va shu tariqa aqliy ish qobiliyatini kuchaytiradi. Shuningdek qobiliyatlarning shakllanishi va rivojlanishiga insonning hayot tajribasidagi yangiliklar miyada mustahkamlanishi ta’sir ko‘rsatishi ham aniqlangan. Bu qobiliyatlar rivojlanishi uchun miya o‘zini qurshagan dunyo bilan o‘zaro aloqaga kirishishi lozimligini anglatadi.
Muayyan turdagi faoliyatni ayniqsa samarali bajarish imkoniyatini beruvchi qobiliyatlarning yuksak darajasi iste’dod deb ataladi. Iste’dod inson faoliyatining barcha sohalarida namoyon bo‘lishi mumkin. Katta qobiliyat alomatlari bolalikdayoq ko‘zga tashlanishi mumkin. Iste’dod san’at sohasida, ayniqsa musiqada erta namoyon bo‘ladi. Masalan, Motsart olti yoshdayoq o‘zining kompozitorlik qobiliyatlarini namoyish etgan. Shoirlik iste’dodi ham juda erta namoyon bo‘lishi mumkin.
Ilmiy sohada iste’dod san’atga qaraganda kechroq namoyon bo‘ladi. Matematik iste’dod ayniqsa erta ko‘zga tashlanadi. 20 yoshga qadar o‘z iste’dodini namoyot etgan olimlarning barchasi matematiklar bo‘lgan (Paskal, Leybnits, Gauss va b.). Ayni vaqtda, bolalikda namoyon bo‘lgan iste’dodning ilk belgilari keyinchalik uning ravnaq topishiga olib kelmasligi ham mumkin. Muhimi shuni unutmaslik kerakki, bolalikda yutuqlarning yo‘qligi qobiliyatlar keyinchilik rivojlanishi mumkin emasligini anglatmaydi. Ba’zan iste’dod asta- sekin va ko‘pincha kutilmagan joyda shakllanadi.
Qobiliyatli bolalar uyda ham, maktabda ham jiddiy qiyinchiliklarga duch keladilar. Iqtidorli bola kattalar bilan muloqot qilish yo‘llarini izlaydi, chunki ko‘pincha tengdoshlari ularni tushunmaydilar va uni mazax qiladilar. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining qaroriga binoan iste’dodli bolalar aqli zaif, tarbiyasi og‘ir bolalar bilan bir qatorda “risk guruhi”ga kiritilgan. Ularga alohida tarbiya, maxsus individual o‘quv dasturlari, maxsus tayyorlangan o‘qituvchilar zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |