Bog'liq 1. Ijtimoiy pedagogika, uning predmeti va vazifalari. Ijtimoiy p
3. AQShda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi. AQShda ijtimoiy ta’minot tizimi murakkab va rang-barangdir. Yagona umummilliy markazlashtirilgan ijtimoiy ta’minot tizimi AQShda mavjud emas. U yo federal qonunchilik, yo shtat qonunchiligi, yo federal organlar va shtatlarning hokimiyat organlari hamkorlikda tartibga soluvchi turli dasturlardan tarkib topadi.
Ayrim dasturlarni mahalliy hokimiyatlar ham qabul qiladilar.
AQShda davlat ijtimoiy ta’minot tizimining ikki yo‘nalishi farqlanadi: ijtimoiy sug‘urta va ijtimoiy yordam. Ular moliyalashtirish manbalariga ko‘ra bir-biridan ajralib turadi. Ijtimoiy sug‘urta to‘lovlari ijtimoiy sug‘urta solig‘i hisobidan tarkib toptiriladigan sug‘urta jamg‘armalaridan amalga oshiriladi. Davlat yordami byudjet mablag‘laridan: federal byudjet, shtatlarning byudjetlari yoki mahalliy hokimiyat organlari tomonidan ko‘rsatiladi.
1935 yil 14 avgustda qabul qilingan fuqarolik qonuni ijtimoiy sug‘urta to‘g‘risidagi birinchi qonun hisoblanadi. Vaqt o‘tishi bilan unga ko‘p sonli tuzatishlar kiritildi va ular bilan ijtimoiy sug‘urtaning yangi shakllari joriy etildi.
1935 yil qonunida ijtimoiy sug‘urtaning ikki turi: qarilik bo‘yicha (pensiya) va ishsizlik bo‘yicha (nafaqa) belgilangan. Qonunda nogironlar va yetimlarga yordam ko‘rsatish imkoniyati ham nazarda tutilgan. Pensiyalar ilk bor 1937 yilda to‘langan. 1939 yilda qonunga oila boquvchisini yo‘qotganlik uchun nafaqat to‘lashni nazarda tutuvchi tuzatish kiritilgan.
Qarilik bo‘yicha davlat pensiyasini to‘la hajmda 65 yoshga to‘lgan erkaklar va ayollar olishlari mumkin. To‘liq pensiya olish uchun zarur mehnat staji - 35 yil. Agar staj kamroq bo‘lsa, pensiya ham kamaytiriladi. 62 yoshda pensiya to‘lash imkoniyati nazarda tutilgan, lekin bu holda pensiya nafaqasi 20% ga kamayadi.
Mediker - pensionerlarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish dasturi. U 1965 yilda tashkil etilgan. Uning shartlariga ko‘ra sug‘urtalash asosiy va qo‘shimcha qismlarga ajratiladi. Asosiy qism ijtimoiy sug‘urta solishi hisobidan moliyalashtiriladi. Bu pullar statsionarda davolashga yo‘naltiriladi. Qo‘shimcha sug‘urtalash ixtiyoriy hisoblanadi va federal byudjetdan va ishtirokchilarning badallari hisobidan moliyalashtiriladi. U ambulatoriyada davolash va shifokorlarning maslahat xizmatlari uchun haq to‘lashga yo‘naltiriladi.
AQSh davlat ijtimoiy ta’minot tizimining boshqa bir qismi qashshoqlarga yordam ko‘rsatish hisoblanadi. Bu tizim o‘tgan asrning 60- yillaridan boshlab nisbatan keng rivojlangan. Ijtimoiy sug‘urta tizimidan farqli o‘laroq, bu yerda yordam olish uchun oldindan maxsus badallar kiritish talab etilmaydi. Yordam ko‘rsatish uchun mezon bo‘lib aynan muhtojlik xizmat qiladi. Muhtojlik darajasini aniqlash uchun 1964 yilda “qashshoqlik chegarasi” tushunchasi muomalaga kiritilgan. Mamlakatda qashshoqlikning rasmiy mezonini ishlab chiqqan mualliflar o‘z hisob-kitoblarida to‘rt kishidan iborat oila uchun minimal parhez qiymatiga tayanganlar. Ular qashshoq oila ovqatlanishga o‘z daromadlarining uchdan bir qismini sarflaydi, degan xulosaga kelganlar va oila uchun minimal zaruriy daromad summasini uning uchun minimal darajada yetarli bo‘lgan ovqatlanish qiymatini belgilash yo‘li bilan aniqlashni taklif qilganlar. Ayni shu summa “qashshoqlik chegarasi” degan nom olgan. 1989 yilda 14 ming dollardan iborat yillik daromad “qashshoqlik chegarasi” hisoblangan (Chorbinskiy). Shu davrda AQSh oilasi uchun o‘rtacha yillik daromad taxminan 29 ming dollarni tashkil qilgan.