Mamlakat - geografik-madaniy tushuncha. Bu muayyan chegaraga va davlat suverenitetiga ega bo‘lgan hudud. Mamlakatlarning tabiiy- iqlim sharoitlari har xil bo‘lib, ular aholi hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Bir mamlakat doirasida bir nechta davlatlar mavjud bo‘lishi mumkin (Germaniya, Koreya). Tabiiy-iqlim sharoitlari mamlakat aholisining hayot faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Geografik va iqlim sharoitlari aholini mavjud qiyinchiliklarga qarshi kurashishga majbur etadi yoki mamlakat xo‘jaligining rivojlanishini yengillashtiradi. Ayni shu sharoitlar mamlakatda tug‘ilish va aholi zichligiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, ikki orol -Kuba va Islandiya maydoni deyarli bir xil, lekin Kuba aholisi Islandiya aholisidan yigirma baravar ko‘proq. Vaholanki, Islandiya aholisining turmush darajasi kubaliklarning turmush darajasidan ancha baland. Geografik va iqlim sharoitlari mamlakat aholisining sog‘lig’iga, ayrim kasalliklarning tarqalishiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Tabiiy-geografik sharoitlar mamlakatning tarixiy rivojlanishini belgilaydi, lekin ular bunda mustaqil rol o‘ynamaydi, balki ayrim o‘ziga xos xususiyatlarnigina belgilaydi.
Etnos - tili va mentaliteti, madaniyat xususiyatlari bir bo‘lgan kishilarning tarixan shakllangan birligi. Hozirgi ilg‘or mamlakatlarda insonning milliy mansubligi asosan u o‘zi uchun ona tili deb hisoblaydigan til bilan belgilanadi. Etnosning ijtimoiylashuv omili sifatidagi roli beqiyosdir. Etnosda ijtimoiylashuv o‘z xususiyatlariga ega bo‘lib, ularni ikki guruhga birlashtirish mumkin: vital (hayotiy muhim) va mental (ma’naviy) xususiyatlar. Vital xususiyatlar deganda bolalarni to‘ydirish usullari, ularni jismoniy o‘stirish xususiyatlari va hokazolar tushuniladi. Turli qit’alarda shakllangan madaniyatlar o‘rtasida ayniqsa ulkan farqlar kuzatiladi. Masalan, Yaponiyada faol iqtisodiy rivojlanish aholining ovqatlanish ratsioni sezilarli darajada o‘zgarishiga olib keldi: katta avlod vakillarining bo‘y va vazn ko‘rsatkichlari yosh avlodnikidan ancha past. Ayni vaqtda yaponlarning ovqatlanish ratsionida dengiz mahsulotlarining ko‘pligini ular umrining uzoqligini belgilovchi omillardan biri deb hisoblash mumkin. Ilmiy-texnika taraqqiyoti insonning jismoniy harakatlarini kamaytirgan rivojlangan mamlakatlarda sport ulkan rol o‘ynaydi. Sport turmush tarzining muqarrar unsuriga aylangan mamlakatlarda odamlarning jismoniy rivojlanish darajasi balandroq bo‘ladi. Bundan tashqari, bu yerda yana ikki omil - ovqatlanishning yaxshilanishi va tibbiy xizmatlar ko‘rsatish darajasi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.