[
OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.17.00.00 Nodavlat notijorat tashkilotlari (
shuningdek, 03.03.10.03ga qarang) / 01.17.09.00 Yoshlar, bolalar,
ayollar tashkilotlari, faxriylar va nogironlar uyushmalari]
[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Yoshlarga doir siyosat to‘g‘risida qonun hujjatlari]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Yoshlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, ularni ijtimoiy-huquqiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘rgatish va bandligini ta’minlash ishlarini samarali tashkil etishning doimiy moliyaviy manbalarini va ulardan foydalanish tartibini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish maqsadida tuman va shaharlarda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tumanlar (shaharlar) mahalliy budjetlarida shakllangan qo‘shimcha manbalarning kamida 15 foizi miqdorida har chorakda ajratiladigan mablag‘lar;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 24-noyabrdagi PF-6118-son Farmonining 12-bandida belgilangan tushumlarning mazkur Farmonga 3-ilovaga muvofiq miqdordagi qismi;
xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning texnik ko‘mak mablag‘lari va grantlari;
homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3. Jamg‘arma mablag‘lari:
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan moddiy ahvoli qiyin yoshlarga bazaviy hisoblash miqdorining (keyingi o‘rinlarda — BHM) 4 baravarigacha miqdorda bir martalik moddiy yordam ko‘rsatishga;
yoshlarni tadbirkorlikka va kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarning 75 foizigacha qismini qoplashga yo‘naltiriladi. Bunda yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitish xarajatlarining har bir bitiruvchiga BHMning 4 baravaridan ortiq bo‘lmagan qismi, kasb-hunarga o‘qitish uchun sarflangan xarajatlarning bir oygacha,
bir oydan ikki oygacha, ikki oydan ortiq muddatli o‘quv kurslari uchun tegishlicha BHMning 4, 8, 12 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplanadi;
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga BHMning 8 baravarigacha miqdorda urug‘lik va ko‘chatlar sotib olish uchun subsidiya ajratishga;
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyati hamda o‘zini o‘zi band qilish maqsadida noturar joyning 12 oygacha ijara xarajatlarini ko‘pi bilan bir yilda BHMning 25 baravarigacha miqdorda qoplashga;
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun BHMning 40 baravarigacha
miqdorda subsidiya ajratishga;
mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlarining to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, ammo BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lab berishga;
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning ahvoli og‘ir bo‘lgan bemor farzandlariga mamlakatda yoki xorijiy davlatlarda davolanish bilan bog‘liq xarajatlarni BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda qoplashga;
psixologik maslahatga muhtoj yoshlarga ixtisoslashgan nodavlat notijorat tashkilotlar hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan pullik psixologik xizmat ko‘rsatilishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga;
yoshlarning ehtiyojlari va xohish-istaklarini o‘rganish natijalari bo‘yicha ularning iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlash, besh muhim tashabbusni ro‘yobga chiqarish va uning doirasidagi
tadbirlarni moliyalashtirishga;
qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan boshqa xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladi.
4. Quyidagilar:
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi namunaviy nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Vasiylik kengashining namunaviy tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilansinki:
Jamg‘armaning daromad va xarajatlari yillik parametrlarini, ularning ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotlarni, yillik ish rejalarini tasdiqlash hamda Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq boshqa vakolatlar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Vasiylik kengashi (keyingi o‘rinlarda — Vasiylik kengashi) tomonidan amalga oshiriladi;
tuman (shahar) hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — Vasiylik kengashi raisi, tuman (shahar) hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari — Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limi boshlig‘i — Vasiylik kengashi mas’ul kotibi hisoblanadi;
Vasiylik kengashi a’zolari “Yoshlar daftari” jamg‘armasini boshqarish bo‘yicha faoliyatlarini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki, Yoshlar ishlari agentligi va “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi bilan birgalikda yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitish, biznes loyihalarini ishlab chiqish va kredit olishda ko‘maklashish, kredit ajratilgandan so‘ng yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish borasida amaliy yordam ko‘rsatib borsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
8. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston yoshlar ittifoqining xalqaro yoshlar oromgohini tashkil etish to‘g‘risida”gi 2018-yil 26-fevraldagi 143-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.
ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 11-mart,
132-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11-martdagi 132-son qaroriga
1-ILOVA
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risida
NAMUNAVIY NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Namunaviy nizom “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” (keyingi o‘rinlarda — “Yoshlar daftari” jamg‘armasi) faoliyatini tashkil etish, uning mablag‘larini shakllantirish, ulardan foydalanish, hisob va hisobotini yuritish tartibini belgilaydi.
2. “Yoshlar daftari” jamg‘armasi belgilangan tartibda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qaroriga muvofiq tashkil etiladi.
3. “Yoshlar daftari” jamg‘armasi yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablag‘lari tuman (shahar) g‘aznachilik bo‘linmalarida alohida ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida yig‘iladi.
2-bob. “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish
4. “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar)lar mahalliy budjetlarida shakllangan qo‘shimcha manbalarning kamida 15 foizi miqdorida har chorakda ajratiladigan mablag‘lar;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 24-noyabrdagi PF-6118-son Farmonining 12-bandida belgilangan tushumlar mazkur Farmonga 3-ilovaga muvofiq miqdorda;
xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning texnik ko‘mak mablag‘lari va grantlari;
homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3-bob. “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish
5. “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari:
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan moddiy ahvoli qiyin yoshlarga bazaviy hisoblash miqdorining (keyingi o‘rinlarda — BHM) 4 baravarigacha miqdorda bir martalik moddiy yordam ko‘rsatishga;
yoshlarni tadbirkorlikka va kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarining 75 foizigacha qismini qoplashga. Bunda yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitish xarajatlarining har bir bitiruvchiga BHMning 4 baravaridan ortiq bo‘lmagan qismi, kasb-hunarga o‘qitish uchun sarflangan xarajatlarning bir oygacha, bir oydan ikki oygacha, ikki oydan ortiq muddatli o‘quv kurslari uchun tegishlicha BHMning 4, 8, 12 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplanadi;
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga BHMning 8 baravarigacha miqdorda urug‘lik va ko‘chatlar sotib olish uchun subsidiya ajratishga;
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyati hamda o‘zini o‘zi band qilish maqsadida noturar joyning 12 oygacha ijara xarajatlarini ko‘pi bilan bir yilda BHMning 25 baravarigacha miqdorda qoplashga;
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun BHMning 40 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratishga;
mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlarining to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, ammo BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lab berishga;
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning ahvoli og‘ir bo‘lgan bemor farzandlariga mamlakatda yoki xorijiy davlatlarda davolanish bilan bog‘liq xarajatlarni BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda qoplashga;
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga, jumladan, yosh oilalarga turar joy ijarasi kompensatsiyasiga;
psixologik maslahatga muhtoj yoshlarga ixtisoslashgan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan pullik psixologik xizmat ko‘rsatilishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga;
yoshlarning ehtiyojlari va xohish-istaklarini o‘rganish natijalari bo‘yicha ularning iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlash, besh muhim tashabbusni ro‘yobga chiqarish va uning doirasidagi tadbirlarni moliyalashtirishga;
qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan boshqa xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladi.
6. “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lar 5-bandda nazarda tutilmagan maqsadlarga yo‘naltirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
7. Tuman (shahar) hokimliklari tomonidan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni daftardan chiqarish uchun bajariladigan ishlarning moliyaviy manbalarini aniq ko‘rsatilgan
hamda sektorlar rahbarlari, tegishli idoralar va tashkilotlar bilan kelishilgan manzilli ro‘yxatlari shakllantiriladi.
8. “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish, boshqarish va ulardan foydalanish maqsadida ushbu nizomga ilovaga muvofiq manfaatdor muassasalar rahbarlari va jamoatchilik vakillaridan iborat tarkibda Vasiylik kengashi tuziladi.
Tuman (shahar) hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — Vasiylik kengashi raisi, tuman (shahar) hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari — Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limi boshlig‘i — Vasiylik kengashi mas’ul kotibi hisoblanadi;
Vasiylik kengashi tarkibi tuman (shahar) hokimi tomonidan tasdiqlanadi.
Vasiylik kengashi raisi va a’zolari “Yoshlar daftari” jamg‘armasini boshqarish bo‘yicha faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
Vasiylik kengashi raisi “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘larini boshqaruvchi hisoblanadi.
9. “Yoshlar daftari” jamg‘armasining ishchi organi — Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limi hisoblanadi.
