5 - Buxgalteriya hisobini tashkil qilish
Xalq xo‘jaligi rejalarining bajarilishi ustidan nazorat olib borish buxgalteriya hisobining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Bu vazifaning bajarilishi korxonalarda sodir bo‘layotgan xo‘jalik jarayoni va operatsiyalarini o‘z vaqtida, aniq va hujjatga asoslangan holda buxgalteriya hisobida aks ettirish yo‘li bilan ta’minlanadi.Buxgalteriya hisobi xalq xo‘jaligi rejalarini ishlab chiqishi va ularning bajarilishi ustidan nazorat olib boorish uchun korxonalardagi mavjud asbob-uskunalar, ularning quvvati, joylanishi, qay darajada foydalanilayotganligi va ichki manbalari to‘g‘risida ma’lumot berishi kerak. Korxonada ishlab chiqarilgan mahsulot, bajarilgan ish va xizmatlar tannarxini pasaytirish, korxonalarda va ularning ayrim bo‘linmalarida ichki xo‘jalik hisobini keng qo‘llash va mustahkamlash, ishlab chiqarishning samaradorligini oshirish, mehnatning turli shakllarini rivojlantirishga har tomonlama ko‘maklashish ham buxgalteriya hisobining vazifasidir. Buxgalteriya hisobining navbatdagi vazifalaridan yana biri mehnatga haq to‘lashning eng oqilona tizimi va shakllarini qo‘llash yo‘li bilan mehnatning miqdori va sifatiga qarab taqsimlash asosini to‘g‘ri amalga oshirish ustidan nazorat olib borishdir. Hisob ishlarini tashkil qilishda material, yoqilg‘i, energiya va ish haqi xarajatlari me’yorlariga va xo‘jalik xarajatlarining tuzilmasiga qattiq rioya qilinishi ustidan nazorat qilishni ta’minlaydi. Shuningdek, u korxonalarning o‘zlariga, vazirliklarga, jamoa tashkilotlariga va muntazam ravishda davlat rejalarining bajarilishi yuzasidan ma’lumot berish va nazorat o‘rnatish, shuning bilan birga, ularning faoliyatiga amaliy ta’sir qilinishini ta’minlay oladigan zarur ma’lumotlarni yetkazib beradi. Bundan tashqari, buxgalteriya hisobining vazifasiga mulkning to‘liq saqlanishini ta’minlash va undan to‘g‘ri foydalanish, xo‘jalik hisobini joriy qilish va mustahkamlash, shu asosda iqtisod rejimini o‘rnatish ham kiradi. Bunday vazifalarning muvaffaqiyatli bajarilishi va xalq xo‘jaligini boshqarishda keng foydalanish uchun hisob oldiga ayrim talablar qo‘yilgan. Bu talablarga reja ko‘rsatkichlarini hisob ko‘rsatkichlari bilan taqqoslash mumkinligi, ularning aniqligi va to‘g‘riligi, to‘laligi va o‘z vaqtida bajarilishi kabilar kiradi. Reja ko‘rsatkichlarini hisob ko‘rsatkichlari bilan taqqoslash mumkinligi davlat reja topshirig‘ining bajarilishini tekshirishga imkoniyat yaratadi. Chunki bu ma’lumotlar o‘zaro bir xil bo‘lmasa, ularni solishtirish imkoni bo‘lmaydi. Misol uchun: rejadagi tayyor mahsulotni sotish ko‘rsatkichlari (assortimenti, navi, turi, bahosi, miqdori, vaqti va boshqalar) hisobidagi xuddi shu reja ko‘rsatkichlarda bo‘lmasa, farqlarning mohiyati va sabablarini aniqlash mumkin emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |