Tabiiy-madaniy vazifalar - jismoniy rivojlanishning muayyan darajasiga erishish. Har bir yosh bosqichida inson gavda va jinsiy xulq-atvor bilan bog‘liq bo‘lgan odob unsurlari va ramzlarni ma’lum darajada anglab yetishi va o‘zlashtirishi, jins va yoshga xos bo‘lgan sog‘lom hayot kechirishi (gigiyena, rejim, ovqatlanish, sog‘liqni asrash usullari), jinsiy va individual imkoniyatlariga muvofiq hayotga bo‘lgan o‘z munosabatini, yashash uslubini o‘zgartirishi lozim.
Bularning barchasi muayyan mintaqaviy-madaniy sharoitlarda ba’zi bir farqlar bilan tavsiflanishi mumkin (yetilish sur’atlari, erkaklik va ayollik tushunchalari turli etnoslarda, yosh guruhlari va ijtimoiy guruhlarda har xil bo‘ladi).
Ijtimoiy-madaniy vazifalar - ma’rifiy, ma’naviy vazifalar - ular konkret jamiyatda, muayyan tarixiy davrda har bir yosh bosqichi uchun har xil. Bu vazifalar umuman olganda jamiyat tomonidan, shuningdek etnik xususiyatlar va inson yashaydigan muhit bilan belgilanadi.
Ijtimoiy-psixologik vazifalar - shaxsning o‘zlikni anglash hissining shakllanishi, u hayotda o‘z o‘rnini belgilashi va o‘z shaxsiyatini namoyon etishi. Shaxsning o‘zlikni anglashi u har bir bosqichda o‘z-o‘ziga hurmatning muayyan darajasiga ko‘tarilishi sifatida qaralishi mumkin. Masalan, o‘smir oldida o‘z o‘zligining boshqa odamlarga o‘zining o‘xshashligi va ulardan farqlarini anglab yetish bilan bog‘liq bo‘lgan elementlarini o‘rganish vazifasi turadi.
O’smirning dunyoqarashi, dunyodagi o‘z o‘rnini aniqlashi ayni shu vazifaning bajarilishiga ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘ladi. Shaxsning hayotda o‘z o‘rnini belgilashi hayotning turli sohalarida uning muayyan pozitsiyasi shakllanishi va kelajak uchun rejalar tuzilishini anglatadi. Masalan, kichik maktab yoshida bola yangi vaziyat - maktabga o‘qishga borishga o‘z pozitsiyasini shakllantirishi talab etiladi. Xususan, u tengdoshlari va kattalar bilan o‘z munosabatlarini belgilashi, munosabatlar tizimlarini qayta qurishi lozim. O’z shaxsiyatini namoyon etish - inson hayotda o‘z o‘rnini belgilash jarayoni natijalaridan qoniqish hissiga erishishi.
Inson ijtimoiylashuvning ob’yekti va sub’yektigagina emas, balki uning qurboniga ham aylanishi mumkin. Bu ijtimoiylashuv jarayoni va natijasi ichki ziddiyatga ega ekanligi bilan bog‘liq. Samarali ijtimoiylashuv inson jamiyatga yaxshi moslashishini ham, jamiyatga, aniqroq aytganda, shaxsning kamol topishiga xalaqit berayotgan muayyan g‘ov-to‘siqlarga ma’lum darajada qarshilik ko‘rsatish qobiliyatini ham nazarda tutadi.
Shunday qilib, ushbu jarayonda insonning jamiyatdagi hayotga moslashish darajasi va uning jamiyatda mustaqil shaxs sifatida kamol topish darajasi o‘rtasida to‘la yechib bo‘lmaydigan ichki konflikt mavjud.
Har qanday jamiyatda konkret odamlarning ijtimoiylashuvi turli sharoitlarda yuz beradi. Bu sharoitlar insonning rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi u yoki bu xavf-xatarlar mavjudligi bilan tavsiflanadi. Shu tufayli ham ijtimoiylashuvning ko‘ngilsiz sharoitlari qurbonlariga aylanishlari mumkin bo‘lgan kishilar guruhlari paydo bo‘ladi. Buning sabablari haqida gapirishdan oldin “viktimogenlik”, “viktimlashuv” va “viktimlik” (lot. - qurbon so‘zidan) tushunchalarini kiritish talab etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |