Bog'liq 1. Ijtimoiy pedagogika, uning predmeti va vazifalari. Ijtimoiy p
2. Ta’limni toifalashtirish (differensiatsiya).
Ta’limni toifalashtirish (differensiatsiya) muammolari va maxsus ta’lim muassasalarining faoliyati. XX-XXI asrlar chegarasida ta’limni rivojlantirishning asosiy tendensiyalari orasida tadqiqotchilar ta’limni toifalashtirishning kengayishini, ta’limning ko‘p sohaliligi va variativligiga qarab mo‘ljal olishni, ta’lim modellarini tanlash imkoniyatlarini kengaytirishni, jamiyatning o‘zgarayotgan talablariga muvofiq ta’lim tizimining barcha bosqichlarini modernizatsiya qilishni qayd etadilar.
Hozirgi vaqtda butun dunyoda kuzatilayotgan ta’limning rivojlanish tendensiyasi ta’lim oluvchilarni ularning mayllari, qiziqishlari va davomatiga muvofiq tayyorlashni toifalashtirishga e’tiborning kuchayishida namoyon bo‘layapti. Turli o‘quv yurtlari bo‘yicha taqsimlash toifalashtirishning asosiy shakllari hisoblanadi. Odatda, toifalashtirish boshlang‘ich maktabni tugallash bosqichida yuz beradi, turli o‘quv muassasalarida amalga oshiriladi va ta’lim dasturlarining mazmuni ularning bosh mezoni bo‘lib xizmat qiladi. Bir o‘quv yurti doirasida toifalashtirish ancha keng tarqalgan.
Toifalashtirishni amalga oshirish jarayonida ta’lim oluvchilarga yo‘l ko‘rsatish - ularni umumiy ta’limning turli yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimlash (ta’limga yo‘naltirish) va muayyan faoliyatga doir bilimlarni o‘zlashtirish (kasbga yo‘naltirish) birinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Ko‘pgina mamlakatlarda ta’lim oluvchilarga yo‘l ko‘rsatish maxsus sistematik tadbirlar predmeti hisoblanadi. Ularda yangi ijtimoiy voqelikni va ta’lim oluvchi shaxsini rivojlantirish ehtiyojlarini hisobga olishga harakat qiladilar.
Ta’limning ko‘p sohaliligi va muvobilligini rivojlantirish doirasida o‘quv yurtlarining yangi tiplari vujudga keladi. Odatda, bu ko‘proq o‘rta va kasb-hunar ta’limi sohasiga tegishli. Bu borada ta’limni rivojlantirish yo‘llaridan biri to‘liq o‘rta maktab doirasida umumiy va o‘rta ta’limni birlashtirish hisoblanadi (masalan, Angliyada shahar texnologik kollejini tamomlagandan so‘ng darhol kasbiy faoliyatga kirishish yoki oliy maktabga o‘qishga kirish mumkin).
Hozirgi dunyoda ta’lim modellarini tanlash uchun tobora keng imkoniyatlar berilmoqda. Davlat o‘quv yurtlaridan tashqari, ta’lim amaliyotida bir qancha xususiy o‘quv yurtlari ham mavjud bo‘lib, ularda ta’lim-tarbiya jarayoni an’anaviy ta’lim-tarbiya jarayonidan ancha farq qiladi. So‘nggi yillarda bunday maktablar soni ko‘payib bormoqda. Xususiy o‘quv yurtlari ta’lim oluvchilarning rasmiy ta’lim tizimi doirasida yechish mushkul bo‘lgan muammolari yechimlarini topishlari mumkin. Yuksak ta’lim standartlariga qarab mo‘ljal oluvchi xususiy maktablar alohida ta’lim va tarbiya muhiti hamda maxsus ta’lim dasturiga muhtoj bo‘llan iqtidorli bolalarning qobiliyatlarini rivojlantirishga yordam beradilar.
Ta’limni rivojlantirish yo‘llarini topish borasidagi izlanishlar eksperimentam o‘quv yurtlari negizida amalga oshirilmoqda. Bu maktablar eng mohir pedagoglar tajribasini hisobga olgan holda asosiy pedagogik g‘oyalarni empirik sinovdan o‘tkazish, ularni maromiga yetkazish va asoslash uchun mo‘ljallangan. Eksperimental o‘quv yurtlari tajribasi ta’limning rivojlanishidagi bo‘lg‘usi tendensiyalarni doim ham belgilayvermaydi, lekin ularning faoliyati maktab ishini yangilash borasida ancha muhim voqea hisoblanadi. Insonning o‘ta sifatli ta’limga bo‘lgan ehtiyoji hozirgi zamon ta’limining rivojlanish tendensiyasini belgilovchi bosh omilga aylanadi.
Psixologo-pedagogik va uslubiy adabiyotlarda ta’limning mazmunini toifalashtirishning ikki asosiy tipi farqlanadi. Bular:
• darajaviy toifalashtirish;
• sohaviy toifalashtirish.
Hozirgi dunyoda axborot hajmining jadal sur’atlarda ko‘payishi, inson faoliyati sohasining kengayishi uni har bir inson to‘liq o‘zlashtirishiga imkon bermaydi. Bu muayyan sohada ixtisoslashish zaruriyatini keltirib chiqaradi. Binobarin, qo‘shimcha ta’lim darajasida tayyorgarlikni ham ixtisoslashtirish talab etiladi. Ta’limni sohaviy toifalashtirish ayni shu vazifani hal qilishni nazarda tutadi. Hozirgi zamon pedagogikasida ta’limning mazmunini sohaviy toifalashtirish maqsadi “ta’lim oluvchilarning barqaror qiziqishlari, mayllari va qobiliyatlari sohasining izchil ixtisoslashuviga erishish” sifatida tavsiflanadi.
Ta’limning mazmunini sohaviy toifalashtirish bilan bola shaxsiyatining o‘ziga xos jihatlari, ijodiy qobiliyatlari va mayllarini amalda to‘laqonli namoyon etish, ularni o‘zlari tanlagan sohada o‘qishni davom ettirishga, mo‘ljallanayotgan kasbiy faoliyatga yanada samaraliroq va izchilroq tayyorlash imkoniyatlari bilan bog‘laydilar.
Sohaviy toifalashtirish bolalar o‘zlarining bilim olishga bo‘lgan ehtiyojlari hamda qobiliyatlarini yanada teranroq anglab yetishlarini nazarda tutadi. U bolalarning ayrim guruhlariga nisbatan individual yondashuvni amalga oshirish bilan uzviy bog‘liq.
Barqaror maxsus qiziqishlarni shakllantirish bolalarning qobiliyatlarini rivojlantirishning muhim omili hisoblanadi. Bu inson faoliyatining muayyan sohasiga qiziqishlar bo‘lib, ular keyinchalik mazkur faoliyat turi bilan kasbiy darajada shug‘ullanishga bo‘lgan intilishga aylanadi.