[
OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.11.00 Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollari. Moddiy balanslar;
2.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.12.00 Hududlarni rivojlantirish]
[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Umumiy masalalar]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2020-2021-yillarda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini hamda ijtimoiy soha obyektlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash orqali tuman aholisiga qulay sharoitlar yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2020-2021-yillarda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari dasturi (keyingi o‘rinlarda ― Dastur):
2020-2021-yillarda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar 1-ilovaga;
2020-2021-yillarda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati 2-ilovaga;
2020-2021-yillarda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish va qayta tayyorlash parametrlari 3-ilovaga;
2020-2021-yillarda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida yo‘l-kommunikatsiya tizimi va ijtimoiy sohani yaxshilash chora-tadbirlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Sirdaryo viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda:
Dastur parametrlarining bajarilishini ta’minlash bo‘yicha davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari faoliyatini muvofiqlashtirsin va monitoring qilib borsin;
Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini tahlil qilsin;
Dastur bajarilishining monitoringi asosida muammoli masalalarni har oyda tizimli ravishda ko‘rib chiqib, ularni hal etish yuzasidan tezkor amaliy choralar ko‘rsin;
zarurat bo‘lganda, belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda, loyiha hujjatlari mavjud bo‘lgan taqdirda Dasturga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Sirdaryo viloyati hokimligining:
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida uy-joyga muhtoj bo‘lgan oilalarni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida “Boyovut paxta tozalash” AJning ijtimoiy soha obyekti bo‘lgan va hozirda bo‘sh turgan “Oshxona va sauna” binosini;
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi “Bekat” MFYda joylashgan “Qishloq qurilish invest” IKning bo‘sh turgan idora binosi va yer maydonini ularning ustav fondidagi davlat ulushini mos ravishda kamaytirish hisobiga Boyovut tumani hokimligiga berish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
4. “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi Sirdaryo viloyati hokimligi, “Boyovut texno cluster” paxtachilik klasteri bilan birgalikda 2020-yil oxiriga qadar 700 ish o‘ringa mo‘ljallangan paxta tolasini qayta ishlash va keyinchalik undan yuqori sifatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘z ichiga oluvchi majmuani tashkil etsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan birgalikda bir oy muddatda Boyovut tumanida tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida qo‘shimcha ravishda har birining qiymati 5 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan 5 ta yirik loyihani amalga oshirish bo‘yicha dastur loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Sirdaryo viloyati Boyovut tumani hokimligi ikki oy muddatda hududda savdo-ko‘ngilochar maskani qurish bo‘yicha loyiha tashabbuskorini aniqlab, uni amalga oshirish choralarini ko‘rsin.
7. Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani hududida shaharsozlik hujjatlariga asosan buziladigan turar va noturar joylar uchun kompensatsiya pullari Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarning olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha respublika jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratilishi belgilab qo‘yilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Boyovut tumani hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda har bir mahallada dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan aholi ro‘yxatini shakllantirsin.
Bunda aholiga qulay joylashgan, lekin foydalanishdan chiqqan yerlarni har bir talabgor va ekin turi kesimida taqsimlab, ularni kooperatsiyalarga biriktirish nazarda tutilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Sirdaryo viloyati hokimligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan markazlashtirilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarini kelgusi yillar uchun O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda inobatga olsin.
10. Sirdaryo viloyati hokimligi Dasturdagi tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi bo‘yicha loyiha tashabbuskorlari faoliyatining natijadorligini viloyat va tuman faollari yig‘ilishlarida muhokama qilsin hamda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borilishini ta’minlasin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari ― iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda Sirdaryo viloyati hokimi G‘.G‘. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 20-iyun,
395-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-iyundagi 395-son qaroriga
1-ILOVA
2020-2021-yillarda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan amalga oshiriladigan
ChORA-TADBIRLAR