konsepsiyasi
Davlat ijtimoiy siyosatining tarkibiy qismi hisoblangan oila siyosati aholi bandligini va real daromadlarini izchil oshirib borishga, fuqarolar farovonligini oshirishga, ijtimoiy muhofaza qilish va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan.
Davlat organlarining, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligi tizimining aniq ishlashi, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar va davlat dasturlarini so‘zsiz amalga oshirish, shuningdek, oila institutini mustahkamlash sohasidagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va samarali hal qilish ushbu maqsadlarga erishishning muhim sharti hisoblanadi.
Shu bilan birga, oila instituti hozirgi holatining tahlili mazkur sohadagi islohotlarni to‘laqonli amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan qator muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Xususan:
tegishli idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda monitoring qilishning ta’sirchan tizimi mavjud emas, oilani rivojlantirish masalalari bo‘yicha davlat, fuqarolik jamiyati institutlari va xususiy sektor hamkorligi past darajada;
oila institutini mustahkamlash sohasidagi ilmiy tadqiqotlar ixtisosligi tor, hozirgi hayot voqeligidan uzilib qolgan, ilmiy tadqiqotlar natijalari amaliyotga sust joriy etilmoqda;
oilaning demografik rivojlanishida o‘zgarishlar yuz bermoqda, oila ajralishlari soni o‘smoqda, mazkur sohada salbiy tendensiyalar va muammolar sabablarini asoslovchi tadqiqotlar yetishmayapti;
oilada, ta’lim muassasalarida madaniy-tarixiy meros salohiyatidan sust foydalanilmoqda, milliy mentalityetimizga yot bo‘lgan g‘oya va qarashlar ta’sirining oldini olish borasidagi ishlar samarasiz;
oila institutini mustahkamlashning qonunchilik asoslari mukammal emas, huquqni qo‘llash amaliyotini va ilg‘or xorij amaliyotini o‘rganish asosida oilani himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash sohasida mustahkam huquqiy asos mavjud emas;
mutaxassislar yetishmaydi va kadrlar malakasi past darajada, ta’lim tizimida mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni prognozlashtirish mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagan, oila institutini mustahkamlash va rivojlantirish bo‘yicha o‘quv dasturlari mukammal emas.
Oila institutini qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash sohasidagi mavjud kamchiliklar joylarda yig‘ilib qolgan muammolarni hal etish, mazkur sohada kutilayotgan ijobiy natijalarga erishish imkonini bermayapti.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini (keyingi o‘rinlarda Konsepsiya deb yuritiladi) muvaffaqiyatli amalga oshirish orqali, birinchi navbatda, “Farovon oila — jamiyat ravnaqining asosi” konseptual g‘oyani hayotga tatbiq etishga qaratilgan yangi oila modelini shakllantirishning alohida mohiyatini hisobga olgan holda, davlat siyosatining quyidagi ustuvor vazifalari va asosiy yo‘nalishlari nazarda tutilmoqda:
I. Oila institutini mustahkamlashning institutsional va huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish
1. Normativ-huquqiy hujjatlar normalarini ularning oila institutini mustahkamlash hamda rivojlantirishga ta’siri nuqtai nazaridan baholash.
2. Huquqni qo‘llash amaliyotini, tadqiqotlar natijalarini hamda rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish asosida oilani himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash sohasida mustahkam huquqiy asosni yaratish.
3. Ko‘p bolali oilalarga va ijtimoiy-maishiy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarga imtiyozli kreditlar (ipoteka, iste’mol va boshqa) berishni va yer maydonlarini taqdim etishni nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish.
4. Oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini ifodalovchi hamda ularning hayoti va faoliyatining asosiy tendensiyalarini aks ettiruvchi statistika ko‘rsatkichlari tizimini takomillashtirish.
5. Tadqiqotlarni moliyalashtirishning moslashuvchan tizimini joriy etish, shu jumladan, oila institutini mustahkamlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun grantlar ajratish, olib borilayotgan tadqiqotlarning oilalar real ehtiyojlari bilan o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash.
6. Oilani mustahkamlash va rivojlantirish masalalari bo‘yicha idoralararo hamkorlikni hamda davlat, fuqarolik jamiyati institutlari va xususiy sektorning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish.
II. Zamonaviy oilani mustahkamlash va rivojlantirish masalalari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish
1. An’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlab qolgan holda zamonaviy oila modelini shakllantirish uchun tarixiy-madaniy shart-sharoitlarni kompleks tadqiq etish, ularni keng targ‘ib qilish va hayotga joriy etish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish.
2. Huquqbuzarliklar, jinoyatchilik, oiladagi mojaro va zo‘ravonliklar, oilalar ajrashishi hamda ularning ijtimoiy oqibatlarini kompleks tadqiq etish asosida ularning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish.
3. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va Internet tarmog‘ining oila mustahkamligiga va rivojiga ta’sirini o‘rganish, oilaviy turmush tarzi qadriyatlarini oshirishni targ‘ib qilishda, oilalardagi salbiy ijtimoiy holatlarni profilaktika qilishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.
4. Muqobil oilaviy vasiylikni tanlash, qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish (bola asrab oluvchi ota-onalarni topish va tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, farzand asrab olgan oilalarni professional qo‘llab-quvvatlash va vasiylik sifatini monitoring qilish tizimini yaratish) hamda xorij amaliyotini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
5. Xayriya faoliyati holatini o‘rganish, tadbirkorlik subyektlari va jismoniy shaxslarni og‘ir turmush sharoitida qolgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga rag‘batlantirishni nazarda tutadigan amaliy tavsiyalar ishlab chiqish.
6. Oilaviy muammolar bo‘yicha magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari mavzulari doirasini kengaytirish hamda chuqurlashtirish, jahon ilm-fanida mahalliy ishlanmalarning raqobatdoshligini oshirish.
7. Xalqaro standartlarga javob beradigan ilmiy jurnal ta’sis etish, mahalliy va xorijiy olimlarning oilani mustahkamlash masalalariga doir nashrlarini ko‘paytirish.
III. Demografik rivojlanishni rag‘batlantirish va oila farovonligi darajasini oshirish
1. Oilaning reproduktiv salomatligiga va demografik rivojlanishiga doir masalalarni, oilalarning farovonlik va xotirjamlik darajasini kompleks tadqiq etish hamda muammolarni omilli asosda tahlil qilish.
2. Nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tish tizimini takomillashtirish, erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning, tug‘ma nuqsonlar bilan bolalar tug‘ilishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish.
3. Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha yagona yondashuvni ishlab chiqish va o‘quv dasturlarini tizimlashtirish, oilaning oqilona reproduktiv axloqini va oilani rejalashtirishni shakllantirish, sog‘lom turmush tarzi va ovqatlanish madaniyatini targ‘ib qilish.
4. Oilani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, shu jumladan, voyaga yetmagan farzandlarni, nogironligi bo‘lgan farzandlarni tarbiyalayotgan ota-onalarni, shuningdek, yolg‘iz va ko‘p bolali ota-onalarni ishga joylashtirishda ko‘maklashish.
5. Oila a’zolarini tadbirkorlik asoslariga o‘qitish, oilaviy tadbirkorlikni, kasanachilikni, hunarmandchilikni, yordamchi xo‘jaliklarni rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish. Voyaga yetmagan farzandlarni, nogironligi bo‘lgan farzandlarni tarbiyalayotgan yolg‘iz va ko‘p bolali ota-onalarga o‘zlariga tegishli yer uchastkalaridan samarali foydalanishida ko‘maklashish.
IV. Oilaning tarbiyaviy-ta’lim salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash
1. Yosh avlodda ma’naviy-axloqiy, odob qadriyatlarni va ota-onaga hamda katta yoshdagi insonlarga hurmatni shakllantirish, oilaning tarbiyaviy va madaniy-ilmiy salohiyatini oshirish.
2. Oilaning birdamligini mustahkamlashga, oilada avlodlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqani saqlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan oilaviy an’analarni rivojlantirish.
3. Ota-onalari yoki vasiylari fuqarolik, ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilgan voyaga yetmagan bolalarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish, ruhiy qo‘llab-quvvatlash tizim va mexanizmlari samaradorligini oshirish.
4. Oilalarda ichki oilaviy va shaxsiy munosabatlarni, xususan ota-ona va farzandlar, er va xotin, qaynona va kelin o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash, oilada mojaroli va og‘ir turmush sharoitini amaliy hal qilish mexanizmlarini joriy etish.
5. Oilaviy notinchlik, bolalarning nazoratsizligi va qarovsizligi, shuningdek, bolalar orasidagi huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olishga doir samarali mexanizmlarni joriy qilish.
6. O‘smirlar, yoshlar, yosh ota-onalar bilan ularning bilim darajasini oshirish va ibratli ota-onalik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha ishlarning samaradorligini oshirish.
V. Oilalarga ta’sirchan metodik, konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatishning samarali tizimini yaratish
1. Demografiya, sotsiologiya, oilaviy psixologiya, ijtimoiy faoliyat bo‘yicha kadrlarni tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish.
2. Fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasi faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish, nizolashish arafasida va nizoli vaziyatda bo‘lgan oilalar bilan ishni tashkil qilishning yangi shakllari va usullarini joriy etish.
3. Oilalarga tadbirkorlik faoliyati asosida ijtimoiy va psixologik yordam berishga qaratilgan xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish.
4. Oilalar bilan ishlaydigan mutaxassislar uchun oilalarga ta’sirchan uslubiy, konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida professional superviziya tizimini ishlab chiqish.
5. Og‘ir turmush sharoitida qolgan shaxslarga mo‘ljallangan ijtimoiy moslashuv markazlari va “Ishonch telefonlari” faoliyatini takomillashtirish.
VI. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar
Konsepsiyaning asosiy yo‘nalishlari ularni demografik, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi davlat siyosatining boshqa yo‘nalishlari bilan muvofiqlashtirish zarurligini hisobga olgan holda belgilandi.
Kutilayotgan natijalar samaradorligi va unga erishish darajasi Konsepsiyada ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning doimiy monitoringi natijalari asosida baholanadi.
Oilani mustahkamlashning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish va O‘zbekistonda yangi oila modelini shakllantirishga qaratilgan quyidagilar mazkur Konsepsiyani amalga oshirish samaradorligining ko‘rsatkichlari bo‘ladi:
farzand tarbiyasida oilaning javobgarligini oshirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, saqlash va rivojlantirish, oila a’zolarining huquqlariga rioya qilish;
oilalarda tinch, do‘stona va ahillik muhitini yaratish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarga aniq mazmun baxsh etish;
oila instituti sohasidagi fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning aniq maqsadga qaratilganligini hamda dolzarbligini ta’minlaydigan tizimni joriy qilish va tadqiqotlar natijalarini amaliyotda qo‘llash;
oilaning reproduktiv salomatligi va demografik rivojlanishini, oilalar farovonligini hamda tinch-totuvligini ta’minlash tizimini rivojlantirish;
oilalarga ta’sirchan, sifatli, uslubiy va konsultativ yordam berish hamda og‘ir turmush sharoitida, ularning oilaviy muammolarini hal qilishda amaliy ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimi samaradorligini oshirish;
amaliy va innovatsion tadqiqotlar natijalari asosida yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash hamda oilalardagi nizolar va ajrashishlarning oldini olish bo‘yicha ta’lim tizimini takomillashtirish;
yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oiladagi nizoli vaziyatlarni hal qilish, ajrashishlarning oldini olish sohasida, shuningdek, oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bilan bog‘liq boshqa masalalar bo‘yicha kadrlar malakasini oshirishning samarali shakllarini joriy etish;
jamiyatda tinchlik va barqarorlikni saqlashda, mustahkam oilalarni shakllantirishda, sog‘lom farzandlar tug‘ilishida, sog‘lom turmush tarziga amal qilishda, bolaning oilada yashash va tarbiya olish huquqini ta’minlashda, barkamol avlodni tarbiyalashda, munosib keksalikni ta’minlashda oilaning o‘rni va rolini oshirish.
Jamiyatda zamonaviy oila modelini hamda “Oila jamiyat va davlat himoyasida” konstitutsiyaviy prinsipini to‘liq ro‘yobga chiqarish oila institutini mustahkamlash sohasidagi islohotlarni samarali amalga oshirishning pirovard natijasiga aylanishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi PQ-3808-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha
Do'stlaringiz bilan baham: |