2.Ijtimoiy pedagogika faniniga ilmiy-nazariy yondoshuvlar.
Sharq Uyg‘onish davri (IX-XI asrlar) qomusiy olimlari Abu Nasr al Forobiy (873-950), Abu Rayhon Beruniy (973-1050), Abu Ali ibn Sino (980-1037) shunday ijtimoiy pedagogik g‘oyalarni aytib o‘tganlarki, bolani ayni go‘daklik chog‘idanoq tarbiyalashni boshlashning zarurati, shuningdek, bolaning tarbiyasiga tabiat va atrof-muhitning ta’siri, bolaga kattalar, ayniqsa, ota-onaning ta’siri va boshqalar. XV-XVI asrlarda Markaziy Osiyo tabiatshunos-faylasuflari, tarixchi, shoir va rassom-musavvurlari o‘z ijodlarida ijtimoiy fanlarga alohida e’tibor bilan qarab, tabiat sirlarini o‘rganishga intilganlar. Bular qatorida Nuriddin Abdurahmon Jomiy (1414-1492), Jaloliddin Devoniy (1427-1502), Alisher Navoiy (1441-1501), Xusayn Voiz Koshifiy (1440-1505) o‘z risolalarida inson aqlu-tafakkuri, uning qobiliyati, insonning yuqori axloqiy xislatlari, insoniylik g‘oyalari, bolalar tarbiyasida umuminsoniy qadriyat hisoblanadi. Shu jumladan, o‘zbek tilining asoschisi, ulug‘ alloma, musiqachi, davlat arbobi Alisher Navoiyning ijtimoiy pedagogik g‘oyalari yuksak darajada insonparvarligi bilan ajralib turadi. U insonni butun koinotda, bu olamda ham yagona, eng oliy mavjudot deb hisoblagan. Bolani esa oilaga quvonch hamda baxt keltiruvchi muqaddas in’om sifatida uyni yoritib yuboradi, deb hisoblaydi. Inson o‘z farzandinigina emas, balki kelajak avlod bo‘lgan barcha bolalarni sevmog‘i shart, deb yozadi shoir.
Ijtimoiy pedagogikaga oid fikrlarni bizning o‘zbek olim va allomalarimiz, ma’rifatparvarlarimiz, jadidchilik harakati yetakchilari, XX asr boshlarida yashab ijod qilgan Mahmudxo‘ja Behbudiy (1874-1919), Munavvar Qori Abdurashidov (1878-1931), Abdulla Avloniy (1878-1934), Abduqodir Shakuriy (1875-1943), Hamza Hakimzoda Niyoziy (1889-1929) va boshqalarning asarlarida ham ko‘plab keltirish mumkin.
Ijtimoiy pedagogikaning fan sifatida vujudga kelishida XX asr 20-30-yillari alohida o‘rin tutadi. Bu davrda A.Avloniy, A.Shakuriy, M.Qori Abdurashidov, H.H.Niyoziy, V.F.Lubensova, N.P.Arxangelskiy, O.Sharafiddinov kabi pedagoglarning faoliyati muhim ahamiyatga molik. Ular avvalo, ijtimoiy izdan chiqib ketayotgan bolalarga yordam ko‘rsatish borasida ish olib borishgan, ya’ni bu allomalar aynan ijtimoiy pedagoglar bo‘lib, ular maktablar tashkil etganlar, shuningdek, boshqa pedagoglar tajribalariga tayanganlar (Almaiy, N.G.Chernishevskiy nomidagi bolalar mehnat-tajribaviy maktablari va boshqa muassasalar ijtimoiy pedagogikaning amaliy manbai bo‘lib hisoblanadilar).
1991 yilda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi e’lon qilinishi bilan pedagogikaning ko‘pgina sohalari, shu jumladan, ijtimoiy pedagogikani ham rivojlantirish vazifasi qo‘yildi. «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi», «Ta’lim to‘g‘isida»gi Qonun (1997 yil) qabul qilinishi bilan ma’naviy-axloqiy tarbiyaning samarali yo‘llarini topish, ma’naviy madaniyatni rivojlantirish, erkin fikrlaydigan barkamol shaxsni shakllantirishning eng samarali yo‘llarini yaratish maqsadida pedagogika fani oldiga ta’lim tizimini demokratlashtirish va insonparvarlashtirish kabi vazifalar qo‘yildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |