37 -Buxgalteriya hisoboti to‘g‘risida tushuncha. Hisobot turlari
. Respublikamizda shakllangan mulkchilik bozor iqtisodiyoti talablari asosida rivojlanib bormoqda va har bir mulk egasi o‘z mulkining to‘liqligi, samaradorligini nazorat qilish imkoniga egadir. Mulkchilik shakllarining rivojlanishi buxgalteriya hisobi va hisoboti oldiga yangi-yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Har bir mulk egasi o‘z korxonasining foydali ishlashini, tejamkorlik va tadbirkorlikka intilishni, mulk holatidagi o‘zgarishlarni kuzatib boradi. Mulk egasi boshqa korxona, firmalar bilan o‘zaro hisob-kitoblarni olib borish bilan birga mahsulot ishlab chiqarish, uni sotish kabi muammolarni hal etadi. Mulkdorlik holati uning moliyaviy barqarorligi mulkka bo‘lgan munosabatlarda o‘z ifodasini topadi. Buxgalteriya hisoboti ma’lum vaqt birligida amalga oshirilgan xo‘jalik operatsiyalarini umumlashtirishga qaratilgandir. Buxgalteriya hisobida korxonaga taalluqli bo‘lgan xo‘jalik mablag‘larining joylanishi va tashkil toppish manbalari o‘rganiladi va tegishli mablag‘larga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash imkoni yaratiladi. Hisobot ma’lumotlarining o‘ziga xos xususiyati shundaki, korxona faoliyatining o‘tgan va hozirgi holatini tashkil qilish imkoniyatlari bor. Hisobotni to‘g‘ri iqtisodiy ma’lumotlarga asoslangan holda tuzish tarmoqlar o‘rtasidagi munosabatning bir me’yorda olib borilishini ta’minlaydi. Тuzilgan hisobotda korxona va tashkilotlarning xo‘jalik faoliyati hisobot davri bo‘yicha umumlashtirilgan holda ko‘rsatiladi. Hisobotning yana bir xususiyati shundaki, hisobot ko‘rsatkichlarida faqat topshiriqlarni bajarish ifoda qilinmasdan, korxonaning moliyaviy natijalari, foydasi, resurslardan foydalanish imkoniyatlari ko‘rsatiladi. Hisobot ko‘rsatkichlarini keng ma’noda o‘rganish maqsadida hisobot shakllaridan foydalaniladi. Hisobot shakllari yordamida korxona xo‘jalik faoliyatini chuqur o‘rganish, taqqoslash, tahlil qilish imkoniyatlari yaratiladi. Hisobot shakllari yordamida korxonaning pul mablag‘lari, ulardan foydalanish, moliyaviy holati, debitor va kreditor qarzlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot olinadi. „ Buxgalteriya hisobi va hisoboti to‘g‘risida“ gi nizomga asosan: „ korxona, muassasaning buxgalteriya hisoboti hisobga olish jarayonining yakunlovchi bosqichi“ hisoblanadi. Hisobotda, „ korxona, muassasaning hisobot davridagi mulkiy va moliyaviy holati, xo‘jalik faoliyatining natijalari o‘sib boruvchi yakun bilan aks ettiriladi“ deb belgilanadi. Buxgalteriya hisobining namunaviy shakllari va ularning o‘rnini to‘ldirish bo‘yicha yo‘riqnomalar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan „ Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida“ gi Qonunning 16-moddasida, korxona va tashkilotlar choraklik, yillik hisobot beradilar, deb ko‘rsatilgan. Hisobotni tuzish tartibi, qo‘llaniladigan shakllar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2002- yil 7- fevraldagi 31-sonli buyrug‘ida moliyaviy hisobot shakllarini to‘ldirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Belgilangan ko‘rsatmaga asosan moliyaviy hisobotlarni O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga binoan yuridik shaxs hisoblangan, barcha mulkchilik shaklidagi korxona va tashkilotlar (xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar, auditorlik tashkilotlari, sug‘urta tashkilotlari va banklar bundan mustasno), shuningdek, mustaqil balans va hisob-kitob schotiga ega bo‘lgan soliq qonunchiligiga muvofiq soliq to‘lovchilar hisoblangan alohida bo‘linmalar taqdim etadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |