1. Huquqni sharhlash hujjatlari turli yuridik kuchga va amaliy ahamiyatga, ya’ni turli yuridik xususiyatga ega bo‘lgan huquqiy hujjatlarning murakkab, ko‘p darajali tizimidan iboratdir. Huquqni sharhlash hujjati – muayyan huquqiy normani qay tarzda tushunish va amaliyotda qo‘llashni tushuntirib beruvchi hujjat. Subyektlarga bog‘liq ravishda huquqni sharhlashning ikki turi, ya’ni rasmiy sharhlash va norasmiy sharhlashni alohida farqlash qabul qilingan.
Rasmiy sharhlash vakolatli huquq subyektlari tomonidan amalga oshiriladigan hamda izohlanayotgan norma bilan o‘zaro munosabatlarni tartibga solinadigan barcha huquq subyektlari uchun majburiy xususiyatga ega bo‘lgan huquq normalarini tushuntirishga qaratilgan faoliyatdir. Rasmiy sharhlashning normativ va kazual turlarini ajratib ko‘rsatish mumkin.
Huquq normalarini rasmiy va norasmiy sharhlashning o‘ziga xos xususiyatlarini tahlil qilgan holda huquqni sharhlash hujjatlarini normativ-huquqiy hujjatlardan farqli jihatlari, shuningdek huquqni qo‘llash jarayonidagi o‘rnini tushuntirib o‘ting.
2. Yuridik faktlar xilma-xildir, ular mohiyatan bir necha turlarga bo‘linadi. Yuridik faktlar keltirib chiqaradigan huquqiy oqibatlariga ko‘ra huquqiy munosabatlarni vujudga kelishi, o‘zgarishi va bekor bo‘lishiga asos bo‘ladigan faktlarga bo‘linadi. Ammo ayni bir yuridik hodisa, bir vaqtning o‘zida ham muayyan huquqni yaratuvchi, ham huquqni o‘zgartiruvchi, ham huquqni bekor qiluvchi fakt bo‘lishi mumkin.
Yuridik faktlarning turlarini muhokama qiling va oddiy hamda murakkab yuridik faktlarga O‘zbekiston Respublikasi yuridik amaliyotidan misollar keltirib o‘ting.
3. Huquq normalari o‘z xususiyatiga ko‘ra, faqat davlat organlari yoki shu ishga aloqador bo‘lgan shaxslar tomonidangina emas, balki jamoat tashkilotlari (kasaba uyushmalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqalar) tomonidan ham muayyan sharoitlarda qo‘llanishi mumkin. Huquq normalarini qo‘llash jarayonida ayrim fuqarolar ham faol ishtirok etishlari kerak. Demokratik jamiyatda qonunlarni hayotga tatbiq etishda davlat organlari bilan bir qatorda jamoat tashkilotlarining roli ham kun sayin o‘sib bormoqda. Masalan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa jamoat tashkilotlari o‘z ish faoliyatlarida davlat organlaridan mustaqil holda zimmalariga yuklatilgan funksiyalarni bajarish maqsadida huquqni qo‘llashga oid turli xil vazifalarni amalga oshiradilar.
Shu ma’noda davlat organlari va nodavlat, xususan o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan huquqni qo‘llash jarayoni bosqichlarini tahlil eting.
4. Huquq normasi mazmuni taqozo qilgan huquqni amalga oshirishning to‘rt shaklini farqlash kerakligi ko‘rsatilib, uning asosiy shakli sifatida huquqqa rioya etish keltirib o‘tiladi. Huquqqa rioya etish orqali taqiqlovchi normalar amalga oshirilib, bu shaklning mohiyati taqiqlangan harakatlarni sodir etishdan, ya’ni sust(passiv) holatda o‘zini tiyishdan iboratligi belgilangan.
Quyidagi holatlarda huquqni amalga oshirish shaklini belgilang:
a) Karantin davrida o‘rnatilgan qoidaga asosan niqob taqib yurish;
b) Fuqarolar sudga guvoh sifatida chaqirildi;
c) Sud oqlov hukmini chiqardi;
d) Talabalarning shartnoma asosida Tibbiyot Akademiyasida ta’lim olishi;
e) Prokuror tomonidan jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi.
Huquqni amalga oshirish shakllarini muhokama qiling va ularni amaliy misollarda ifodalab bering.
5. Kazual sharhlash umummajburiy xarakter kasb etmaydigan, balki huquqiy normani aniq hodisa, hayotiy holatga qo‘llash uchun ko‘zlangan rasmiy talqin etishdir. Kazus – hodisa, hayotiy fakt. Kazual sharhlash sud va boshqa huquqni qo‘llovchi organlar tomonidan ko‘rilayotgan va hal qilinayotgan aniq ishlar bo‘yicha tegishli normaga beriladi hamda faqat shu ish uchun majburiy hisoblanadi.
Sudlar har bir fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va boshqa ishlarni ko‘rayotganda tegishli huquqiy normalar bilan ishlarni ko‘rib, hal qilish chog‘ida huquqiy normalarni kazual sharhlaydi. Sudning har bir fuqarolik ishi bo‘yicha chiqargan qarori yoki jinoiy ishlar bo‘yicha chiqargan hukmi asosida huquqiy normani kazual sharhlash yotadi.
Sudlar tomonidan huquqni qo‘llash jarayonidagi kazual sharhining ahamiyatini atroflicha muhokama eting hamda amaliy misollar yordamida kazual sharhning boshqa sharhlardan farqli jihatlarini ko‘rsatib bering.
6. Huquq normalarini sharhlash maqsadi huquq ijodkorligi subyekti nazarda tutgan huquq normasining mazmunini aniqlashdan iborat. Huquq ijodkorligi subyekti o‘z irodasini til vositalarida ifodalaydi. Shuning uchun uning so‘zlar yordamida ifodalangan irodasi har doim ham uning haqiqiy mazmuni bilan mos kelmasligi mumkin. Huquq normasi ma’nosining bir xilligi va to‘la aniqligiga erishish sharhlashning natijasi hisoblanadi. Shunga ko‘ra, hajmiga ko‘ra sharhlashning aynan, kengaytirilgan va cheklangan turlari farqlanadi.
Huquq normalarini aynan, kengaytirilgan va cheklangan sharhlashning afzallik va kamchilik tomonlarini yoritib bering. Misollar asosida muhokama qiling hamda ularning huquqni qo‘llash jarayonidagi rolini ko‘rsatib bering.
7. Ma’lumki, huquqiy munosabat obyekti – bu huquqiy munosabat subyektlarining huquq va majburiyatlari qaratilgan narsalar, ya’ni huquqiy munosabatlar nimaga qaratilgan bo‘lsa, shu narsalar uning obyektini tashkil etadi.
Huquqiy munosabatning obyektiga quyidagilar kiradi: moddiy qadriyatlar, nomoddiy qadriyatlar, ma’naviy ijod mahsullari, huquqiy munosabatlar ishtirokchilarining faoliyati natijalari, qimmatbaho qog‘ozlar va hujjatlar.
Salimjonov Karim ismli kinorejissyor o‘zi yozgan “Chamanbog‘” nomli badiiy filmni suratga olishni tamomladi. Mazkur film hali kinoekranlarga chiqmasdan turib, turli viloyat va shaharlarda videodisklari tarqalib ketdi.
Ushbu holatga huquqiy baho bering. Huquqiy munosabatlarning tarkibiy qismi sifatida huquqiy munosabatning mazmunini tahlil qiling va fikrlaringizni amaliy misollar yordamida asoslang.
8. “Toshkent elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va “Xumson” fermer xo‘jaligi o‘rtasida energiya ta’minoti shartnomasi tuzildi. Shartnoma shartlariga ko‘ra, “Toshkent elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tutashtirilgan tarmoq orqali elektr energiya yetkazib berish, “Xumson” fermer xo‘jaligi esa iste’mol qilingan elektr energiyadan foydalanish hajmi hamda uning uchun haq to‘lashi nazarda tutildi. Fermer xo‘jaligida ishlab chiqarish quvvati ortganligi sababli, ko‘proq elektr energiya iste’mol qilishiga to‘g‘ri keldi va shartnomada belgilangan energiya iste’mol qilish hajmidan ortiq iste’mol qilindi.
Ushbu holatda huquqiy munosabat subyekti, obyekti, subyektiv huquq va yuridik majburiyatni aniqlang hamda fermer xo‘jaligi tomonidan yuridik majburiyatga amal qilinmagan taqdirda, qanday oqibatlar kelib chiqishini bayon eting.
9. Huquq sohalari(tarmoqlari) – ijtimoiy munosabatlarning katta bir yaxlit sohasini tartibga soluvchi huquqiy normalar va huquq institutlari majmuidan iborat huquq tizimning yirik tarkibiy qismi. Yangi O‘zbekistonda mavjud asosiy huquq tarmoqlari va ularning o‘ziga xos jihatlari, predmeti va tartibga solish metodlari, har bir tarmoqning huquq tizimida egallagan o‘ziga xos o‘rni va ularning o‘zaro farqli jihatlarini aniqlash muhim ahamiyatga ega.
Seminar mashg‘uloti davomida Samarov Quvonchbek 2018-yildan buyon mamlakatimizda ma’muriy protsess huquq sohasi sifatida shakllanganligini ta’kidlab o‘tdi. Ammo talaba Nosirov Ahrorbek Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeks anchadan buyon mavjud ekanligini bildirib o‘tdi.
Sizningcha, mamlakatamizda so‘nggi yillarda huquqning qanday sohalari shakllandi? Huquqni institut va sohalarga ajratish mezonlarini ko‘rsatib o‘ting va fikrlaringizni amaliy misollar yordamida asoslab bering.
10. O‘zbekiston Respublikasi milliy huquqiy tizimi jamiyatning jo‘shqin rivojlanayotgan ijtimoiy tizimlaridan biridir. Huquqiy tizimning taraqqiy etganlik darajasi, mamlakatdagi iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy vaziyat bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, aholining siyosiy-huquqiy ongi va madaniyatida namoyon bo‘ladi. Nafaqat huquqshunoslar, balki barcha fuqarolarning huquqiy tizim to‘g‘risida muayyan tasavvurga ega bo‘lishlari insonparvar demokratik huquqiy davlatni barpo etish maqsadlariga erishish uchun nihoyatda muhimdir.
Yangi O‘zbekistonda insonparvar demokratik huquqiy davlatni shakllantirish sharoitida milliy huquqiy tizimni asosiy elementlari va rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatlarini tahlil qiling va fikrlaringizni amaliy misollar bilan asoslantiring.
Do'stlaringiz bilan baham: |