Bog'liq 1. Hisob to‘g‘risida tushuncha, uning turlari
38- Buxgalteriya hisoboti va unga qo‘yiladigan talablar Har bir xo‘jalik yurituvchi subyekt hisobot davrida o‘z mablag‘lari holatini aniqlab, mablag‘ga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganib borish va ularni shakllantirish uchun choratadbirlarni ishlab chiqadi. Buxgalteriya hisoboti yordamida tashkilotlarning (mulk shaklidan qat’i nazar) mablag‘lari ma’lum bir sanaga aniqlanib chiqiladi. Hisobotda aks ettiriladigan ma’lumotlar buxgalteriya hisobi yozuvlarida aks ettirilgan bo‘lishi kerak, chunki buxgalteriya hisobotidagi ko‘rsatkichlar, asosan, tegishli schotlardan olinadi. Buxgalteriya hisobotini tuzish uchun iqtisodiy ma’lumotlarni tayyorlash murakkab jarayon hisoblanib, bu jarayon o‘z ichiga rejalashtirilgan ma’lumotlarni ham oladi. Har bir hisobot davri ma’lumotlari asos uchun olinib, tegishli hisobot shakllarida o‘z ifodasini topadi. Hisobotlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri, unda respublikada qabul qilingan qarorlarning bajarilishini aks ettirishidir. O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan „Buxgalteriya hisobi va hisoboti to‘g‘risida“gi Nizomga asosan „ Yuridik shaxs hisoblangan korxona, muassasa mulk va uning tashkil etilish manbalarini (alohida balansda bo‘lgan xo‘jalik, ishlab chiqarish filiali, vakolatxona, bo‘lim va boshqa alohida bo‘linmalar mulkini ham qo‘shgan holda) aks ettiruvchi buxgalteriya hisobotini tuzadi“ . Nizomda buxgalteriya hisobotini belgilangan muddatlarda tuzish, topshirishni ta’minlashga alohida e’tibor berilgan. Buxgalteriya hisobotining aniq bo‘lishi sintetik va analitik hisob ko‘rsatkichlarining o‘zaro bog‘liqligiga, tovar-moddiy boyliklarining to‘liqligiga bog‘liqdir. Buxgalteriya hisobotini tuzish uchun birinchi navbatda har bir sintetik schotlarning oylik ma’lumotlari (yozuvlari) to‘liq hisoblanib chiqilgan bo‘lishi shart. Ikkinchidan, tovar-moddiy boyliklar inventarizatsiya qilinib, natijalar aniqlangan bo‘lib, tegishli schotlarda aks ettirilgan bo‘lishi kerak. Uchinchidan, ayrim tegishli hisob-kitoblar bilan aniqlanadigan ma’lumotlar buxgalteriya xodimlari tomonidan oxiriga yetkazilgan bo‘lishi kerak. Misol uchun: asosiy vositalarga eskirish, hisoblash bevosita buxgalteriya xodimlari tomonidan hisob-kitob qilingan holda davlat tomonidan belgilangan eskirish me’yoriga asosan aniqlanib, tegishli schotlarda ko‘rsatiladi. Demak, buxgalteriya hisobotida ma’lumotlarni yig‘ish, ularni hisob-kitob qilish, buxgalteriya xodimlaridan yuqori malakani talab qiladi. Hisobotni tuzish uchun tayyorgarlik ishlari ilk bosqichida moddiy javobgar shaxs hisobotlarining to‘g‘riligi tekshiriladi va bu haqda buxgalteriya xodimi tovar hisobotlariga ularning tekshirilganligi, to‘g‘riligini tasdiqlab o‘z imzosini qo‘yadi. Hisobotning to‘g‘ri, sifatli bo‘lishi bevosita hujjatlar aylanishini bir me’yorda tashkil qilishiga bog‘liqdir. Ikkinchi bosqich, hisobot davri bo‘yicha xo‘jalik operatsiyalariga berilgan buxgalteriya yozuvlarini tegishli jurnal-order bo‘yicha hisobot davrining oxiriga bo‘lgan qoldiqlarini aniqlash ularda ko‘rsatilgan summalar miqdori, turlari bo‘yicha bir-biriga tegishliligini ta’minlab berishning bajarilishi kiradi. Uchinchi bosqichda amalga oshirilgan xo‘jalik operatsiyalarini tasdiqlovchi jurnal-orderlarga asosan sintetik va analitik schotlar bo‘yicha aylanma (oborot) vedomostlarni tuzish ishlari bajariladi. Aylanma vedomostlar sintetik va analitik schotlar bo‘yicha alohida-alohida tuziladi, chunki sintetik schot bo‘yicha tuzilgan aylanma vedomostda mablag‘lar holati son, sifat va turlari bo‘yicha natura va pul o‘lchov birliklarida ko‘rsatiladi va sintetik schotda aks ettirilgan mablag‘larning to‘g‘riligi tasdiqlanadi. Aylanma vedomostlar tuzilib, ularning to‘g‘riligi aniqlangandan keyin hisobotni tuzish, tegishli hisobot shakllarini to‘ldirish uchun asos yaratiladi. Hisobot turi bo‘yicha tegishli hisobot shakllarini to‘ldirish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangandir. Buxgalteriya hisobotini to‘g‘ri tuzishni ta’minlash, ularda ko‘rsatilgan ma’lumotlarning ishonchli bo‘lishi uchun tashkilot bosh buxgalteri javobgar bo‘lib hisoblanadi. Тuzilgan buxgalteriya hisobotiga balans moddalari bo‘yicha tegishli ilovalar qilinadi.