10. “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va sarflash Vasiylik kengashi qarori asosida amalga oshiriladi.
Vasiylik kengashi yig‘ilishlari kengash raisi, “Yoshlar daftari” jamg‘armasi ishchi organi tashabbusiga ko‘ra hamda zaruratga ko‘ra, ammo bir oyda kamida bir marta o‘tkaziladi.
11. Vasiylik kengashi raisi Vasiylik kengashi yig‘ilishlariga raislik qiladi.
12. Vasiylik kengashlari qarorlari Vasiylik kengashlari yig‘ilishi bayoni bilan rasmiylashtiriladi.
13. Vasiylik kengashi:
“Yoshlar daftari” jamg‘armasiga umumiy rahbarlik qiladi va uning faoliyatini nazorat qiladi;
“Yoshlar daftari” jamg‘armasining daromad va xarajatlari yillik parametrlarini, ularning ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotlarni, shuningdek, “Yoshlar daftari” jamg‘armasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi to‘g‘risidagi
hisobotlarni tasdiqlaydi;
“Yoshlar daftari” jamg‘armasining yillik ish rejasi va dasturlarini tasdiqlaydi;
“Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanishda shaffoflikni ta’minlaydi;
“Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan alohida tadbirlarni moliyalashtirish tartibini belgilaydi;
“Yoshlar daftari” jamg‘armasiga homiylik xayriyalari, shuningdek, xorijiy donorlarning texnik ko‘mak mablag‘lari va grantlarini jalb qilishga ko‘maklashadi;
“Yoshlar daftari” jamg‘armasiga yuklatilgan vazifalarni kengash a’zolari o‘rtasida taqsimlaydi;
“Yoshlar daftari” jamg‘armasi faoliyatiga taalluqli masalalarni ko‘rib chiqadi va ular bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;
“Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi;
“Yoshlar daftari” jamg‘armasi faoliyatiga aloqador boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi va ular bo‘yicha qarorlar qabul qiladi.
14. “Yoshlar daftari” jamg‘armasining ishchi organi:
“Yoshlar daftari” jamg‘armasining yillik ish rejasi va dasturlarini ishlab chiqadi;
Vasiylik kengashi yig‘ilishlari kun tartibiga kiritiladigan
masalalarni tayyorlaydi, yig‘ilish bayonnomasini yuritadi va rasmiylashtiradi;
Vasiylik kengashi a’zolariga Vasiylik kengashi yig‘ilishi vaqti va o‘tkaziladigan joyi to‘g‘risida xabar beradi;
davlat tomonidan berilgan ijtimoiy ko‘mak va moddiy yordam to‘g‘risida ma’lumotlarni “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning yakka tartibdagi anketasiga qayd etib boradi;
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning murojaatlari bilan ishlaydi va ko‘rib chiqish uchun Vasiylik kengashiga taqdim etadi;
Vasiylik kengashi tomonidan qabul qilingan qaror to‘g‘risida murojaatchiga xabar yuboradi;
Vasiylik kengashi qarori bilan Ishchi organga qo‘shimcha vazifalar yuklatilishi mumkin.
4-bob. “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha hisob va hisobot
15. “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha hisob va hisobotlar tuman (shahar) hokimliklari hisobot bo‘limlari tomonidan yuritiladi.
16. Tuman (shahar) moliya organlari tomonidan budjet ijrosi hisobotini shakllantirish davrida “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisoboti ham qabul qilinadi.
17. Vasiylik kengashi raisi har chorakda “Yoshlar daftari” jamg‘armasi daromadlari va xarajatlari ijrosi to‘g‘risida xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga hisobot beradi.
18. “Yoshlar daftari” jamg‘armasining joriy yilda foydalanilmay qolgan mablag‘lari keyingi yilga o‘tadi va tuman (shahar) mahalliy budjetiga olib qo‘yilmaydi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamentining hududiy boshqarmalari mazkur Nizom doirasida shahar va tumanlarda amalga oshiriladigan ishlar uchun ajratilgan mablag‘lar samarali va maqsadli ishlatilishi ustidan nazorat o‘rnatadi.
20. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11-martdagi 132-son qaroriga
2-ILOVA
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi
Vasiylik kengashining
NAMUNAVIY TARKIBI*